“Navbahor” murabbiyi muxlislar havotiriga sabab bo‘lgan mag‘lubiyat, Superliga va kubokdagi omadsiz ishtirok, jamoaning maqsadi va boshqalar haqida

  • 8 fevral, 2021, 20:50
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Viktor Jalilov “Navbahor”da ishlagan kezlari ko‘plab yoshlarni kashf etib, ularni asosiy tarkibga jalb etgandi. 1999 yili Shuhrat Mirxoldirshoev, Sanjar Asqaraliev singari iqtidorli futbolchilar qatorida bo‘lgan Sherzod Jo‘raev bugungi kunda “Navbahor” murabbiylar shtabida No‘’mon Hasanovga yordamchilik qilmoqda. Klub matbuot xizmati ayni payt Turkiya yig‘inida jamoa bilan birga bo‘lib turgan Jo‘raev bilan suhbatlashdi.

Tecno

photo_2021-02-08_17-10-39

- Toshkentdagi mashg‘ulot jarayoni qanday o‘tdi?

- Yig‘inni a’lo darajada o‘tkazdik, deb bemalol ayta olaman. Bizga zarur sharoitlarni yaratib berishayotgani uchun Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzaqov hamda “Navbahor” klubi vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatovga minnatdorlik bildirmoqchiman. Toshkent yig‘ini davomida bir nechta o‘yinlar o‘tkazdik. Bosh murabbiy rejasiga muvofiq tarzda kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazdik.

- Nazorat-sinov o‘yinlariga batafsilroq to‘xtalsangiz...

- Bunday paytlarda yuklamalar katta bo‘ladi, kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazish tufayli nazorat o‘yinlari payti futbolchilarning qiyinchiliklarga duch kelishlari tabiiy hol. Namanganda ham, Toshkentda ham o‘yinchilar xuddi shunday yuklamalar bilan maydonda harakat qilishdi.

- “Oq-tepa” bilan o‘yinda yirik hisobda imkoniyat boy berilishi ko‘pchilikni xavotirga soldi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Mazkur o‘quv-yig‘inida asosan yosh futbolchilar tarkibga jalb qilindi. Ularning nimalarga qodirligini o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali aniqlab olishga harakat qilindi. Yoshlar tarkibidan asosiy jamoaga o‘tish jarayoni oson kechmaydi. “Oq-tepa” bilan o‘yinda hisobning yirik ko‘rinish olishiga shu sabab. Umuman, o‘sha uchrashuvning birinchi bo‘limida yigitlar juda yaxshi to‘p tepishdi, lekin yuqorida ta’kidlaganimdek, mashg‘ulotlarda olinayotgan yuklamalar o‘z so‘zini aytmay qolmadi.

- Selektsiya ishlarining olib borilishi haqida nima deya olasiz?

- Ko‘ryapsiz, har bitta chiziqqa saviyasi teng bo‘lgan futbolchilar olinyapti. Misol uchun, Quvondiq Ro‘ziev, Bahrom Abdurahimov, Serbiyadan Nikola Tasich va Marko Putinkanin olib kelindi. Muhimi, o‘tgan yilgi jamoaning o‘zagi saqlab qolindi. Qo‘shimcha tarzda tarkibga tajribali, o‘yinni kuchaytirishga qodir futbolchilar jalb qilindi.

- Sizningcha, ushbu tarkib bilan bo‘lajak mavsumda jamoamizda kuchli uchlikdan o‘rin olish imkoniyati bormi?

- Nasib qilsa, albatta, shunday bo‘ladi. Har doim aytganman, Namanganda avvaldan chiroyli futbol bo‘lgan, hozir ham bor, kelgusida ham bo‘ladi.

Sherzod_Jo‘raev_rasmlari_-_9

- O‘zingiz “Navbahor”da to‘p tepgansiz, mahalliy muxlislar sizni yaxshi tanishadi. Umuman, futbolga kirib kelishingiz qanday ro‘y bergan, bunga kimlar sababchi?

- Avvallari bilsangiz, murabbiylar mahallalar va maktablardagi futbol o‘yinlarini ham kuzatishardi. O‘sha kezlari uyimizga yaqin hududda joylashgan maktablar maydonida futbol o‘ynab yurganimizda, murabbiylar o‘yinimni ko‘rishgan. Futbolga kirib kelishimga O‘tkir aka hamda Ahmad akalar (Xolmirzaev) sababchi. Keyinchalik German Titov nomidagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga meni olib ketishgandi. Bugungi kunda futbol sohasidan uzoqlashmagan tanishlarim juda ko‘p. Masalan, Sanjar Asqaraliev, Shuhrat Mirxoldirshoev, katta futbolda bizga ko‘p yordam bergan Rashid G‘ofurov, Xayrullo Karimov hamon futbol bilan hamnafas. Shuningdek, “Navbahor”da o‘ynab yurgan kezlarim Saydullo Tursunov, rahmatli Tohir Madrahimov juda katta yordam bergan.

- “Navbahor”da to‘p tepish orqali qanday taassurotlarga ega bo‘lgansiz? Deylik, bugungi kunda klubda maslahatchi-murabbiy vazifasini bajarayotgan Viktor Jalilov qo‘l ostida ham o‘ynagansiz...

- Bu insonni juda qattiq hurmat qilaman. “Navbahor”ga ilk bor kelgan paytlarim Viktor Romanovich men uchun ikkinchi otamdek qadrdon bo‘lib qolgandi. Uning qo‘l ostida imkon qadar munosib tarzda to‘p tepishga intildik, elga tanildik. O‘sha paytlari bu mutaxassisdan o‘rganganlarimiz hozirgi kunda bizga asqotyapti. Jalilovning odamlar bilan gaplashishi, o‘yin payti o‘zini qanday tutishi, shunga o‘xshash jihatlarni undan o‘rganganmiz.

