
OKMK yangi mavsum oldidan futbolchilarini tanishtirdi
Bilasiz, mamlakatimiz klublari har yili mavsum avvalida taqdimot marosimlarini o‘tkazishi va yangi futbolchilarni tanishtirishi an’anaga aylanib ulgurgan.
26 fevral kuni OKMK sport majmuasida yangi mavsum oldidan taqdimotini o‘tkazdi. Unda o‘tgan yillarda jamoada yorqin o‘yinlar namoyish etgan futbolchilar va yangi mavsumdan e’tiboran klub tarkibiga kelib qo‘shilgan bir qator mahalliy hamda legioner ijrochilar tanishtirildi.
Tadbir avvalida OKMK futbol klubining Prezidenti Abdulla Xursanov so‘zga chiqib, futbolchilarga omad va zafarlar tiladi. So‘ngra, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov bilan birgalikda o‘zbek brendi ostidagi «7SABER» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan OKMK PFKning maxsus formalarini futbolchilarga tantanali ravishda topshirishdi.
OKMK jamoasining eng katta yutug‘i – uni o‘ziga xos fidoyi muxlislari borligidir. Ularning bir qanchasi ushbu tadbirda ishtirok etib, har qanday vaziyatda jamoa bilan birga ekanligini va doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdilar.
Eslatib o‘tamiz, OKMK futbol klubi yangi mavsum oldidan 3 nafar legioner: Gruziyalik yarim himoyachi Giorgi Papava, Serbiyalik markaziy hujumchi Milyan Shkrbich va Yaponiyalik hujumkor yarim himoyachi – Arixiro Sentoku kabi futbolchilar jamoa tarkibiga jalb etildi.
Shuningdek, o‘tgan mavsumda Superliga jamoalarida to‘p tepgan tajribali va yosh iste’dod egalari: Murodjon Toshmatov, Javohir Ilyosov, Avazbek O‘lmasaliev, Ali Abdurahmonov, Azizbek Xolmurodov, Asadbek Rahimjonov, Azizbek Bahromov, Saidafzalxon Ahrorov va Abrorbek Sarimsoqov hamda Farruxjon Qodirovlar bilan shartnoma tuzildi.
OKMK matbuot xizmati.
Fikrlar