
"Navbahor" o‘yinchisi "Bunyodkor"ga qarshi o‘yin, futbolga kirib kelishi va muxlislar haqida gapirdi
“Navbahor” jamoasi safida to‘p surayotgan namanganlik futbolchi Sardor Telyakov “lochinlar”ni “Bunyodkor” ustidan g‘alaba qozonishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan gol muallifiga aylandi.
Aynan Sardor hisobni tenglashtirgach, “Navbahor” futbolchilari ruhlanib, jamoaga g‘alaba keltirgan ikkinchi golni ham urishdi. Muborakda o‘tkaziladigan navbatdagi tur uchrashuvidan oldin Sardor Telyakov bilan qisqacha suhbat uyushtirdik. Quyida futbolchining fikrlari bilan tanishasiz.
“Bunyodkor” bilan o‘yin borasida
- To‘g‘risini aytganda, o‘zim “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lganim uchun har doim “qaldirg‘ochlar”ga qarshi o‘ynash juda qiyin bo‘ladi. So‘nggi uchrashuvda gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin ruhan tushkunlikka tushmadik. Muxlislarimiz ishonchini oqlash maqsadida bor kuch va mahoratimizni ishga soldik. Natijada raqib darvozasini ikki bor nishonga olib, ishqibozlarimizga Namanganda uzoq kutilgan g‘alabani taqdim etdik. Shu o‘rinda uch ochkoni qo‘lga kiritishimizda murabbiylarimizning ko‘rsatmalari va topshiriqlari ham katta ahamiyatga ega bo‘lganligini aytib o‘tishim joiz.
Otasi haqida
- Futbolchi sifatida shu darajaga etishimda otamning xizmatlarini alohida e’tirof etish joiz. Aynan ularning maslahatlari va o‘gitlari samarasi o‘laroq, bugungi kunda “Navbahor”dek klub sharafini himoya qilmoqdaman. Otam o‘zlari “Navbahor”da to‘p surganliklari uchun meni ham jamoa futbolchisi bo‘lishimni istardilar. Har doim ularning ishonchlarini oqlash uchun tinmay mehnat qilishga tayyorman. Otamning har bir o‘yin oldidan va uchrashuvdan keyin beradigan maslahatlari men uchun juda qadrli. Doimo harakatlarimga tanqidiy ko‘z bilan qarab, xato va kamchiliklarimni ko‘rsatib turadilar. Mahoratli futbolchi sifatida shakllanishimni va o‘sishimni istayotganliklari sababli shunday yo‘l tutadilar.
Futbolga kirib kelishi haqida
- Futbolchi oilasida dunyoga kelganman. Otam Akmal Telyakovni ko‘pchilik futbol muxlislari yaxshi tanishadi. Dadam ko‘p yillar davomida “Navbahor” jamoasida o‘ynaganlar. Ot izini toy bosar, deganlaridek, futbolchi bo‘lishimda otamning hissalari katta.
4-5 yoshimda otam futbol maktabida murabbiy sifatida ishlab yurgan kezlarida o‘zimdan katta yoshli bolalar bilan mashg‘ulotlarga qo‘shardilar. Aynan shu jarayon ham futbolchi bo‘lishimda muhim o‘ringa ega.
Yoqtirgan futbolchilari
- Yoshligimda Braziliya terma jamoasiga muxlislik qilardim. Shu sababli jahonning mahoratli futbolchilaridan biri Ronaldoning o‘yinlariga havas qilib, unga o‘xshagim kelardi. Garchi otamni o‘yinlarini ko‘rmagan bo‘lsam-da, ularga o‘xshagan futbolchi bo‘lish orzum bo‘lgan. O‘zimizning futbolchilardan esa Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Server Jeparov kabi futbolchilarning o‘yinini miriqib tomosha qilardim.
Muxlislar haqida
- Namanganlik ishqibozlarning dong‘i nafaqat mamlakatimiz, balki boshqa davlatlarga ham ketgan. Aynan ularning jamoani qo‘llab-quvvatlashi har qanday futbolchiga qo‘shimcha kuch beradi. Jamoamizning ko‘plab yutuqlarida muxlislarimizning hissasi borligini barcha yaxshi bilsa kerak. Bir so‘z bilan aytganda, biz – futbolchilar muxlislarimiz bilan faxrlanamiz.
Ma’lumot uchun:
Sardor Telyakov - 1994 yil, 14 yanvarda Namangan shahrida tug‘ilgan.
Birinchi murabbiylari: Aleksandr Lyan, A’zam Rajabbaev.
Futbolchilik faoliyati davomida “Navbahor” yoshlar jamoasi, “Kosonsoy“ (Kosonsoy) va “Istiqlol” (Farg‘ona) jamoalarida to‘p surgan. 2020 yildan beri “Navbahor” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda.
"Navbahor" matbuot xizmati.
Fikrlar