
"Neftchi" nimaning evaziga "Navbahor"ni zararsizlantirdi?! O‘yinni tahlil qilamiz
Vodiy derbisi zerikarli o‘tganiga qaramay, murabbiylar uchun chinakam sinovga aylandi. Ikki tomon ham o‘z ustunliklaridan maksimal darajada foydalanishga urindi. Xo‘sh, bu bahsga kim yaxshiroq reja bilan tashrif buyurdi? Qaysi mutaxassis burilish yasashga harakat qildi va kim g‘alabaga yaqinroq keldi? Bugun, nursiz durang bilan yakunlangan vodiy derbisini tahlil qilamiz.
"Navbahor"
O‘yin sxemasi: 4-3-3/4-5-1
“Navbahor”: 1.O‘tkir Yusupov, 4.Boyan Tsiger, 6.Rustamjon Ashurmatov, 7.Azimjon Ahmedov (17.Ehsoni Panshanbe, 60), 10.Jamshid Iskanderov, 14.Jamshid Boltaboev, 23.Yovan Jokich, 24.Davronbek Hoshimov, 28.Stanislav Andreev (22.Igor Golban, 68), 30.Elguja Grigalashvili (11.Islom Kenjaboev, 60), 32.Zoran Marushich.
"Neftchi"
O‘yin sxemasi: 4-2-3-1
“Neftchi”: 45.Akbar To‘raev, 6.Sirojiddin Qo‘ziev, 17.Abdulloh Olimov, 19.Mirzohid G‘ofurov, 20.Anvarjon G‘ofurov, 21.Muhsinjon Ubaydullaev, 44.Darko Stanoevich, 46.Shahzodbek Ubaydullaev, 70.Abbosjon G‘ulomov (7.Oybek Qilichev, 89), 77.Abrorbek Ismoilov, 99.Ulug‘bek Hoshimov.
O‘yinning borishi
1. Ilk daqiqalarda "Navbahor" imkon qadar to‘p nazoratini o‘zida ushlab turish va pozitsion hujumga o‘tishga urindi. Jamoa tezligi u qadar baland bo‘lmagani bois, Babayan shogirdlari imkon qadar kengroq joylashib olgan xolda, butun maydon bo‘ylab o‘ynashga intildi. "Neftchi" esa startda faolroq bo‘lish maqsadida erta pressingni qo‘llashga o‘tdi. Bahsning birinchi bo‘limida ikki jamoa ham gol kiritishdan ko‘ra, o‘tkazib yubormaslikka ko‘proq urg‘u berdi. Shu bois dastlabki 45 daqiqalikda hech qanday xavli vaziyat sodir etilmadi. Kurash asosan maydon markazida kechgani bois, birorta yorqin hujumni ko‘rmadik. Eng havli vaziyat standartdan so‘ng yuzaga keldi.
2. "Navbahor" bahs avvalida "Neftchi"dan bunday dadil o‘yin kutmagani aniq. Mo‘minjonov asosiy kuchni maydon markaziga tashladi. Natijada, asosiy kurash aynan o‘sha zonada bo‘lib o‘tdi. "Lochinlar" 20-daqiqadan boshlab raqibni erta kutib oldi. Natijada "Neftchi"da ham birorta pas orqali yuzaga kelgan hujumlarga guvoh bo‘lganimiz yo‘q. Ikkita ehtiyotkor va "risk"dan qochadigan jamoalar to‘qnashuvining birinchi bo‘limi juda past tempda yakuniga etdi.
3. "Lochinlar" pressingdan chiqib ketish uchun Jamshid Iskanderovdan foydalanishga urindi, lekin har safar ham buni uddalashning imkoni bo‘lmadi. Markazdagi kuchli pressing sababli Jamshid ilk 45 daqiqalikda deyarli o‘yindan tushib qoldi. Birgina vaziyatda texnikasi yordamida pressingni engib o‘tib hujum boshlagan edi, ammo yakunda Grigalashvilini markaziy yarim himoyachilar "bo‘g‘ib" tashladi.
4. Ikkinchi taym boshlarida "Navbahor" ilk bor maydon markazidagi asosiy kuchlarini ishga sola olmadi. Natijada "Neftchi" juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Ikkinchi qirq besh daqiqalikda maydon egalari dastlabki hujumdayoq hisobni ochishi mumkin edi. Maydon marazida Jokich, Boltaboev, Ahmedov va Iskanderov to‘p uchun kurashni boy bergach, mehmonlar katta kuch bilan oldinga intildi. Butun o‘yin davomida birinchi marotaba markazdan yorib o‘tishni uddalagan "Neftchi" juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, biroq vaziyatni gol bilan yakunlay olmadi.
5. Maydon egalari, ikkinchi taymning 50 daqiqasida birinchi bor pozitsion hujum uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. Butun hujum davomida 15 ta aniq uzatma amalga oshirilgach, Marushich zarba nuqtasiga chiqdi, lekin yakuniy zarba berish imkoniyatidan Marushich foydalana olmadi. E’tiborlisi shundaki, deyarli 50 daqiqa davomida "Navbahor" oldinga bu qadar katta kuch bilan o‘tishni uddalay olmagan edi. Pozitsion hujumlarning afzalligi shundaki, "lochinlar"ning asosiy kuchi oldinga chiqqan holda, raqibni chuqur himoyalanishga majbur qiladi.
