
Nemis futbolchisi qo‘shnilarimiz terma jamoasida o‘ynamoqchi
Germaniya futboli tarbiyalanuvchisi Filipp Oxs xalqaro miqyosdagi faoliyatini Qozog‘iston milliy terma jamoasida davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Ayni paytda Avstriya chempionatida “Fyorst” jamoasi sharafini himoya qilayotgan 27 yoshli futbolchi nemis futbolining eng yorqin iste’dodlaridan bo‘lgan. U o‘z yurtida “Xoffenxaym”, “Gannover” hamda “Boxum”da o‘ynagan.
2011-2018 yilgacha Germaniyaning 15 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan barcha terma jamoalarida to‘p tepgan. Biroq iqtidorli yarim himoyachi milliy terma jamoa o‘yinchisi darajasiga ko‘tarila olmagan.
Filipp Oxs endi bu darajaga Qozog‘iston terma jamoasida erishmoqchi. Chunkining uning ota-onasi aynan shu yurtdan Germaniyaga borib qolgan.
- Agar menga bog‘lanishsa, Qozog‘iston terma jamoasida o‘ynashga tayyorman. Chunki bu ota-onamning vatani va sen ana shunday yurt bayrog‘ini himoya qilishing katta sharaf. Ota-onam ham bundan behad quvongan bo‘lardi.
Men Qozog‘iston terma jamoasining barcha o‘yinlarini tomosha qilaman, milliy chempionatini ham kuzatib boraman. To‘g‘risini aytsam, bu masala meni qiziqtiradi. Agar terma jamoa rahbariyati men bilan bog‘lanib, imkoniyat beradigan bo‘lsa, o‘ynashga tayyorman, - dedi Filipp Oxs.
Fikrlar