"Navbahor" "Turon"ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida jangovar durang qayd etdi

  • 14 noyabr, 2021, 23:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, FIFA kunlari munosabati bilan ayni kunlarda Coca Cola Superligada biroz tanaffus yuzaga kelgan. Mazkur tanaffusdan unumli foydalanish, futbolchilar o‘yin amaliyotlarini yo‘qotmasliklari uchun “Navbahor” jamoasi bugun o‘z maydonida Yaypanning “Turon” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi.

Tecno

Mazkur uchrashuvda jangovar durang – 2:2 hisobi qayd etildi.

O‘yin borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, uchrashuvning 1-bo‘limida “Navbahor” ustozi Viktor Jalilov maydonga asosan tajribali va etakchi futbolchilarni tushirganligi bois, tashabbus ko‘proq “lochinlar” tarafida bo‘ldi.

Maydon egalarining navbatdagi hujumlaridan birida yaypanliklar o‘z maydonchalari tarafida o‘yin qoidasini buzishdi. Natijada uchrashuv bosh hakami Muzaffar Mamatxanov mehmonlar darvozasi tomon jarima zarbasi belgiladi. Darvozadan 30 metrlar chamasi uzoqlikdan belgilangan  jarima zarbasini esa “Navbahor” sardori Azimjon Ahmedov ajoyib tarzda amalga oshirib, o‘zining “pushka” zarbasi bilan to‘pni darvozaga “mixlab” qo‘ydi hamda tanaffusga 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan chiqib ketishini ta’minladi. 

Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoa tarkibida bir qator o‘zgarishlar yuz berib, “lochinlar” ustozi Viktor Jalilov maydonga yosh futbolchilarni tushirib, sinab ko‘rdi.

Ikkinchi 45 daqiqalikda muvozanatni tiklashga intilgan Bahrom Hakimov shogirdlari hujumkorlikni kuchaytirishdi. Yaypanliklarning navbatdagi hujumlaridan birida “Navbahor” a’zolari o‘z jarima maydonchalari yaqinida o‘yin qoidasini buzishdi. Natijada bu safar mezbonlar darvozasiga jarima zarbasi belgilandi. Darvozadan 20 metrlar chamasi uzoqlikdan belgilangan jarima zarbasini Namangan futboli tarbiyalanuvchisi, “Turon”ning mahoratli hujumchisi Bilol Toshmirzaev amalga oshirib, to‘pni kuchli zarb bilan darvozaga aniq yo‘naltirgan holda, hisobni tenglashtirdi – 1:1.

Shundan so‘ng, o‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Mezbnolarning yosh futbolchilari maydonda o‘z mahoratlarini namoyish etishga harakat qilishdi. Lekin hujumlarni yakuniga etkazish borasida ularga biroz tajriba etishmadi.

namangan2

Yaypanliklarning navbatdagi hujumlaridan birida esa janubiy koreyalik  hujumchi Kim Boyong jamoasining navbatdagi hujumini samarali tarzda yakunlab, “Turon”ni hisobda oldinga olib chiqdi – 1:2.

O‘tkazib yuborilgan to‘pdan so‘ng, hisobni tenglashtirishga harakat qilgan Viktor Jalilov shogirdlari hujumkorlikni kuchaytirishdi.

Mezbonlarning navbatdagi hujumlaridan birida mehmonlar o‘z jarima maydonchalari ichida Sardor Telyakovga nisbatan o‘yin qoidasini buzishdi. Natijada bosh hakami Muzaffar Mamatxanov “Turon” darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Penaltini jabrlanuvchining o‘zi aniq amalga oshirib, yakuniy hisobning 2:2 ko‘rinish olishini ta’minladi. 

“Navbahor” – “Turon” – 2:2 (1:0)

Namangan. “Markaziy” o‘yingoh.

Bosh hakam: Muzaffar Mamatxanov.

“Navbahor”: Rahimjon Davronov, Boyan Tsiger,   Xushnudbek Avilov, Azimjon Ahmedov, Sardor Telyakov, Mirzohid G‘ofurov, Shohruh Mahmudhojiev, Ilhomjon Alijonov, Abbos G‘ulomov, Boyan Naydenov, Zabihillo O‘rinboev.

Zaxiradan maydonga tushganlar:  Islomjon Abdullaxonov, Komiljon Tojiddinov, Mirzohid Mirzamahmudov, Javohir Husanov, Hojiakbar Yunusov, Tohir Rafaelov, Husayn Ergashboev, Aziz Koshibxanov.

“Turon”: Nizomiddin Ziyovuddinov, Asliddin Toshtemirov, Sardor Abduraimov, Sunnatilla Abdullajonov, Humoyun Murtazoev, Muzaffar Muzaffarov, Fozil Musaev, Vladislav Kasminin, Kim Boyong, Deyan Ponevich, Bilol Toshmirzaev.

Zaxiradan maydonga tushganlar:  Akmal Ortiqov, Abduqahhor Hojiakbarov, Davron Umirov, G‘iyosjon Komilov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Otabek Zokirov, Jahongir Mehmonov, Rustam Azimov. 

Gollar: Azimjon Ahmedov, 29 – 1:0. Bilol Toshmirmazev, 51 – 1:1. Kim Boyong, 80 – 1:2. Sardor Telyakov, 86-pen. – 2:2.

“Navbahor” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!