6. 60-daqiqada Babayan o‘yinni yanada kuchaytirish va qanotlardagi mobillikni tiklash maqsadida Kenjaboev va Ehsonini o‘yinga tashladi. Tezlik borasida maqtana olmaydigan Ahmedov va Grigalashvili esa zaxiraga olindi. Shu tariqa, Samvel Vyacheslavovich maydon markazidagi ustunlikni qaytarib olishga intildi. Ular maydonga tushishi bilan darrov xavfli hujum yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ehsoni to‘p uchun kurashda markazda g‘alaba qozongan bo‘lsa, jamoadoshlari topni Kenjaboev tomon uzatib, uni hujumga qo‘shishdi.
7. O‘yinning hal qiluvchi 3 qismi boshlangach, "Navbahor"da jismoniy ustunlik ko‘zga tashlanishni boshladi. Mehmonlar sekin-asta ikkinchi raqam bo‘lib harakat qilishga o‘tdi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Raqibni ularning jarima maydonida kutib olish uchun katta energiya sarflanadi. "Neftchi"ning deyarli 11 futbolchisi jarohatlar sababli uchrashuvda ishtirok etmagani bois, Mo‘minjonov 90 daqiqa pressingga suyanishi imkonsizligi amalda isbotini topdi.
8. Bahsning 63-daqiqasida "Navbahor" o‘zini "korrinoy" pozitsion hujumini o‘tkaza oldi. To‘p u qanotdan - bu qanotga olib o‘tilgach, Jamshid Iskanderovga etib keldi. U bo‘sh hududda ekanligidan unumli foydalinib, keskin uzatmani amalga oshirdi. Epizod gol bilan yakunlangani yo‘q, ammo "Navbahor"da hech qanday o‘yin uslubi yo‘q, deganlar uchun videoqo‘llanma bo‘lishi aniq.
9. "Neftchi"da toliqish ko‘zga tashlaganini sezgan Mo‘minjonov tayanch zonasidagi futbolchilarini orqaroqqa surib, qanotdagilarni qarshi hujum uchun shaylanishiga buyruq berdi. Shu tariqa, farg‘onaliklar o‘yinning hal qiluvchi 3-qismida gol kiritishdan ko‘ra, o‘tkazib yubormaslikka ko‘proq harakat qilishni boshladi. "Navbahor" esa ikkinchi qavatdan uzatmalarni amalga oshirishni to‘xtatib, markazni egallab oldi.
10. 67-daqiqada Stanislav Andreev o‘rniga Igor Golban maydonga tushdi. E’tiborlisi shundaki, 70-daqiqadan boshlab, "Navbahor" himoyachilari to‘laligicha maydon markaziga chiqib, raqibni o‘z jarima maydoni ichiga qamab tashlashni boshladi. Katta kuch bilan oldinga tashlangani bois, "Neftchi" chuqur himoyaga o‘tdi. Aynan shunday o‘yin borishi o‘zi uchun qulay ekanligini his qilgan "Navbahor" chekinayotgan raqibga hamla qilishni boshladi.
11. Pozitsion hujumlar ketma-ket yuz berishi boshlanganidan so‘ng Jamshid Iskanderov ko‘proq erkinlikka ega bo‘ldi. Bu hujumlarni yanada keskinlashishiga sabab bo‘lgani rost. Pleymeyker sifatida bosh hududga ega bo‘lgach, Jamshid bir necha bor xavli vaziyat yaratishga urinib ko‘rdi, ammo bir safar "Neftchi" a’zolari yaxshi himoyalansa, boshqasida hujumlar mantiqiy yakuniga etmadi.
12. So‘nggi 10 daqiqalikda "Neftchi" to‘liqligicha qarshi hujumga suyanishni boshladi. Mo‘minjonov Namangandan ochko bilan ortga qaytishga qaror qildi. Bahs oldidan durang jamoa uchun minimum vazifa etib belgilangan bo‘lsa, ajab emas. So‘nggi daqiqalarda "Navbahor" tempni yanada ko‘tardi, natijada Muhsinjon Ubaydullaev ikkinchi sariq kartochkani olishga majbur bo‘ldi. Bir kishi ko‘p bo‘lib 3-4 daqiqa harakat qilgan "Navbahor" o‘yinda burilish yasay olmadi.
Xulosa o‘rnida:
Mo‘minjonov bahs oldidan o‘ylagan barcha rejalarini amalga oshirdi. O‘yinning kattaroq qismini raqibga berib, qolganidan unumli foydalandi. "Neftchi"ni butun o‘yin davomida himoyalandi, deb bo‘lmaydi. "Navbahor" ham butun bahs davomida ustunlik qilmadi. Yakunda, durang! O‘ylashimcha, bu adolatli natija. "Navbahor" qanchalar gol urishni istagan bo‘lsa, "Neftchi" undan biroz ko‘proq gol o‘tkazib yubormaslikka urindi.
Fikrlar