
“Oltin butsa” bu safar kimga nasib etadi? Levandovski, Messi yoki Ronaldu?
Bugun biz 2021 yilgi "Oltin butsa" mukofotiga da’vogarlarni ko‘rib chiqishga qaror qildik. Evropa chempionatlari FIFA kunlari munosabati bilan qisqa muddatli tanaffusga chiqdi. Shu sababli, to‘purarlar jadvali yaqin ikki hafta ichida o‘zgarmaydi.
Ma’lumki, "Oltin butsa" bu har mavsum oxirida Evropa milliy chempionatlarining elit divizionlari to‘purariga beriladigan sovrindir. Shu bilan birga, har bir liganing o‘ziga xos koeffitsienti mavjud bo‘lib, u chempionat maqomiga qarab urilgan gollarni reytingda aks ettiradi. Masalan, UEFA assotsiatsiyalari reytingdagi 1 dan 5 gacha bo‘lgan o‘rinni egallaydigan Italiya, Angliya, Ispaniya, Germaniya va Frantsiya kabi kuchli beshlik chempionatlariga nisbatan 2 koeffitsient, UEFA assotsiatsiyalari reytingdagi 6 dan 21 gacha bo‘lgan o‘rinlarni egallab turgan chempionatlarga nisbatan esa 1,5 koeffitsient hisoblanadi.
"Oltin butsa"ning amaldagi g‘olibi "Latsio" hujumchisi Chiro Immobile bo‘lib, u 2019/20 yilgi mavsumda A Seriyada 36 ta gol urgan. U o‘shanda mavsum tugashi arafasida “Bavariya” hujumchisi Robert Levandovskini quvib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi va sovringa ega chiqdi. Ammo joriy mavsumda ushbu sovrin uchun asosiy favorit aynan Robert Levandovski hisoblanadi. Unga faqatgina Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu raqobat ko‘rsatishi mumkin xolos. Ushbu ikkala futbolchida ham polshalik to‘purarni ortda qoldirishga yaxshigina imkoniyat bor. Boisi, Ispaniyada ham, Italiyada ham jamoalar 38 tadan uchrashuv o‘tkazishadi, Bundesligada esa bu ko‘rsatgich 34 tani tashkil etadi. Buni to‘g‘ri tushungan Levandovski gol urishdan to‘xtamoqchi emas.
Levandovski chempionatning o‘tgan turida “Shtutgart” darvozasiga 3 ta gol urdi va xet-trik qayd etdi. Messi esa “Real Sosedad”ga qarshi bahsda dubl muallifiga aylandi. Ammo Ronaldu o‘tgan turni golsiz o‘tkazdi. “Yuventus” shu kuni o‘z maydonida A Seriya debyutanti hisoblangan “Benevento”ga (0:1) yutqazib qo‘ydi.
Aytgancha, “Oltin butsa”lar soni bo‘yicha rekordchi Messi hisoblanadi. U faoliyati davomida ushbu mukofotni naqd 6 marta qo‘lga kiritgan. Keyingi o‘rinda Krishtianu Ronaldu ketmoqda. Uning hisobida 4 ta "Oltin butsa" bor.
Biz bu yil "Oltin butsa" ga da’vogarlarning kichik jadvalini tuzdik va sizni u bilan tanishtirib o‘tamiz.
2021 yil 23 mart holatiga ko‘ra, "Oltin butsa" sovriniga da’vogar futbolchilar reytingi TOP-10:
1. Robert Levandovski ("Bavariya", Germaniya) – 35 ta gol, 70 ball (koeffitsient – 2)
2-3. Krishtianu Ronaldu ("Yuventus", Italiya) – 23 ta gol, 46 ball (koeffitsient – 2)
2-3. Lionel Messi ("Barselona", Ispaniya) – 23 ta gol, 46 ball (koeffitsient – 2)
4-5. Erling Xoland ("Borussiya" Dortmund, Germaniya) – 21 ta gol, 42 ball (koeffitsient – 2)
4-5. Andre Silva ("Ayntraxt" Frankfurt, Germaniya) – 21 ta gol, 42 ball (koeffitsient – 2)
6. Kasper Yunker ("Bude-Glimt", Norvegiya) – 27 ta gol, 40,5 ball (koeffitsient – 1,5)
7. Kilian Mbappe (PSJ, Frantsiya) – 20 ta gol, 40 ballov (koeffitsient – 2)
8-9. Romelu Lukaku ("Inter", Italiya) – 19 ta gol, 38 ball (koeffitsient – 2)
8-9. Luis Suares ("Atletiko", Ispaniya) – 19 ta gol, 38 ball (koeffitsient – 2)
10-11. Amal Pellegrino ("Kristiansund", Norvegiya) – 25 ta gol, 37,5 ball (koeffitsient – 1,5)
10-11. Pol Onuaxu ("Genk", Belgiya) – 25 ta gol, 37,5 ball (koeffitsient – 1,5).
Fikrlar