Angliyaga gol urgan o‘zbek futbolchisi Ispaniyada ko‘rikdan o‘tyapti

  • 21 mart, 2024, 05:11
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston futboli tarbiyalanuvchilari ham sekin-asta Evropaning eng kuchli ligalarini zabt etishga intilmoqda. Yaqingacha Italiyadagi Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlaridagi yagona vakilimiz bo‘lib turgan bo‘lsa, so‘nggi bir yilda uning yoniga yosh o‘yinchilar qo‘shila boshladi.

Tecno

Xususan, 20 yoshli Abduqodir Husanov Frantsiya chempionatining eng iqtidorli himoyachilaridan biri sifatida gavdalandi. Abduqodir qisqa fursatda Liga1 o‘yinlaridan tashqari UEFAning eng nufuzli musobaqalari – Chempionlar ligasi va Evropa Ligasida debyut uchrashuvlarini o‘tkazishga ham urindi.

Qishki transferlar vaqtida “Paxtakor”dan “Brentford”ga ko‘chib o‘tgan Muhammadali O‘rinboev Angliya futbolida o‘z o‘rnini topishga urinmoqda. 17 yoshli futbolchining “Brentford B” tarkibidagi o‘yinlari mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanyapti.

Ijtimoiy tarmoqdagi bir necha manbalar o‘zbek futbolining iqtidorli yana bir tarbiyalanuvchisi – Laziz Mirzaev Ispaniya klubida ko‘rikdan o‘tayotgani haqida  yoza boshladi.

Rossiyalik insayder Ivan Karpov o‘zining telegramm kanalida ma’lum qilishicha, Toshkentning “Lokomotiv” klubiga tegishli 17 yoshli futbolchi Ispaniya Segundasida etakchilik qilayotgan “Leganes” klubida ko‘rikdan o‘tmoqda.

“Leganes” joriy mavsumda Segundada 31 ta uchrashuvda 56 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda va La Ligaga chiqish uchun asosiy da’vogar hisoblanadi.

Hujumkor futbolchi pozitsiyasida to‘p tepadigan Lazizbek Mirzaev O‘zbekiston U17 terma jamoasidagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali xorij klublari skautlari nazariga tushgan.

Ayniqsa, o‘tgan yili noyabr oyida 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida Lazizbek Mirzaevning jarima zarbasidan Angliya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgani ancha shov-shuvlarni keltirib chiqargan edi.

O‘sha supergol futbolchilarimizga Angliya terma jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba keltirib, jahon chempionatining chorak finaliga olib chiqqan.

Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world  portalida Lazizbek Mirzaev yoshlar terma jamoasi safida jami 16 ta uchrashuvda qatnashib, Avstraliya, Rossiya va Angliya terma jamoalari darvozasini ishg‘ol qilgani qayd etilgan.

Lazizbek Mirzaevga Rossiya Premer-ligasining bir necha klublari ham qiziqish bildirib, uning faoliyatida jiddiy tarzda kuzatib borgani haqida ham ma’lumotlar chiqarilgandi. Xususan, “Rostov” klubi  Lazizbek 2024 yilning oktyabrida 18 yoshga to‘lganidan keyin  futbolchi bilan to‘laqonli shartnoma tuzishni rejalashtirilayotgani to‘g‘risida ham ma’lumotlar tarqatilgandi.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, Lazizbek Mirzaev mashhur futbolchi Odil Ahmedov akademiyasidan etishib chiqqan va 2022 yilning yanvarida “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolagan. Uning Toshkent klubi bilan shartnomasi 2025 yilning oxirigacha tuzilgan.

Lazizbek Mirzayovning transfer summasi 2023 yil yakuniga ko‘ra, 50 ming evrodan 200 ming evroga ko‘tarilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Narbayev Dilnurod
20/03/2024 13:55
Yaxwi