
O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar a’zosi 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq komissiyasining qaroriga ko‘ra, og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Mansur Almurodov (73 kg), Shaxmerdan Kemalov (+109 kg), Hayotbek Zokirov (96 kg), Mahmudbek Yusupov (+109 kg), Hikmatullo Fazliddinov (81 kg), Fozilbek Jumanazarov (96 kg), Xudoyor Meliqo‘zievga (67 kg) 4 yillik diskvalifikatsiya jazosi tayinlandi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.
Yuqorida nomlari keltirilgan sportchilar 2020 yil 15 oktyabr kuni og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati davomida doping-test topshirish uchun tanlangan bo‘lib, ularning doping-sinamalarida S.1 – Anabolik steroid gormonlar guruhiga mansub metandienon, metasteron, testosteron, kanrenon kabi taqiqlangan moddalar aniqlangan.
Sportchilarning diskvalifikatsiya muddati 2021 yil 31 martdan boshlab hisoblanadi va 2025 yil 30 martga qadar davom etadi.
Bundan tashqari, ushbu sportchilarning 2020 yil 15 oktyabrdan boshlab qayd etgan natijalari, qo‘lga kiritgan medallari va reyting ochkolari bekor qilinadi.
Fikrlar