
Nemischa aniqlik yoki ispancha joziba (prevyu)
Germaniya - Ispaniya! Nima yodingizga kelmoqda? Puyolning bosh bilan urgan golimi yoki Torresning yuqori tezlikla himoyachini ortda qoldirishimi?! Germaniya futboli ixlosmandlaridan uzr so‘raymiz. Yuqorida faqat ispanlar muvaffaqiyatini yodga oldik. Sababi, rasmiy o‘yinlarda olmonlar Ispaniya ustidan so‘nggi g‘alabani 1988 yilgi Evropa birinchiligida qo‘lga kiritgan.
Aslida, ushbu ikki jamoa rasmiy musobaqalarda nisbatan kamroq to‘qnash keladi. Asalning ham ozi shirin bo‘lganidek, ushbu qarama-qarshilik doimo dunyo futbol jamoatchiligining jiddiy e’tiborida bo‘lgan.
So‘nggi ikki rasmiy bellashuvda “qizil furiya”ning kichik hisobdagi g‘alabalari barchaning esida. Qanday qilib unutish mumkin: biri “EVRO-2008” finali, biri “JCh-2010” yarim finali bo‘lsa! Ammo o‘sha bellashuv taqdirini hal qilgan eng katta nomlar bugun futbol faxriysiga aylanib ulgurgan. Torres, Puyol, Shvaynshtager, Kloze, Lam, Xavi va hokazo.
Demakki, bugun boshqacha o‘yin bo‘ladi. Ayni paytda har ikki jamoada anchagina katta o‘zgarishlar bor.
Germaniya
Sane yana Lyov e’tiboriga tushdi. Jahon chempionatiga uni olib ketmagani tufayli ayovsiz tanqidlarga uchragan Yoaxim aksiga olgandek, guruh bosqichidan chiqa olmagandi. Bugun nemislardan barcha xavotirga tushib qolgan. Chunki, klublar miqyosida ular ajoyib futbol namoyish etishdi. To‘g‘ri bu terma jamoa, lekin bosh murabbiy yig‘ib olgan futbolchilarning aksariyati aynan “Bavariya” futbolchilari. Ularga alohida milliy jamoa uslubiyatini tushuntirish ham kerak emas. Boisi, myunxenliklarni aynan Lyovning shogirdi boshqarmoqda.
Taxminiy tarkib: Trapp, Gosens, Ginter, Zyule, Kerer, Kross, Jan, Gyundogan, Sane, Xaverts, Verner.
Ispaniya
“Qizil furiya”ga nisbatan optimal tarkib jalb qilingan. Ispanlar tarkibini ko‘rganimizda doim o‘zgacha iste’dod egalarini uchratamiz. Ispaniya nomi romantik, texnik imkoniyatlarga katta e’tibor qaratadigan jamoani anglatadigandek tuyuladi.
Bugun Luis Enrike jamoasi oldingidek tajribali futbolchilarga boy emas. Pireney yarimorolidan “Mersedes-Bents” arenaga etib keladigan jamoada yosh iqtidor egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Bir tarafdan, bu ham to‘g‘ri. Millatlar Ligasi hozircha u qadar katta mavqega ega emas. Mana shunday o‘yinlar orqali yosh futbolchilarning tajribasi oshib borishi mumkin.
Taxminiy tarkib: De Xea, Karvaxal, Ramos, Lorente, Gaya, Fabian Ruiz, Tyago, Olmo, Rodrigo, Moreno, Ferran Torres.
Murabbiylar
Yoaxim Lyov: “Gosens ertaga aniq maydonga tushadi. Trapp darvozani qo‘riqlaydi. Zyule va Saneni ham asosiy tarkibda maydonga tashlashni rejalashtirmoqdaman. Men orqa chiziqdagi 3 futbolchidan xavotirda emasman. Biz himoyada 3 kishi bo‘lib o‘ynashimiz ham mumkin”.
Luis Enrike: “Germaniya kuchli va top klassli futbolchilarga boy. Ular kelgusi yilgi qit’a birinchiligining favoritlaridan biri. Ammo biz o‘z futbolimiz orqali g‘alaba qozonmoqchimiz. Men Millatlar Ligasida o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Terma jamoada ishlash yoqimli. Biz ko‘proq g‘alabalar va titullarni qo‘lga kiritish niyatidamiz”.
Xulosa o‘rnida
Lyovning bu qadar ochiqchasiga o‘z rejalarini ochib tashlayotgani shubhali. U nimanidir rejalashtirayotgani aniq. Chunki, hech qaerda o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida murabbiy ertangi tarkibini ochiq oydin gapirib bermaydi. Enrike esa odatiy bosiq nutq taqdim etdi.
Germaniya o‘z kuchiga haddan ziyod ishonib yuborishi o‘ziga zarar keltirib qo‘yishi mumkin. Ammo, darhaqiqat, ular o‘yin favoriti. Birinchi bo‘lib gol urib olgan taqdirda, nemislar katta ustunlikka erishadi.
Ispanlardan esa har doim har narsani kutish mumkin.
Bugungi uchrashuv haqida taxmin qilishni turnir mavqeyining mavhumligi ham og‘irlashtiradi. G‘olib 10 mln evrodan ortiqroq mablag‘ga ega bo‘lishi va jahon chempionatining qo‘shimcha yo‘llanmalarining o‘rtaga tikilishi musobaqaga nisbatan qiziqishni oshirmoqda. Ammo UEFA, dastavval ushbu turnirni o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rniga o‘tkazishga qaror qilgandi.
Barchasi, jamoalarning ushbu musobaqaga qanday yondashishiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar