O‘z jamoasini o‘zgartirayotgan hujumchilar!

  • 14 iyul, 2023, 18:20
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mazkur yozgi transferlar oynasida ko‘plab hujumchilar o‘z jamoasini o‘zgartishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ular orasida eng ko‘p tilga olinayotgan futbolchi Kilian Mbappe bo‘lib turibdi. Biroq, bu alohida mavzu. Uning kelajagi borasida keyinroq gaplashamiz. Ayni dam "Chelsi", "Manchester Yunayted", "Bavariya", "Yuventus", PSJ va boshqa klublarga straykerlar kerak. Mazkur jamoalarning asosiy maqsadlari ham ma’lum. Ammo hali muzokaralarni oxirigacha etkaza olishgani yo‘q. Misol uchun, Xarri Keynni olaylik. 

Tecno

Xarri Keynning keyingi faoliyati hali hamon dargumonligicha qolmoqda. Unga "Bavariya"dan jiddiy qiziqish bor. Ammo "shporlar" Germaniyadan kelgan ikkita taklifni rad qildi. "Bavariya" angliyalik futbolchi uchun 80 million evro va qo‘shimcha bonuslar to‘lamoqchi. Bu taklifni qabul qilmagan "Tottenxem"ning qancha xohlayotgani haqda ishonchli manbalar yozgani yo‘q. Klub 100 million evro istayotgani borasida mish-mishlar mavjud. Fabritsio Romano esa Tuxel hamon bu transferni amalga oshishiga umid qilayotganini aytdi. Myunxenliklar yana bir bora Keyn uchun "Tottenxem"ga taklif yuboradi. Agarda bu ham rad qilinsa, "Bavariya" boshqa hujumchilar uchun harakatni boshlaydi. Xarriga Germaniya grandidan tashqari, Frantsiyadan ham qiziqish bor. PSJ yangi hujumchi qidirmoqda. Keyn variantlar orasida mavjud, lekin futbolchining o‘zi parijliklar safiga o‘tishdan bosh tortishi mumkin. Uning yagona maqsadi "Bavariya"ga o‘tishdir. Ma’lumot uchun, 30 yoshli hujumchining "Tottenxem" bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilgacha amal qiladi. Agarda klub uni hozir olib qolsa, keyingi yili tekinga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi. 

Image

Dushan Vlaxovich

Vlaxovichning "Yuventus"ni tark etishi tobora aniqlashib bormoqda. Agarda yaxshi taklif kelsa, turinliklar ham uni sotishga rozi. Kurashda asosiy favoritlar "Chelsi" va PSJ bo‘lib turibdi. Frantsiya klubi tez orada "keksa sinora" jamoasiga taklif yuborishi mumkin. Klub ayni dam serbiyalik hujumchi bilan aloqada bo‘lib turibdi. Tomonlar kelishuvga erishishi qiyin emas. Ammo "Chelsi" ham yaqin kunlarda muzokaralarni boshlash niyatida. "Aristokratlar" Nikolas Jekson va Kristofer Nkunkularni o‘z tarkibiga qo‘shib olganidan keyin yana bitta to‘purar sotib olishni reja qilgan. Vlaxovich London klubiga o‘tish ehtimoli pastroq. Sababi, "Chelsi" kelasi mavsumni evrokuboklarsiz o‘tkazadi. Aynan "Yuventus" Chempionlar ligasiga chiqa olmagani uchun Dushan Italiyani tark etmoqda. Biroq, Angliya grandining kelajakdagi rejalari futbolchiga ma’qul kelishi mumkin. Umuman olganda, straykerning o‘zi qaerga o‘tishini hal qilishi kerak. Uning transferi taxminan "Yuventus"ga 80 million evro foyda olib keladi. 

Image

Rasmus Xyoylunn

Xyoylunn ushbu yozda top klubga o‘tishni istaydi. 20 yoshli hujumchi yakuniga etgan mavsumda "Atalanta" tarkibida 42 ta o‘yinda maydonga tushib, 23 ta golda ishtirok etdi. Italiya klubi uning transferidan katta pul ishlab olmoqchi. Futbolchi uchun kurashda "Manchester Yunayted" favorit bo‘lib turibdi. Erik Ten Xag jamoaga bitta to‘purar olib kelishi borasida mish-mishlar avvaldan bor. Oldinroq, Manchester klubi Keynga qiziqish bildirdi, lekin "Tottenxem" uni Premer-liga vakiliga sotish niyati yo‘q. Shundan keyin "Manchester Yunayted" boshqa futbolchilar bilan muzokaralarni boshlashiga to‘g‘ri keldi. Xyoylunn Ten Xag qo‘l ostida to‘p surishga tayyor. Ammo tomonlar kelisha olmayapti. Manchesterliklar daniyalik uchun 85 million funt to‘lamoqchi emas. "Atalanta" esa hujumchini bundan kamiga sotishga rozi bo‘lmayapti. "Manchester Yunayted" muzokaralar jarayonida transferga o‘yinchi qo‘shmoqchi bo‘ldi. Bergamoliklar esa bu taklifni rad qildi. MYu 60 million funtga Meyson Mauntni sotib oldi. Shuningdek, Andre Onananing xaridi 40 million funtga tushishi mumkin. Bu holatni hisobga olgan holda rahbariyat Rasmus transferiga 85 million funt sarflay olmaydi. "The Athletic" nashrining ta’kidlashicha, Angliya klubi kelishuvga erishishga ishonmoqda. 

Image

Joau Felish 

Felish "Atletiko"dan ketish payiga tushgan. Yarim mavsum "Chelsi"da o‘ynab qaytgan portugaliyalik futbolchiga APL yoqib qolgan. Ammo hech qaysi klub uni sotib olish uchun 100 million evro sarflashni istamaydi. "Matraschilar" narxni tushurmas ekan Joau yana qaysidir klubga ijaraga berilishi mumkin. "Marca" nashrining xabar berishicha, Felishga "Aston Villa"dan taklif bor. Yana bir nechta manbalar unga "Manchester Yunayted"dan qiziqishlar bo‘layotganini aytmoqda. Luis Enrike ham 23 yoshli portugalni PSJga olib kelish harakatida. Umuman olganda hali Felishning kelajagi borasida aniq bir ishonchli nashrlardan sado chiqqani yo‘q. "Atletiko" esa 7-raqamni Antuan Grizmannga berib yubordi. Bu Felishni klubdan ketishiga ishora bo‘lishi mumkin. 

Image

O‘z jamoasini o‘zgartirayotgan hujumchilar aslini olganda ko‘proq. Bu erda "Benfika" vakili Gonsalo Ramush ham bo‘lishi kerak edi. Biroq, oldinroq bu haqda yozgan ekanman (Bu erdagi ma’lumotlar eskirmagan). Uning transferidan klubi katta pullar ishlab olish ehtimoli yuqori. Kurashda bir qancha top klublar bor. Bundan tashqari, Viktor Osimxen, Lautaro Martines va Sadio Manelar faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi mumkin.

Suhrob Xolbekov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!