
Ortda qolgan 10 yillikning strategik va eng omadsiz transferlari (“top-10”)
So‘nggi paytlarda Pogba, Grizmann va Felish singari futbolchilarning omadsiz transferga aylangani haqida turli-tuman fikrlar paydo bo‘lmoqda. To‘g‘ri, balki bu yigitlar o‘z imkoniyatlarini namoyish eta olmagandir, biroq ularni hali-hamon transferga qo‘yish va buning ortidan yaxshigina pul ishlab olish mumkin. Boz ustiga, ular yuqori klassdagi futbolchilar bo‘lgani bois, katta o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatishi mumkin. Neymar borasida ham shunday fikr bildirsa bo‘ladi. Braziliyalik futbolchi bir necha yillar davomida o‘z transferini oqlamagandek tuyuldi, biroq o‘tgan mavsumda u EChL finaliga chiqdi.
Ortda qolgan yillar davomida gollar kiritdi va Parij klubi imijini yaxshigina ko‘tarib berdi. Bu transferlar ham qaysidir ma’noda kutilgan natijani bergani yo‘q, biroq bugun biz strategik jihatdan qo‘pol xatoga aylangan transferlarni yodga olamiz.
Kepa Arrisabalaga - «Atletik Bilbao»dan «Chelsi»ga
Kepani sotib olish chog‘ida, «Chelsi» nimagadir darvozabonning o‘yin manerasini o‘rganmadi. Himoyada ancha tavakkaliga to‘p suruvchi London klubi 80 million evro evaziga ispaniyalik posbonni sotib oldi. Ayni damda, Arrisabalaga futbol olamidagi eng qimmat darvozabon sanaladi. Uning o‘yini esa, bu maqomga sira mos emas. Endilikda, «Chelsi» darvozabonni ijaraga berish borasida bosh qotirmoqda. Klub sarflangan 80 millionning hech bo‘lmasa, 40 millionini saqlab qolmoqchi. E’tiborlisi shundaki, Kepaning o‘rnini egallagan Mendi saviya borasida raqobatchisidan ancha pastda. Shunga qaramay, uning o‘yin darajasi bugungi kundagi «Chelsi»ga ancha mos. Shu bois, biz ko‘proq Eduardo Mendini asosiy tarkibda maydonda ko‘rmoqdamiz.
Aleksis Sanches - «Arsenal»dan «Manchester Yunayted»ga
Aslida, bu o‘rinda Di Mariani ham ko‘rsatishimiz mumkin edi, biroq klub argentinalik futbolchini o‘z vaqtida 63 million evroga pullab yuborishga ulgurdi. Sanches esa o‘zgacharoq tarixga ega. Ko‘plab ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, Ed Vudvord Sanchesning transferini bejiz amalga oshirmagan. Chililik futbolchi bilan Gvardiolaning «Siti»si qiziqib qolgach, Vudvord katta maosh ko‘rsatilgan shartnoma bilan Sanchesni ilib ketadi. «Yunayted» shu yo‘sinda, asosiy raqobatchisiga zarba bermoqchi edi. Oqibatda, bu transfer «shaharliklar»dan ko‘ra, «qizil iblislar»ga ko‘proq muammo tug‘dirdi. Sanches uzoq vaqt «Manchester Yunayted»ning o‘yin falsafasiga moslasha olmadi. Hujum chizig‘ida erkin to‘p surmagach, ketishga qaror qildi. Hozirda u «Inter» safida «o‘zligini» izlashda davom etmoqda.
Fernando Torres - «Liverpul»dan «Chelsi»ga
Torres Ispaniya terma jamoasi safida Evropa va jahon chempionatlarida g‘olib chiqqach, 2011 yilda London klubi uning transferini amalga oshirishga qaror qildi. 58,5 million evro evaziga Torresni «Liverpul»dan tortib olgan «Chelsi» transferdan hech qanday foyda olmadi. «El Nino» o‘zining tezligi pasayishni boshlagan chog‘ida Londonga ko‘chib o‘tdi. Boz ustiga, mersisaydliklar uning ketishini xoinlikka yo‘yishdi. Turli nashrlar Torresni nishonga oldi va futbolchi katta bosim ostida qolib ketdi. Oqibatda, ko‘p o‘tmay u depressiyaga tushib qoldi. Bo‘sh qolgan darvozalarga to‘pni kirita olmaganiga ham bir necha bor guvoh bo‘ldik. Sekin-asta o‘z kuchiga ishonchni yo‘qotgan Torresni barcha unutib yubordi. Keyinchalik, Fernando «Milan» va «Atletiko»da faoliyatini tiklashga urindi, ammo barchasi foydasiz yakunlandi.
Diego Kosta - «Chelsi»dan «Atletiko»ga
Avvaliga, Kosta ikki mavsum davomida APL chempionligini qo‘lga kiritdi. Keyin uni «Atletiko» ijaraga oldi. Bir muddat klub sharafini himoya qilgan Kostaning transferi uchun «Atletiko» 60 million evro sarfladi. Vaholanki, bundan avvalroq hujumchini «matraschilar» 40 million evroga qo‘yib yuborgan edi. G‘alati biznes. Bir necha yillik qiyinchiliklardan so‘ng, Diego klub bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi va erkin agentga aylandi.
