
O‘zbek MMA olami vakillari Volkanovski-Topuriya jangi haqida qanday fikrda? (So‘rovnoma)
Xabaringiz bor, 18 fevralga o‘tar kechasi AQShning Anaxaym shahri “UFC 298” turniriga mezbonlik qiladi. Markaziy jang yarim engil vazn (65,8 kg) toifasida amaldagi chempion Aleks Volkanovski va da’vogar Iliya Topuriya o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Biz an’anaga muvofiq ushbu jang borasida o‘zbek MMA olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Botir Rahmonov – murabbiy, referi
- Umumiy olib aytadigan bo‘lsak, bu jangga ko‘proq Iliya Topuriya tayyorroq deb o‘ylayman. Unda motivatsiya kuchli, qolaversa yosh, g‘alabaga chanqoq. Baribir avlodlar almashinadi. Volkanovski barchasiga erishib bo‘lgan. Nazarimda Iliya Topuriya yangi chempion bo‘ladi.
Zarruh Adashev – MMA jangchisi
- 60/40 Volkanovski g‘alaba qozonadi. 40 foiz Topuriya deyishimga sabab, Volkanovski Maxachevdan uchralgan nokautdan keyin qanchalik o‘zini tiklay oldi, degan savol borda. Agar, unda shu mag‘lubiyat bo‘lmaganda, Topuriyaning g‘alaba qozonish imkoniyati juda ham past bo‘lardi. Volkanovski baribir juda katta tajribaga ega. U har qanday uslubga ega bo‘lgan jangchilarga to‘qnash kelgan. To‘g‘ri, Topuriyaning zarbalari kuchli, boks maktabi zo‘r. Lekin o‘zi ochiq tarzda hujumga o‘tadi va ko‘p zarba qabul qilib oladi. Qolaversa, yaxshi “strayker”lar bilan jang o‘tkazmadi. Bitta Josh Emmetni aytishimiz mumkin. U ham yakkalik zarbalarni yo‘llaydi. Xullas, Volkanovskini zarbalari unga og‘irlik qiladi.
Mirafzal Axtamov – MMA jangchisi
- Bu jangda baribir Aleks Volkanovskini imkoniyati yuqori deb o‘ylayman. Agar, Islom MAxachev va Yair Rodriges bilan jangidagi jismoniy holatga ega bo‘lsa, qiyinchiliksiz mag‘lub etadi. Uzog‘i 3-raundda TKO yoki KO bilan g‘alabaga erishadi. Albatta, bu shahsiy fikrim.
Firdavs Hasanov – MMA jangchisi
- Bu jang juda ham qiziqarli kechishi aniq. Menimcha Volkanovskiga bu safar ham qiyin bo‘ladi. Aleksni yoshi ham ancha katta bo‘lib qoldi. Topuriya esa yosh va kuchga to‘lgan vaqti. O‘ylaymanki, Iliya Topuriyaning davri keldi. U jangda g‘alaba qozonadi.
Muhammadjon Qurbonov – MMA jangchisi
- To‘g‘risi, juda shiddatli jang kechadi. Volkanovski bu safar to‘liq lagerdan o‘tdi. Bu vazn toifasi uniki va u bu divizionda mag‘lub bo‘lmagan. O‘zini juda qulay xis qiladi. Imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim. Albatta, Volkanovski foydasiga!
Doston Bozorov – MMA jangchisi
- Bu jang muddatidan avval yakunlanadi, deb o‘ylamayman. To‘liq 5 raund bo‘ladi. Juda qiziqarli jang! Iliya Topuriya ham yaxshi jangchi. Biroq, baribir Aleksandr Volkanovski boshqa darajadagi jangchi va u ochkolarga ko‘ra g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlarni Volkanovski foydasiga 60/40 degan bo‘lardim.
Javohir Imomov – MMA jangchisi
- Bu jang haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, tajriba va yoshlik to‘qnashuvi bo‘ladi. Volkanovski nokautdan keyin qanchalik o‘zini tiklay olganligini xech kim bilmaydi. Topuriyaga kelsak, u g‘alabaga chanqoq, uning qo‘llari, kurashi, boksi, “futvork”i juda ham yaxshi. Men “favorit” deb Topuriyani bilaman. Volkanovskini tajribasi bor. Biroq, Topuriya yosh va ishtiyoq kuchli. Qolaversa, yaqin masofada zo‘r ishlidi, ayniqsa qo‘llari orqali amalga oshiradigan “kombinatsiya”lari orqali Topuriya ushbu jangni yutib ketadi, deb o‘ylayman. Albatta, bu meni shaxsiy fikrim!
Mavlon Mavlonov – murabbiy
- Bu jangni juda ham kutyapman. Har ikkisini muntazam kuzatib boraman. Ikki tomoshabop jang ko‘rsatuvchi atletlar to‘qnashuvi. Topuriyaning hozircha statistikasi ajoyib. Yoshligi, “teyk-daun”lardan himoyasi, “sabmishen”lar bilan g‘alabasi borasida va mag‘lubiyatsiz odimlayotganligi ham Volkanovskini ortda qoldiradi. Biroq u Volkanovski kabi divizionning kuchli jangchilari Brayan Ortega, Maks Xollouey kabilar bilan to‘qnash kelishga ulgurmagan. Yana bir tomoni Topuriya yaqin masofaga kirishda “lou-kik” va “front-kik”larni juda ko‘p o‘tkazib yuborar ekan. Volkanovskini jangiga e’tibor bersangiz, u “jeb”larni va oldingi kiklarni ko‘p ishlatadi. Shu harakati bilan raqiblarni oldingi oyog‘i harakatlarini qulflaydi, masofadan ishlashlarini sekinlatadi. Barcha statistikalar Topuriya tarafida bo‘lsa ham, yuqoridagilarni inobatga olib, chempionlik janglaridagi tajribasi hisobiga imkoniyatlarni 60/40 Volkanovski foydasiga degan bo‘lardim.
Fikrlar