
Nursultonning imkoniyatlari qanday? "Tizza bo‘yi eb-icharmi buyog‘i"...
Xabaringiz bor, 23 fevralga o‘tar kechasi AQShning Vashington shahrida "UFC Fight Night 252" turniri start oladi. Biz uchun ahamiyatli jihati ushbu kechada hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboev o‘zining UFCdagi 4-jangini o‘tkazadi. Biz ushbu qarama-qarshilik haqida qisqachagina so‘z yuritib o‘tamiz.
Demak, hamyurtimizga bu safar debyutant AQSh vakili Erik Makkoniko raqiblik qiladi. Makkonikoni professional ko‘rsatkichi 9 ta g‘alaba, 2 mag‘lubiyat va 1 durangdan iborat. G‘alabalarining 7 tasini muddatidan avval qo‘lga kiritgan. Jumladan, 3 tasi sabmishn, 4 tasi KO orqali amalga oshgan. 2 bora to‘liq jangda ochkolar evaziga muvaffaqiyatga erishgan. Nursulton Ro‘ziboevning rekordini ko‘p bora ta’kidlab o‘tganmiz. Shunday bo‘lsa-da, eslatib o‘tamiz, Nursulton 34 ta g‘alaba, 9 mag‘lubiyat, 2 durang va 2 natijasi bekor qilingan jang. Ko‘rinib turibdiki, hamyurtimiz tajriba borasida raqibidan anchagina ustun.
Makkonikoning xavfli jihati bu nisbatan kurashi va grepplingi yaxshi shakllanganligida, unga jangni "parter"ga ko‘chirish imkonini bermaslik kerak. Shuningdek, asosiy zarba yo‘llaydigan chap qo‘lida "bomba"si ham bor. Chap oyog‘ida ham ajoyib zarbalar yo‘llay oladi. Qolaversa, har doim debyutantlar havfli bo‘ladi. Chunki ularda ishtiyoq katta bo‘ladi. Makkoniko UFC o‘rta vazn toifasining mashhur jangchilardan biri Jared Kanonir bilan bir zalda mashg‘ulot o‘taydi va uning jamoasi vakili hisoblanadi. Nisbatan jang uslublari o‘xshab ketadi. Ya’ni, asosan "stoyka"da jang olib borishni xush ko‘rishadi. Bu esa Nursulton uchun juda qulay variant bo‘ladi.
Ha raqib garchi, debyutant bo‘lsa ham darajasi yomon emas. Ammo, Nursulton undan har jabhada ustun. Ya’ni, yurtdoshimiz tezkorroq va "stoyka"da bir bosh ustun. Jismoniy imkoniyatlarni inobatga olsak, bu borada ham hamyurtimizning yaxshi imkoniyat hosil qilganligini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, Nursulton 13 sm balandroq. Qo‘llarining uzunligi ham Ro‘ziboevning foydasiga ishlaydi. Rang-baranglik borasida ham yurtdoshimiz unga "dars" beradi. Eng asosiysi ushbu jang o‘rta vazn (83,9 kg) toifasida bo‘lib o‘tadi. Bu degani hamyurtimiz u qadar ko‘p vazn tashlamaydi. Bu vaziyatda Nursultonning eng kuchli variantini ko‘rishimiz mumkin. To‘liq lagerni o‘tagan va jismoniy holati yaxshi bo‘lgan Nursulton Ro‘ziboev raqiblar uchun "yomon tush"ga aylanadi.
Xullas, bu jangda hamyurtimizning g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori va u muddatidan avval ushbu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritsa kerak. Nazarimda "tizza bo‘yi eb-ichar" buyog‘i... :)
Biz esa hamyurtimizga omad tilaymiz!
Ahmadbek Eshmatov tayyorladi
Fikrlar