"O‘zbekistonning yuzini ko‘rsatishimiz kerak" - terma jamoamiz himoyachisi Gruziyaning arablardan ajralib turadigan jihatini aytdi

  • 11 noyabr, 2021, 08:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotganidan xabardorsiz. 15 noyabr kuni Tbilisida Gruziya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Shu sababdan Srechko Katanets bor e’tiborini bo‘lajak bahsga qaratgan. Vakillarimiz safarga 12 noyabr kuni jo‘nab ketadilar.

Tecno

Yig‘inga taklif qilingan futbolchilar orasida Davron Hoshimov ham bor. “Navbahor”da to‘p surayotgan himoyachi o‘z o‘yinlari bilan Katanetsning e’tiborini tortdi. Boz ustiga murabbiy himoyada muammolar borligini aytdi. Shu bois tajribali o‘yinchilarni jalb qilyapti. Chunki Hoshimov ham ilgari milliy terma jamoada to‘p surganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Yana bir qiziq tomoni shundaki, vakillarimiz Gruziyaga qarshi ilk bor 2017 yili to‘qnash kelgan. Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvida 2:2 hisobi qayd etilgan. O‘sha tarkibda o‘ynaganlardan hozirgi jamoada Davron Hoshimov ham bor.  

- Gruziya terma jamoasi arablarga qaraganda ko‘proq agressiv futbol o‘ynashadi, - deya gap boshladi, Hoshimov. - Ularning tarkibi jangovar o‘yinchilardan iborat. Individual jihatdan futbolchilari ko‘p bo‘lmasa-da, yaxlit jamoa sifatida shijoatli, kurashuvchan. Arablardan shu tomonlama ham ajralib turadi. O‘ylashimcha, Gruziya bilan jangovar o‘yin bo‘ladi. Yakka kurashlarda ham hech kim yutqazgisi kelmaydi. Agar ular raqibning qo‘rquvini sezib qolsa, shunga qarab “bosib” kelaveradi. Maydonning har bir qarich eri uchun raqib bilan kurashish kerak. Chunki ular shunaqa jamoa. Gruziya mana shunday tomonlari bilan ajralib turadi.

davron3_1

- 15 noyabr kuni garchi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, buning mas’uliyati qanchalik deb o‘ylaysiz?

- Yig‘indan shuni tushundimki, Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko‘rilyapti, iqtidorli yoshlarni jalb qilib keyingi jahon chempionatiga puxta hozirlik ko‘rish ham muhim sanaladi. Mana shunday o‘yinlar orqali yigitlarning ruhini ko‘tarish va oldimizdagi muhim musobaqalarga tayyorlanish uchun ushbu yig‘inlar juda kerak. Har bir mashg‘ulotimizda Gruziya bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rib boryapmiz. Murabbiy doim bizni shijoatli bo‘lishimizni, bor kuch bilan harakat qilishimizni, o‘yinda qanday to‘p sursak, mashg‘ulotlarda ham shunday bo‘lishimizni uqtiryapti. Bizning jamoamizga o‘rtoqlik uchrashuvi katta foyda beradi deb o‘ylayman. Boz ustiga Gruziya Evropa vakili sanaladi. Bu yaxshi saviyadagi o‘yin bo‘ladi deb o‘ylayman.

davron_1

- Bu sizning Katanets boshchiligidagi dastlabki yig‘iningizga aylandi. Terma jamoadan chaqiruvni kutayotganmidingiz yoki barchasi siz uchun to‘satdan yuz berdimi?

- Chempionat davomida ham klub safida har bir uchrashuvda 90 daqiqadan harakat qilib kelyapman. Baribir meni ham chaqiradi, degan umidim bor edi. Ayniqsa, menga yana bir bor imkoniyat berilsa yaxshi bo‘lardi, o‘zbek murabbiylari meni biladi, bu esa xorijlik. Ungacha Kuper qo‘l ostida ham o‘ynaganman. Srechko Katanets ham meni jamoada sinab, imkon bersa bundan foydalanaman, degan umidida edim. Mana shunday imkoniyat berilayotganidan xursandman. O‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Meni termaga chaqirib qolishar deya birorta mashg‘ulot yoki o‘yinni o‘tkazib yubormasdan o‘z ustimda ishlab, maksimal sport formasida bo‘lishga harakat qildim.

davron2_1

- Gruziya bilan uchrashuvdagi natija biz uchun ustivor vazifaga aylanishi kerakmi yoki bu ahamiyatsizmi?

- Albatta, natija ham muhim. Axir bu o‘smirlar yoki yoshlar jamoasi emas, balki O‘zbekistonning bosh jamoasi o‘ynaydi. Biz O‘zbekistonning yuzini ko‘rsatishimiz kerak. Gruzinlarning biz haqimizdagi fikrlashi va qanchalik hurmat qilishlariga sazovor bo‘lamiz. Ikki millat o‘rtasidagi o‘yinning ahamiyati katta. Jangovar o‘yin bo‘ladi. Muxlislarimiz oldida oldingi mag‘lubiyatli o‘yinlarni oqlab, reytingda ham yuqorilab olamiz degan umiddaman.

- Katanets himoyada muammolar borligini ochiq aytyapti. Sizni yig‘inga chaqirgani ham bejiz emas. Katanetsning gapiga munosabatingiz qanday? Sizga ham himoyadagi muammolar yaqqol ko‘rinyaptimi?

- Iordaniya bilan o‘yindagi mag‘lubiyatni tahlil qilib chiqdik. Yomon harakat qilishmagan. Faqat biroz ayrim epizodlarda kech qolishgan yoki noto‘g‘ri pozitsiyada bo‘lishgan. Shuning hisobiga uchta gol o‘tkazib yuborilgan. Endi bunday xatolarni takrorlamaslik uchun ko‘rsatmalar berilyapti. Himoyachilar, hujumchilar, yarim himoyachilar bilan alohida ishlashyapti. Mashg‘ulotlarda xatolarimiz ko‘rsatib berilyapti va nimaning ustida ko‘proq ishlashimizni aytyapti. Biz hujumga kamroq borsak ham himoyada mustahkam o‘ynashga harakat qilamiz. Bizga ham imkon berishsa, qo‘ldan kelganicha ishonchni oqlashga harakat qilamiz.   

davron4

- Terma jamoada futbolchilarning kayfiyati va muhit qanday?

- Ichki muhit a’lo darajada. Hamma mehmonxonada yotadi, hech kimga javob berilmaydi. Bosh murabbiy aytganidek, jamoa qancha ko‘p birga bo‘lsa, shunda yaxshi shakllanadi. Yulduz o‘yinchilar bo‘lsa-da, ammo jamoaviy o‘yin bo‘lmasa unda natija bo‘lishi qiyin. Shu bois murabbiylar jamoaviylikka katta ahamiyat qaratishyapti. Doston Tursunovda biroz jarohat bor ekan. Mashg‘ulotdan chiqib ketdi. Muhit yaxshi, murabbiy bunga katta e’tibor beryapti. Jamoadagi hamma yigitlarni bilamiz, hech kim begona emas. Hamma bir-birini hurmat qiladi. Masharipov, Shomurodov kabi etakchilarimiz bor va mehmonxonada hammaning munosabati yaxshi. Aka-ukadek munosabatda bo‘lishayotganidan xursand bo‘ldim. Mana shu avlod bilan terma jamoamiz yuqori darajaga chiqa oladi, deb umid qilaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
11/11/2021 08:32
Sani tushushing aniq. unday bulsa uka. kakras san bob. raqib ekan. bos uka gazini.