
Nega Eronda qolgani, Terma jamoa va “Kuchli beshlik“ka yo‘l haqida Oston O‘runov bilan katta intervyu!
O‘zbekiston terma jamoasi va Eronning “Persepolis“ klubi futbolchisi — Oston O‘runov saytimiz uchun katta intervyu berdi. Unda, futbolchi nega forslar yurtida qolgani, terma jamoa va JCh saralashidagi imkoniyatlarimiz haqida fikr bildirib o‘tdi.
— Yaqinda Persepolis bilan shartnomangizni uzaytirdingiz. Sizda boshqa variantlar ham bormidi?
To‘g‘risi, variantlar ko‘p edi. Xorij va arab klublaridan takliflar kelib tushdi, ammo “Persapolis“da qolishni afzal ko‘rdim. Bu erda, sport formamni tiklab oldim va o‘sishga erishdim. Jismoniy holatimni ham yaxshilab boryapman. Bu erda o‘zimni yaxshi his qilyapman. Terma jamoamizning JCh saralashidagi eng muhim o‘yinlari oldidan tavakkal qilishni istamadim.
— Umuman Eron chempionatining O‘zbekiston Superligasidan farqlari va o‘xshash jihatlari haqida gapirib o‘tsangiz. Umuman maydonlar, muxlislar haqida. Adashmasam bu mavsumda Eronda VAR ham qo‘llanilmoqda.
Ha, Eronda futbol doim birinchi raqamli sport turi bo‘lgan. Maydondagi atmosfera haqida ortiqcha ta’rif berishning menimcha hojati yo‘q. O‘tgan mavsumda oltin medallar uchun poyga so‘nggi turning so‘nggi daqiqalariga qadar kechganini ko‘rdingiz. Eron va O‘zbekiston futboli o‘rtasidagi farq katta emas, ammo sezilarli bor. Farqli tomoni, bu erda futbol jismoniy kuchga tayanadi. Bizda ko‘proq texnikaga. Bugun zamonaviy futbol baribir atletizmni talab etmoqda. Shu bois, Eron terma jamoasi bir necha yillardan beri Osiyoda eng kuchlilaridan biri hisoblanadi. JCh saralashlaridagi muvaffaqiyat siri ham shunda aslida.
— Yaqinda jarohatdan qaytib, Eron chempionatini yana yondirishga kirishdingiz. Sizni kelajakda top-5 chempionatda o‘ynashingiz aytilgan edi. Nega sizni hamon top ligalarda ko‘rmayapmiz?
Albatta, hali kech emas. Men futbolchi sifatida juda og‘ir krizisni engib o‘tdim. Hatto, hammasini yig‘ishtirib 22 yoshimda butsani mixga ham ilish haqida o‘ylab qolgan paytim bo‘ldi. RPL klubidagi voqealar, og‘ir jarohat meni ruhan ancha qiyin ahvolda qoldirgan edi. Yaratganga shukr, hammasini engib o‘tdim. Bunda menga yordam bergan barchaga tashakkur bildiraman. “TOP 5” chempionatlariga hali eshiklar yopilgani yo‘q. Juda ko‘plab Eronlik futbolchilar aynan mahalliy birinchilikdagi o‘yinlari bilan Evropaga yo‘l olishadi. Men ham, “Peropolis“ safida o‘zimni ko‘rsatib, bu ishni takrorlamoqchiman.
— O‘tgan mavsumda Istiqlolni ortda qoldirib, jamoa chempion bo‘ldi. Bu mavsumdagi klubning rejalar qanday?
“Perspolis“ o‘zi ishtirok etadigan deyarli barcha musobaqalarda g‘alaba uchun to‘p suradi. Bu erda chempionatning qadri baland. Shuningdek, Elit Ligada ham imkoniyatlarimizni saqlab qolganmiz. Jamoa tarkibi kuchaytirilmoqda. Barcha frontda g‘oliblik uchun harakat qilamiz.
— Eron termasi tarkibida harakat qilayotgan jamoadoshingiz Kanoni bilan ijtimoiy tarmoqlarda hazillashib turasiz. Bu haqda gapirib bersangiz?
men jamoaga endi kelgan paytlarim birinchilardan bo‘lib do‘stona munosabat bildirganlardan. Uni hurmat qilaman. Yaxshi yigit. Mashg‘ulotlarda ko‘p hazil-huzul qiladi. Jamoaning kayfiyatini belgilab beradigan futbolchilardan biri. Men ham, unga hazil qilib turaman. Quvnoq yigit. Shunga qaramay, terma jamoalarimiz to‘qnash kelganda u ham, men ham barchasini unutib, maydonda jang qilamiz.
