"Olovli janglar" kuni yoxud Superligadagi bugungi bahslar haqida!

  • 11 avgust, 09:11
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO
Xabaringiz bor, kecha Superligada navbatdagi tur start oldi. Birinchi bahsda "So‘g‘diyona" "Mash’al"ni ishonchli hisobda mag‘lub qildi.
 
Bugun esa chempionatda ikkita markaziy bellashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Quyida shular haqida to‘xtalib o‘tamiz.
 
"Neftchi" - "Nasaf"
 
Farg‘onadagi bahs nafaqat bu turning balki mavsumning hal qiluvchi bellashuvi bo‘lishi mumkin. Sababi, agar uchrashuvda farg‘onaliklar g‘alaba qozonsa, peshqadam bilan farq 1 ochkogacha qisqaradi. Bu farq esa "Nasaf"ning oldindagi tig‘iz taqvimini hisobga oladigan bo‘lsak, bir deganda yo‘qqa chiqishi mumkin. Aksincha, "ajdarlar" muvaffaqiyatga erishsa, eng yaqin ta’qibchi bilan farq 7 ochkoga etadi. Bu esa o‘z navbatida keyingi bahslarda xotirjam harakatlanib, bemalol rotatsiyalar amalga oshirish imkonini beradi.
 
"Neftchi" o‘tgan turda derbida bazo‘r g‘alaba qozondi. Bir necha transferlardan keyin ham jamoa yaxshi tomonga o‘zgarmayotganidan Levchenko iste’fosi haqidagi gaplar matbuotda bong urilmoqda. Bir qarashda negativlarda ham jon bordek. Alisher Odilov, Silvanus Nimeli va Joel Kojo kabi nomlar bilan jamoa kuchayishi kerakdek. Lekin, hozircha faqat Odilov o‘tgan turda o‘z mahorati evaziga gol urishga erishdi, xolos. Qolgan ikki jarangdor transferlar hali biror karomat ko‘rsatishmadi. Ayni peshqadamga qarshi bahsdagi natija murabbiy taqdirini hal qiladi, deb ko‘pchilik umid qilmoqda.
 
"Nasaf"da ham transferlar unchalik jamoani kuchaytirmadi. Kelgan uch futbolchining ham hozircha foydali ish koeffitsienti 0 ga teng bo‘lib turibdi. Aksincha, klubni tark etgan Rubin Hebay sobiq jamoasiga jarimadan super gol urishga ham ulgurdi. O‘tgan turda qarshiliklar "Andijon"ni enga olishmadi. Ayni shu durang bugungi bahsning darajasini yanada oshirib yubordi. Ko‘ramiz, " Nasaf"ning bu muvaffaqiyatsizligi bir martalikmi, yoki surunkali tarzda davom etadimi.
 
Xullas, "Neftchi" "yulduz"lari, "Nasaf"ning mexanizmdek harakatlanadigan jangchilariga qarshi. "Istiqlol" stadionida 19:00 da boshlanadigan bahsni o‘tkazib yuborish futbolga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi.
 
"Dinamo" - "Paxtakor"
 
Yana bir markaziy bellashuv  Samarqandda o‘tlaziladi.
 
"Dinamo" o‘tgan turda o‘ziga-o‘zo muammo orttirib, keyin uni hal qila oldi. Abramovning davralar oralig‘idagi muvaffaqiyatli transfer siyosatini ham e’tirof etib o‘tmay iloj yo‘q. Yangi kelganlardan Aleksandr Pletnyov o‘tgan turda 1+1 natijani qayd etgan ersa, bu gal Ulug‘bek Hoshimov va Jahongir Abdusalomovlar gol urib jamoaning kambekiga sababchi bo‘ldi. Yangilar fonida yoshlar ham bildirilgan ishonchni oqlayotganini e’tirof etmaslikni iloji yo‘q. Ayniqsa, Behruz Obloqulov zahiradan maydonga qo‘shilon dubl qayt etdi va jamoasining kambekini ta’minladi. Bundan tashqari Oybek O‘rmonjonov hamda Firdavs Abdurahmonov kabi iste’dodlar ham yaxshi o‘yin o‘tkazishdi. Abdurahmonov Obloqulovning bir goliga hammualliflik qilishga ham erishdi.
 
Tojiev murabbiylikka kirishganidan beri yutqazmayotgan "Paxtakor" oldingi bahsda OKMKga engildi. O‘yinning o‘ziga qaraydigan bo‘lsak, "Paxtakor" birinchi raqam sifatida o‘ynadi va ko‘proq vaziyat yaratdi. Biroq, ikkita standart vaziyatlardan gol o‘tkazib yuborgan holda mag‘lub bo‘ldi. "Paxtakor"da o‘yin tomonlama hech qanday salbiy o‘zgarish yo‘q. Faqat, himoyadagi bir-ikki kamchiliklar to‘g‘irlansa kifoya.
 
Ikki hujumkor jamoaning bellashuvida gollar shousi ko‘rishga umid qilamiz. Abramov ham Tojiev ham o‘z prinsipidan qaytmasligini tarafdorimiz.
 
Xulosa o‘rnida, ikkala bellashuvlarda ham imkoniyatlarni 50/50 deya baholasak arziydi. Bu o‘yinlar chempionlik poygasida jamoalarga muhim ochkolarni taqdim etadi. Shu sababdan, jamoalar maydonga "o‘ligini tashlab" chiqib ketishlari kerak bo‘ladi.
 
Yahyoxon G‘aniev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!