Oleg Zoteev: "Ha, "Lokomotiv" vazifani uddaladi, biroq hali asosiysini bajargani yo‘q"

  • 2 oktabr, 2023, 00:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro ligada qatashayotgan va yaqqol favorit sifatida ajralib turgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini naqd qildi. Aslida bu kutilgan holat edi. “Loko”ning maqsadi bir yilning o‘zidayoq yana Superligaga qaytish edi. Buning uchun tarkib tajribali futbolchilar bilan boyitildi. Ulardan biri jamoa sardori hamda etakchisi Oleg Zoteevdir. Futbolchi jamoasi bilan elita masalasini hal qilgach, ushbu mavzuga to‘xtalib o‘tdi.

Tecno

Muddatidan avval vazifa bajarilishi haqida

- Siz bilan fevral oyida gaplashganimizda bu yilgi birinchilik qiziqarli bo‘lishi haqida aytgandim. Baribir uchta tur oldin Superliga ishtirokchisiga aylanish yoqimli. Rosti, uchta tur oldin hammasini hal qilib qo‘yishimizni bilmagandim. Ammo bundan oldin, ertaroq Superligaga chiqishimiz haqida o‘ylagandim. Chunki birinchi davradan keyin qo‘qonliklardan ko‘p ochkoga oldinga o‘tib ketganmiz. Ammo bu turda “Qo‘qon-1912”ni safarda “Xorazm” bilan durang o‘ynashini kutmagandim. Mehmonlarni yutadi, deb o‘ylagandim. Hali ham “Dinamo” va “Qo‘qon-1912” o‘rtasida kurash zo‘r ketyapti. Keyingi turda ikkala jamoa Qo‘qonda o‘ynashadi. Hali ham kech emas. Ikkala jamoada imkoniyat bor.

Pro ligada eng qiyini nima?

- Bilasizmi, bizga qaysi tarafdan og‘ir bo‘lgan? Biz har hafta o‘yin o‘tkazmaganmiz. Oraliqdagi tanaffuslar sababli jismoniy holatni bir maromda ushlash qiyinroq. Shu tomonlama biroz muammo bo‘lgan. Superligada terma jamoa yig‘ilganida 14 kun tanaffus bo‘ladi. Biz esa birinchi davradan keyin deyarli ikki oy o‘ynamadik. Shu narsa qiyinchilik tug‘diradi. Jamoa bo‘yicha “Dinamo” bilan tengmiz. “Qo‘qon-1912” ham yaxshi jamoa, sifatli o‘yinchilari ko‘p. Qiziqarli o‘yinlar bo‘lyapti.

zoteev_1

“Lokomotiv”ga kim sherik bo‘ladi?

- Uchta jamoa teng kuchga ega. “Dinamo” – “Qo‘qon-1912” ishtirokidagi uchrashuvda kim yaxshiroq tayyorlanib g‘alaba qozonsa o‘sha jamoa Superligaga chiqadi. Imkoniyatlar 50x50. Kimnidir kuchli yoki kuchsiz deya olmayman. Ko‘rdingiz, “Dinamo” bilan ikki marta 0:0 o‘ynadik. Qo‘qonni bitta to‘p farqi bilan yutdik. Kimdadir yaqqol tashabbus yo‘q.

Endi qolgan o‘yinlarda “Loko” futbolchilari bo‘shashib qolmaydimi?

- Ha, “Lokomotiv” vazifani bajardi, biroq asosiysini hali amalga oshirgani yo‘q. 1-o‘rinni hali qo‘lga kiritmadik. Men uchun faqat 1-o‘rinni qo‘lga kiritsak, shundagina 100 foizli natija qilgan bo‘lamiz. Oxirgi uchta uchrashuvda to‘liq muvozanatni saqlagan holda va nazoratni yo‘qotmasdan o‘ynaymiz. Xudo xohlasa, 1-o‘rinni olamiz. “Mash’al” maydoniga boramiz va keyin “Yunierd” keladi. Shu ikkita uchrashuvda 1-o‘rinni rasmiylashtirishga harakat qilamiz.

zoteev kapitan_2

Yangi rejalar qanday?

- Menimcha, oxirgi turdan so‘ng klub strukturasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, yangi rejalar muhokama qilinadi. Hozirdan hech nima deya olmayman. Yana uchta o‘yinimiz turibdi. Bor e’tiborni bo‘lajak uchrashuvlarga qaratganmiz. Shundan keyin yangi mavsum haqida o‘ylasak bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!