— “Persepolis“da yaqinda murabbiy almashdi? Jamoani chempion qilgan Xuan Karlos Garrido ketdi.
Afsuski, jamoa natijalari yomonlashganda doim zarbani murabbiylar qabul qiladi. Bu futbolni yozilmagan qonunlaridan biri. Hozir, yangi murabbiy qo‘l ostida vaziyatni o‘nglashga harakat qilyapmiz. Afsuski, “Sepaxon“ bilan superkubokda omad bizdan yuz o‘girdi. Agar sovringa ega chiqqanimizda, bu ijobiy impuls bergan bo‘lar edi.
— Jaloliddin Masharipov va O‘tkir Yusupov bilan tez-tez ko‘rishib turasizlarmi?
Ha, imkon qadar ko‘rishib turamiz, ammo bu erda futbolchilardan professionalizm talab etiladi. Har jabhada. Ular ham mashg‘ulotlarda ter to‘kib ishlashadi. Bizda bo‘sh vaqt kam. Bundan ancha avval, Tehrondagi restoranlardan birida Jaloliddin Masharipov bilan birga o‘tirgan paytimiz eronlik ishqibozlar kelib, printsipial raqib a’zolari bunday birga o‘tirmasligi kerakligini aytib e’tiroz bildirgan edi. Mana shu voqeadan ham, bu erda futbolga nisbatan munosabat qanday darajada ekanligini bilishingiz mumkin.
- Mart oyida bizni ikkita muhim uchrashuv kutib turibdi. Ikkinchi to‘qnashuvda Eron bilan o‘ynaymiz. Bu bahs biz uchun hayot-mamot jangi bo‘lishi tabiiy. Tehronda Eronni yuta olamizmi?
Futbolda imkonsiz ishning o‘zi yo‘q. JCh saralashidagi o‘yinlarni har biri biz uchun muhim. Nasib qilsa, ortga yorug‘ yuz bilan qaytishga harakat qilamiz. Biz uchun nafaqat Tehrondagi, balki boshqa terma jamoalar bilan o‘yinlar ham hayot-mamot darajasida. Ularda ham 3 ochko uchun jang qilamiz.
- Ma’lumki, guruhda Eron termasi etakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rin uchun bizga asosiy raqib Qatarmi yoki BAA?
Men ikkala terma jamoani ham birdek raqib xavf tug‘diradi deb hisoblayman. Ikkisi bilan ham o‘zaro o‘yinlarimiz qolgan. Ikkisi ham o‘ta muhim. BAA bilan mehmonda to‘qnash kelsak, Qatar so‘nggi turda Toshkentga keladi. Juda murakkab o‘yinlar. Men, ularni imkoniyatini teng baholayman. Nasib qilsa, ular 3-4 o‘rinda qolishadi. 1 va 2-o‘rinlarni Eron bilan bo‘lishib olamiz.
-Terma jamoa bosh murabbiyi ketma-ket yig‘inlarda ishtirok etmadi. Uning yig‘inlarda qatnashmasligi jamoaga qanchalik ta’sir qiladi?
Barchasi uning sog‘lig‘idagi muammolar bilan bog‘liq. Yigitlar, Srechko Katanetsni yaxshi biladi va bir necha yillar davomida birga ishladik. Biz juda muhim pallada tavakkal qilmasligimiz kerak deb hisoblayman. Murabbiy bo‘lmasa ham, uning o‘yin falsafasi va bizdan nimani istashini yaxshi bilamiz. Uni yo‘q ekanligi seziladi, ammo jamoamiz birgalikda harakat qilsa istagan natijamizni qayd etishimizga ishonaman.
- Yaqinda terma jamoadagi ukangiz va sherigingiz Abduqodir Husanov APLga ko‘chib o‘tdi. Bu haqida fikringiz qanday?
Abduqodir juda ham iqtidorli yigit. Yosh bo‘lishiga qaramay, qisqa fursatda juda katta hajmdagi ishni amalga oshirdi. Unga, APLda omad tilayman. Jarohatlardan o‘zi asrasin. Nasib qilsa, Gvardiolaning ishongan futbolchisiga aylanadi.
Oybek Yo‘ldoshev suxbatlashdi
Fikrlar