Gonsalo Iguain - «Napoli»dan «Yuventus»ga
Ushbu transfer Turin klubining asosiy raqobatchisi - «Napoli»ni kuchsizlantirish va sifatli markaziy hujumchiga ega bo‘lish maqsadida amalga oshirgan edi. Argentinalik forvard uchun klub naqd 90 million evrodan voz kechdi. Afsuski, bu pullar o‘zini oqlamadi. «Yuventus» o‘zining eng kuchga to‘lgan yillari va “oltin” tarkibi bilan EChLda zafar qucha olmadi. 90 millionlik hujumchi esa, kerakli gollarni kirita olmadi. Uni «Milan» va «Chelsi»ga ijaraga berishdi, biroq uni sotib olishni istagan jamoa topilmadi. Oqibatda, klub erkin agent sifatida Gonsaloni AQShga qo‘yib yubordi.
Toma Lemar «Monako»dan «Atletiko»ga
Lemar uchun «Atletiko» 2018 yilda 70 million evro sarflagan edi. Ayni damda, frantsuzning transfer qiymati 15 million evroni tashkil etmoqda. Lemar «Monako» safida o‘zining jismoniy imkoniyatlari bilan ajralib turmagan. Nima uchun Simeone singari agressiv, pressingga moslashgan futbolni targ‘ib etuvchi jamoa uni sotib olgani so‘roq ostida qolmoqda. Lemarning kuchli pressingdan so‘ng, qarshi hujumga o‘tish uchun jismoniy imkoniyatlari to‘sqinlik qilmoqda. Bu nafaqat omadsiz, balki juda ham yomon transferga aylandi. Xitoydan qaytib kelgan Karassko osonlik bilan asosiy tarkibdan o‘rin egalladi. Lemar esa, hali-hamon kelajagi porloq futbolchi maqomida qolib ketmoqda.
Nikolya Pepe «Lill»dan «Arsenal»ga
Mbappening katta futbolga kirib kelishi, uning tipidagi vingerlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirib yubordi. Pepe ham bir qarashda Kilian singari ijrochilardan biri edi. «Arsenal» o‘zi uchun Mbappe emas, yangi Anrini xarid qilmoqchi edi. Shu bois, hech kim tanimaydigan, biroq iqtidorli Pepe uchun 80 million evro sarfladi. Bu pullar o‘zini oqlashiga ishon tobora so‘nib bormoqda.
Eden Azar «Chelsi»dan «Real»ga
Azarning transferi 115 million evro qilib ko‘rsatilganiga qaramay, yaqinda bu summa 160 million ekanligini ma’lum bo‘ldi. Belgiya gazetasining olib borgan tergov-surishtiruv ishlaridan so‘ng, «qirollik klubi» rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlashdi. 160 million evro butun bir mavsumni o‘tkazib yuborgan, 30 yoshdan oshgan futbolchi uchun juda ham ko‘p ekanligini barcha sezib turibdi. Katta ehtimol bilan Zidan Azarga so‘nggi imkoniyatni taqdim etmoqda. Barchasi bu imkoniyatdan qanday foydalanishga bog‘liq.
Usmon Dembele «Borussiya» Dortmunddan «Barselona»ga
«Barselona» natija berayotgan Neymarni sotib yubordi va uning o‘rnini to‘ldirish uchun bir nechta iqtidorli, ammo stabillik etishmaydigan futbolchilarni klubga jalb etdi. Aslida, Usmonnig tartib-intizom borasida muammolari bor ekanligini nemis nashrlari ancha oldin yozishgan edi. «Barselona» esa, shoshqaloqlik bilan 130 million evroni safladi. Eng kulgilisi shundaki, Kataloniya klubi turli-tuman bonuslar bilan yana 10 million evro qo‘shimcha pul to‘lashi ko‘zda tutilgan edi. Frantsiyalik o‘z o‘yini bilan birorta bonusga «ilinmadi». «Barsa»esa, uning omadsizligidan birmuncha pul tejab qoldi. Shunday bo‘lsada, o‘tgan yillar davomida Usmonning transfer summasida keskin pasayish kuzatildi. U 2017 yildagi transfer narxidan 2,5 barobar arzonlab ketgan.
Felippe Koutino «Liverpul»dan «Barselona»ga
Yurgen Kloppning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lsa-da, Felippe EChLda zafar quchish maqsadida «Barselona»ga safar qildi. Kataloniyada esa, uni jarohat va ijara kutib oldi. Baxtiga, «Bavariya» bilan orzusiga erishdi. Ochig‘i, Kataloniya klubi mutasaddilari Koutinoni ikkinchi Inesta bo‘lishini taxmin qilgan, aynan yarim himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida 145 milliondan voz kechgan edi. Xuddi Iguainda gol mashinasini, Azarda Ronladuning o‘rinbosarini ko‘rgani kabi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘o‘jaev
Fikrlar