- Futbolchilik davringizda juda ko‘p murabbiylar qo‘l ostida o‘ynagansiz. Ular orasida eng katta taassurot qoldirgani kim?

- Ko‘proq Viktor Romanovich qo‘l ostida o‘ynaganmiz. Murabbiylik faoliyatimda Deyan Jurjevich, Andrey Kanchelskis bilan birga ishladim, bugungi kunda No‘’mon Hasanov bilan yonma-yon ishlayapmiz, ulardan ko‘p narsa o‘rganyapman. Futbolchilik davrimdagi ustozlarim haqida aytadigan bo‘lsam, yuqorida ta’kidlaganimdek, ko‘p narsalarni aynan Jalilovdan o‘zlashtirganman. Viktor Romanovich jamoada qandaydir muammo vujudga kelsa, uni o‘ta bosiqlik bilan hal qilardi, o‘yin payti turli uslublarni qo‘llab, murakkab vaziyatdan chiqib ketishidan yorqin taassurot olganman. Mavridi kelganda, e’tirof etmoqchimanki, Viktor Romanovichning “Navbahor”da yana ish boshlagani juda quvonarli hol. Chunki o‘tmishda namanganlik ko‘plab iqtidor egalarini kashf etgan mutaxassis endilikda yana ushbu ezgu ishini davom ettirishiga shubha qilmayman. Uning bu boradagi juda katta tajribasi bor.

- O‘tgan yili “Navbahor”ning Superligada omadsiz ishtirok etishiga, sizningcha, nimalar sabab bo‘ldi?

- Albatta, pandemiya o‘z so‘zini aydi. Chunki uzoq vaqt futbolsiz qolib ketdik, keyin esa birdaniga chempionat Toshkentda markazlashtirilgan tarzda davom ettirildi. Poytaxtda futbolchilarimizda kasallik aniqlandi, optimal tarkibni maydonga tushirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldik. Qolaversa, jarohatlar, qizil kartochkalar pand berdi. Oqibatda muhim ochkolarni yo‘qotdik. Fursatdan foydalanib, futbolchilarga rahmat aytmoqchiman. Virusdan to‘liq xalos bo‘lib, tuzalishganidan keyin “Navbahor” safida bor kuchlarini berib harakat qilishdi, o‘zlarini ayashmadi. Holsizlanib qolishganda ham maydonga chiqib, to‘p tepishdi. Misol uchun, Azimjon Ahmedov, Azizbek Turg‘unboev, Mirzohid G‘ofurov juda qiyin ahvolda ekanligiga qaramay qatnashishdi. Albatta, bu bilan o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz, lekin astoydil harakat qilishimizga qaramay, karantin jarayonida cheklovlar, baribir, o‘yinlarga to‘laqonli hozirlik ko‘rish imkoniyatidan mahrum qildi.

- O‘zbekiston kubogida-chi? Jamoaga omad etishmadimi?

- Ko‘rdingiz, O‘zbekiston kubogining chorak finali doirasidagi “Nasaf”ga qarshi bahs noqulay ob-havo sharoitida kechganiga qaramay, yigitlar maydonda bor kuchlarini sarflashdi. Maqsadimiz juda yuqori edi, O‘zbekiston kubogida finalga chiqish niyatida edik. Namanganda o‘tkazilgan hal qiluvchi bellashuvda qatnashish uchun borimizni berdik, ammo birozgina omad etishmasligi natijasida yutqazib qo‘ydik. Futbolda omad katta ahamiyatga ega.

- Jamoa mashg‘ulotlarni Turkiyada davom ettirmoqda...

- Bunday yig‘inlar jamoa uchun foydadan xoli emas. Mashg‘ulotlar Turkiyada olib borilmoqda. Namangan hamda Toshkentdagi yig‘inlarda amalga oshirilgan ishlar samarasi bu erdagi o‘rtoqlik o‘yinlari orqali namoyon bo‘ladi. Xorijda sparring-raqib sifatida kuchli raqiblar tanlanishi katta naf keltirishiga shubham yo‘q.

- Yangi mavsumda “Navbahor” oldiga qanday maqsadlar qo‘yildi?

- Bilasiz, “Navbahor” har mavsumni faqat chempionlik, kubok sohibi bo‘lishni niyat qilgan holda boshlaydi. Shunday ekan, an’analarga sodiq qolib, bu yil ham faqat yuqori marralarni ko‘zlaymiz.

- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz? Futbolchilik paytingizda biror kumiringiz bo‘lganmi?

- Bolaligimdan “Manchester Yunayted”ga ishqibozlik qilganman. Hozirgacha shunday. Rayan Giggzning o‘yinlarini miriqib kuzatganman, unga havas qilganman.

- “Navbahor” muxlislariga tilaklaringiz...

- Futbolchilik paytimda stadionni to‘ldirib o‘tiradigan “Navbahor” muxlislari qarshisida to‘p tepishdan o‘zgacha zavq olardim. Bizning ishqibozlar jamoani chin dildan yaxshi ko‘rishadi. Shu muxlislar hurmati “Navbahor” bilan yuqori natijalarga erishishimiz kerak. Jonkuyar ishqibozlarga sog‘lik-salomatlik tilayman, chunki ular bor ekan, Namanganda futbol umrbod yashaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!