
O‘zbekiston yutadimi yoki Qozog‘iston? Futbolchilar bahs boyladi!
16 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun saf tortadi.
Qozog‘iston milliy terma jamoasi sardori Asxat Tagibergen ushbu mamlakat premer-ligasida o‘zi bilan birga “Tobol” jamoasi sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev bilan o‘rtoqlik bahsida kim g‘alaba qozonishi bo‘yicha bahs boyladi. Bu haqda Sports.kz nashri xabar tarqatdi.
- Mening jamoadoshim bor – Igor Sergeev, biz u bilan garov o‘ynadik. Ertaga kim yutishini bilib olamiz.
- O‘rtaga nima qo‘yildi, ayta olasizmi?
- Yo‘q, bu shaxsiy ishimiz.
- Igor Sergeev bilan o‘yinni muhokama qildingizmi?
- Biz gaplashib oldik. U “Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha yutsin”, - dedi.
Qozog‘iston futboli o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari va muxlislariga yaxshi tanish. Qo‘shni mamlakat premer-ligasida bu mavsum uch nafar futbolchimiz to‘p tepdi.
Igor Sergeev “Tobol” jamoasi safida chempionat bronza medali bilan taqdirlandi. 29 yoshli hujumchimiz milliy chempionatda 26 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini to‘qqiz marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga ikkita golli pas uzatdi.
Bundan tashqari, tajribali forvard Qozog‘iston kubogida ikkita o‘yinda o‘z hisobiga bir juft gol yozdirib qo‘ydi. Evropa Chempionlar ligasi saralash turnirida ikki marotaba maydonga tushib, “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli musobaqasidagi gollari hisobini ochdi. Shuningdek, Konferentsiyalar ligasida ham ikkita marotaba o‘yin o‘tkazdi.
Igor Sergeevdan tashqari, Shahboz Umarov va Odilbek Abdumajidov Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qildi. Premer-ligada bu jamoa o‘zi ko‘zlagan sovrinli o‘rinlardan quruq qoldi. Lekin shimkentliklar Qozog‘iston kubogida muvaffaqiyatli qatnashib, o‘z tarixida ilk bor ushbu nufuzli sovrinni qo‘lga kiritdi.
Mavsum yarmida Belarusning BATE klubidan ijaraga olingan Shahboz Umarov premer-ligada to‘qqizta o‘yinda uchta, kubok musobaqasida oltita bahsda bitta golli pas uzatdi. Qozog‘iston kubogi sohibi bo‘lgan 23 yoshli hujumkor futbolchimiz ijara muddatini yakunlab, shartnomasi davom etayotgan BATEga qaytib boradi.
21 yoshli markaziy himoyachimiz Odiljon Abdumajidov premer-ligada jami 23 ta bellashuvda qatnashib, ikkita gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. Shuningdek, “Ordabasi”ning g‘alabasi bilan tugagan kubok turnirida olti marotaba maydonga tushdi.
Eslatib o‘tamiz, Igor Sergeev 2013 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Tajribali hujumchimiz hozirgacha 65 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 19 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar