
“Ot izini toy bosar” yoxud ota-bola chempionlar
Xalqimizda “Ot izini toy bosar”, degan naql bor. Bejizga ushbu maqolni keltirib o‘tmadik. Chunki, biz bugun ota va bola sportchilar haqida hikoya qilamiz. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘z vaqtida ajoyib bokschi bo‘lgan, - 57 kg vazn toifasida 6 karra O‘zbekiston chempioni, o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan Yugoslaviya, Chexoslavakiya kabi mamlakatlar va Afg‘onistonda tashkil etilgan nufuzli turnirlarda sovrindorlar qatoridan o‘rin egallagan Nurgali Abduraimov va hozirda O‘zbekiston terma jamoasi safida salmoqli natijalar qayd etib kelayotgan farzandi Elnur haqida so‘z yuritamiz.
1969 yil 3 fevralda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan Nurgali Abduraimov 12 yoshidan boks bilan muntazam shug‘ullangan. Murabbiyi Jalxar Usenov bo‘lgan. Faoliyati mobaynida yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bir necha bor O‘zbekiston chempioni va xalqaro turnirlar sovrindoriga aylanadi. O‘sha vaqtlar Sobiq ittifoq terma jamoasining o‘quv-mashg‘ulotlariga jalb qilingan. Shuningdek, professional boksda ham 5 ta jang o‘tkazib, 3 ta g‘alaba va ikki mag‘lubiyat qayd etgan. Hozirda murabbiy bo‘lib faoliyat yuritmoqda.
Biz Nurgali akaga Elnur haqidagi bir-ikkita umumiy tarzdagi savollar bilan murojaat qildik. U esa, quyidagi tarzda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Elnurning ota izidan borishi sizning qaroringiz edimi?
- Bilasizmi, o‘g‘limni oldiga bokschi bo‘lasan, deb talab qo‘ymaganman. U o‘zi qiziqib, ushbu sport turini tanlagan. Dastlab, karatega borgan. Keyinchalik oldimga kelib, boks bilan shug‘ullana boshlagandi.
- Odatda, murabbiylar o‘ziga xos ruhshunos bo‘ladi. Siz ham farzandingizni ilk mashg‘ulotlarini kuzata turib, kelajakda yaxshi bokschi bo‘la olishini his qilganmisiz?
- Maqtanishga yo‘ymang-u, Elnur bilan ilk marotaba ishlashni boshlaganimdayoq, o‘ziga yarasha salohiyat bor ekanligini sezganman va birdaniga uni tuman musobaqasida sinab ko‘rganman. Qarangki, ishonchni oqlab, u chempion bo‘lgandi. Shukrki, hozirda yaxshi natijalar qayd etib kelmoqda. Albatta, buning davomiy bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolgan bo‘lardim.
- Otasiga munosib farzand bo‘la olyapti... Demoqchimanki, uning natijalaridan qoniqish xosil qilyapsizmi?
- Albatta, uning faoliyatidan ko‘nglim to‘lmayapti, desam yolg‘on gapirgan bo‘laman. Jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempionati g‘olibi va sovrindori, O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Mana Olimpiadaga litsenziya beruvchi turnirda g‘olib bo‘ldi. Nasib qilsa, eng nufuzli musobaqada ham ijobiy natija ko‘rsatishiga umid qilmoqdamiz.
- O‘g‘lingizni yuqori sport formasiga chiqa olishida terma jamoa murabbiylarining ham xissasi bo‘lsa kerak?
- Albatta, ularning mehnatini so‘z bilan ifoda eta olmayman. Marat Qurbonov boshchiligida To‘lqin Qilichev, Rahmatjon Ro‘zioxunov va boshqa murabbiylarning tarbiyasi ostida yuqori darajaga chiqa oldi. O‘z o‘rnida ularga cheksiz minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
Shu erda Nurgali aka bilan suhbatni yakunlab, Elnurni suhbatga tortdik. Albatta, otasidan o‘g‘li haqidagi fikrlariga qiziqqan bo‘lsak, o‘z-o‘zidan ayonki, o‘g‘ildan otasi haqida so‘radik...
- Elnur bokschi bo‘lishingizni otangiz ko‘p ham xohlamagan ekan?
- To‘g‘ri, ba’zan zalga ortidan borsam, meni ketishimni istardi. Lekin qiziqish kuchli bo‘lgan va yaxshi bokschi bo‘la olishimga ishontira olganman.
- Qiziqish qanday paydo bo‘lgandi? Ya’ni, otangiz bokschi bo‘lganligi va o‘sha vaqtda ushbu sport turi bo‘yicha murabbiy sifatida ishlashi tufaylimi?
- Qaysidir ma’noda bu ham asosiy omil bo‘lgan, deb ayta olaman. Asosan, 2006 yil Dohada Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tgan va unda Rustam Saidov, Bahodir Sultonov, Elshod Rasulov chempion bo‘lgandi. Ularga havasim ortib, ayniqsa, Elshod Rasulov kabi bokschi bo‘laman, deya ushbu sport turiga yanada mehrim tushgandi.
- Adashmasam, Konstantin Tszyu kumiringiz edi. Sochingizni ham unga o‘xshatib yurgan vaqtlaringiz ham bo‘lgandi?
- Ha, Tszyu kabi bo‘lishga harakat qilardim. Keyinchalik esa, Elnur Abduraimov bo‘laman, degan qarorga kelganman.
- Mayli mavzudan chalg‘imaylik, siz bilan otangiz haqida suhbatlashish niyatidamiz... Yaxshi sportchining o‘g‘li bo‘lish juda katta mas’uliyat yuklaydi. Aniqroq qilib aytganda, otangga o‘xshamabsan, degan tanqidlar ham uchrab turadi?
- Ha, bunday gap-so‘zlarni ko‘p eshitib turaman. Dadamni janglarini ko‘rganlar, jumladan, terma jamoa bosh murabbiyi Marat Galievich ham “Otang tezroq va texnikasi yaxshi edi”,- deya ko‘p ta’kidlaydi. Bundan juda xursand bo‘laman. Shunday insonning farzandi ekanligimdan doim faxrlanib yuraman.
- Muxlislar tomonidan “Barakalla ota o‘g‘il, boplading”,-degan xitoblarni ham ko‘p eshitib tursangiz kerak?
- Shunday so‘zlarni ham aytib turishadi. Albatta, bundan yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, g‘urur hissini tuyaman.
- Otangiz qo‘l ostida mashg‘ulot olib borish qiyinmi?
- Qiyinchilik jihati va ijobiy tomoni ham bor.
- Mashg‘ulotlarda sizga nisbatan qattiqqo‘l va talabchanlikni nazarda tutdim?
- Barcha shogirdlari qatorida ko‘rardi. Barchaga birdek talabchan bo‘lgan.
- Otangiz xohlagan bokschi bo‘la oldim, deb o‘ylaysizmi?
- Bizning oldimizda ulkan rejalar bor. Yaratganni o‘zi qo‘llab tursa, Olimpiada g‘olibi bo‘lib, barchani xursand qilish istagidaman. Dadam bilan birgalikda oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishga harakat qilaman.
Fikrlar