
“Osiyo bolalari" o‘yinlarining uch karra g‘olibi Rustam Abdullaev ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi
Rossiyaning Vladivostok shahrida o‘tkazilayotgan “Osiyo bolalari” VII xalqaro sport o‘yinlari doirasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda “Osiyo bolalari” Xalqaro qo‘mitasi rahbari Vladimir Maksimov, musobaqa direktsiyasi direktori Elmir Valitov, shuningdek, bir qator sport turlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan atletlar qatnashishdi. E’tiborlisi, tashkiliy qo‘mita taklifiga binoan, tadbirda engil atletika bahslarida 3 bor oltin medalga sazovor bo‘lgan hamyurtimiz Rustam Abdullaev ham ishtirok etdi.
Anjumanda Vladimir Maksimov O‘zbekiston delegatsiyasining umumjamoa hisobida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olganini alohida ta’kidlab, musobaqada ishtirok etayotgan boshqa jamoalarga ham omad tilab o‘tdi.
Tadbirda yosh sportchilar bellashuvlardan olgan taassurotlari, do‘stona raqobat haqida gapirib o‘tishdi. O‘z o‘rnida, Rustam Abdullaev davlatimiz tomonidan mazkur o‘yinlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani, tashkiliy ishlar yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgani, mezbonlar tomonidan jamoamiz uchun barcha qulayliklar muhayyo qilingani haqida gapirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa 8 avgustga qadar davom etadi.
Fikrlar