"Nasaf"ning yangi futbolchilari tanishtirildi!

  • 8 mart, 14:35
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qarshi shahridagi Yoshlar markazida "Nasaf" futbolchilari va murabbiylari, muxlislar hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Berdialievich Azimov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida "Nasaf"ning o‘tgan mavsumdagi yutuqlari esga olindi.

Tecno

Viloyat hokimi Murotjon Azimov "Nasaf" klubining viloyat aholisi uchun naqadar muhim ekanini ta’kidlab, ularning har bir g‘alabasi muxlislarga yuqori kayfiyat ulashishini qayd etdi. Shuningdek, jamoaning yangi mavsumda ham sovrinlarni qo‘lga kiritishi va o‘tgan mavsum Superliga chempioni sifatida chempionlikni saqlab qolishi zarurligini ta’kidladi.

So‘zga chiqqan klub prezidenti, "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" bosh direktori barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, muxlislarning jamoa uchun katta kuch ekanini alohida e’tirof etdi. Aynan ularning qo‘llab-quvvatlashi va jamoaning jipsligi tufayli "Nasaf" o‘tgan mavsum orziqib kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritgani ta’kidlandi. U yangi mavsumda ham asosiy maqsad chempionlikni qo‘lga kiritish ekanini bildirdi.

Jamoa afsonasi va tajribali murabbiy Ro‘ziqul Berdiev jamoaning katta yutuqlarga erishishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berayotgan viloyat hokimligi hamda bosh homiy "Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi" rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. U bildirilgan ishonchni oqlash uchun jamoa tinimsiz harakat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, so‘zga chiqqan Abduvohid Ne’matov hamda Superliganing so‘nggi yillardagi eng yaxshi to‘purarlaridan biri, "Nasaf" safida debyut qilgan Dragan Cheran ham muxlislar ishonchini oqlashga va’da berishdi.

Tadbir yakunida jamoaga yangi qo‘shilgan futbolchilarga o‘z raqamlariga ega futbolkalar tantanali ravishda topshirildi:

Rubin Hebay – 99
Oleksandr Vorobey – 1
Dragan Cheran – 10
Suhrob Nurulloev – 17
Umarbek Eshmurodov – 92
Husayn Norchaev – 18

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!