
“Navbahor”da 15 nafar legioner ko‘rikdan o‘tadi. Ular orasida Ispaniya, Portugaliya, Gollandiya va boshqa mamlakatlardan futbolchilar bor
O‘tgan mavsumda bronza medali sohibiga aylangan Namanganning “Navbahor” jamoasi yakunlangan mavsumda 9-o‘rin bilan kifoyalandi. Albatta, ushbu salbiy natija klub rahbariyatini qoniqtirmaganligi aniq. Shu bois, jamoa tarkibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi rejalashtirilmoqda.
Xabaringiz bor, 17 dekabrdan qishki transfer “oynasi” ochildi va 2020 yilning 7 martigacha davom etadi. Mazkur vaqt oralig‘ida “Navbahor” murabbiylar shtabi bir qator mahalliy va xorijlik mahoratli hamda tajribali futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazib, ulardan ma’qul kelganlari bilan shartnoma imzolaydi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “lochinlar” yangi mavsumga tayyorgarlikni 2020 yilning 7 yanvaridan boshlashadi. Mashg‘ulotlarga jamoa bosh murabbiyi, rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskis boshchilik qiladi. Kanchelskis Namanganga 6 yanvar kuni etib keladi.
7 yanvardan boshlanadigan mashg‘ulotlarda bir qator mahalliy futbolchilar bilan birgalikda 15 nafar xorijlik o‘yinchilarning ham ko‘rikdan o‘tishlari kutilmoqda. Mazkur futbolchilar Rossiya, Ukraina, Gollandiya, Makedoniya, Ispaniya, Portugaliya, Serbiya va Misr mamlakatlaridan yurtimizga tashrif buyurishadi.
O‘z navbatida shuni ham qayd etish joizki, “Navbahor” tarkibini rasman rossiyalik hujumchi Aleksandr Kasyan tark etdi. Qolgan futbolchilarning taqdirlariga esa keyinchalik oydinlik kiritiladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Fikrlar
Ko‘zlaringiz ko‘r boplmasa bo‘ldi