
Osiyoning kuchli ligalaridan takliflar, "Torpedo"ning qiziqishi va klub prezidenti uni hayron qoldirgani haqida Hojimat Erkinov bilan intervyu
Bir necha kun oldin Rossiyaning "Torpedo" klubi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi vingeri Hojimat Erkinov transferini e’lon qildi. "Oq-qoralar" matbuot xizmati futbolchimiz bilan dastlabki intervyuni ham taqdim etib ulgurdi. Quyida suhbatning o‘zbek tilidagi versiyasini o‘qishingiz mumkin.
- Hojimat, "Torpedo"ning sizga qiziqayotgani haqida ilk bor qachon eshitdingiz?
"Fevral-mart oylarida. Biroq o‘sha paytda O‘zbekiston chempionati qizg‘in pallada edi va bor e’tiborimni ichki birinchilik bahslariga qaratgandim. Osiyo Kubogidan so‘ng qiziqish yanada kuchaydi.
Ochig‘i, faoliyatimni davom ettirish uchun bir nechta variant bor edi. Agentlarim Osiyoning kuchli chempionatlaridan ikkita taklif borligini ma’lum qildi. Lekin endi bu muhim emas. Bilasizmi, "Torpedo" prezidenti Denis Maslov hamda sport direktori Maksim Lyapinning shaxsan o‘zi muzokara o‘tkazish uchun Toshkentga kelishi mening fikrimga katta ta’sir ko‘rsatdi. Rostini aytsam, bu meni hayratda qoldirdi va shundan so‘ng agentlarimga ushbu jamoaga o‘tmoqchiligimni aytdim".
- Klub haqida nimalarni bilasiz?
"Torpedo" buyuk tarixga ega jamoa. Turli davrlarda klub sharafini ko‘plab afsonaviy futbolchilar himoya qilgan: Streltsov, Ivanov, Shustikov. Albatta, bu men uchun faoliyatimdagi oldinga tashlangan katta qadam. Bunday nomdor va katta klub libosini kiyish men uchun juda qiziq.
- Rossiyaga ko‘chib o‘tish siz uchun qiyin qaror bo‘ldimi?
"Endigina 21 yoshdaman, deyarli butun faoliyatim davomida Toshkentning "Paxtakor" jamoasida o‘ynaganman. Albatta, tug‘ilib-o‘sgan mamlakatni tark etish oson emas. Biroq futbolchi sifatida o‘sishni istasangiz, qachondir ketishingiz muqarrar. 3-4 yil oldin otam mening Rossiya chempionatida o‘ynashimni istashini aytgandi. Imkon qadar RPLdagi o‘yinlar va turnir jadvalini kuzatib borardim. Balki uyni sog‘inarman, ayniqsa, ilk haftalarda. Ammo moslashuv jarayoni cho‘zilib ketmasligi uchun bor kuchimni ishga solaman. Ishonchim komilki, bu katta muammo bo‘lmaydi.
- Aleksandr Borodyuk bilan gaplashishga ulgurdingizmi?
"Ha, albatta. Aleksandr Genrixovichni juda zo‘r futbolchi sifatida yaxshi taniyman, u Germaniya Bundesligasida o‘ynagan. U va futbolchilar meni juda yaxshi qarshi olishdi. Shu sababdan "oq-qoralar" safida o‘zimni yaxshi his qilyapman. Iloji boricha tezroq RPL bahslarida maydonga tushmoqchiman".
Fikrlar