
Namanganda haqiqiy drama yoxud "Andijon" "Navbahor"ga yana 3 ta gol urdi
Superliganing so‘nggi turini “yondirgan” o‘yin shubhasiz “Navbahor” – “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi vodiy derbisi bo‘ldi. Yaqinda O‘zbekiston Kubogi finalida ham mazkur klublar to‘qnash kelib unda “Andijon”ning 3:2 hisobida qo‘li baland kelgani holda Kubokni boshi uzra ko‘targani yoqimli onlarni taqdim qilgan bo‘lsa, bu namanganliklar uchun tabiiyki, yoqimsiz edi.
Bu azaliy raqiblarning navbatdagi to‘qnashuvi ham doimgidek katta qiziqishlar doirasida bo‘ldi. Har qanday holatda ham g‘alaba uchun kurashadigan “Lochinlar” va “Burgutlar” qarama-qarshiligi ochiq futbolga aylanib ketdi. Bahs mobaynida jamoalarda yaqqol golli imkoniyatlar etarlicha kuzatildi. Darvozabon Eldor Adhamov bir qator vaziyatlarda o‘z mahoratini namoyish etdi. Bo‘limning oxirida, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada markazdan ajoyib to‘p uzatilishini Sardor Azimov gol bilan yakunlashga erishdi. Lekin o‘sha vaziyatda uning o‘zi qo‘lidan jarohat olgani bois majburiy o‘zgarishga qo‘l urildi.
Ikkinchi bo‘lim yanada qiziqarli kechdi va gollarga boy tarzda kechdi. Tanaffusdan so‘ng ham “Andijon” Eldor Suyunov darvozasi oldida keskin va xavfli hujumlarni sodir etishda davom etdi. Biroq 53-daqiqada “Navbahor” penaltidan hisobni tenglashtirdi. Bu vazifani Jamshid Iskanderov bajardi. Oradan ko‘p o‘tmasdan namanganliklarning serbiyalik legioneri Yovan Jokich jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Lekin mezbonlarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan ikki daqiqa o‘tgach, o‘z imkoniyatlaridan foydalanishda omadi chopmayotgan Rustam Turdimurodov bu safar hammasini to‘g‘ri bajargan holda imkoniyatdan unumli foydalanib hisobni tenglashtirdi. 71-daqiqaga kelib esa “Andijon” yana hisobda oldinga chiqib oldi. Bu safar himoyachi Islom Mamatkazin jarima maydoni ichida to‘pni oxistalik bilan darvozaning yuqori qismiga joylab qo‘ydi. U O‘zbekiston Kubogi finalida ham namanganliklar darvozasini ishg‘ol qilgani muxlislarning yodida. Xuddi Kubokda bo‘lgani sabi bu gal ham “Andijon” safarda “Navbahor” ustidan 2:3 hisobida g‘alaba qozonayotgani tabloda porlab turgandi. “Burgutlar” uchinchi goldan keyin ham yana qator golli imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Bektemir Abdumannonov kutilmaganda to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga yo‘llay olmay qoldi. Aks holda o‘yin taqdiri hal qilingan bo‘lardi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqaning oxirgi soniyasida, 90+7-daqiqada “Navbahor” hisobni tenglashtirgan holda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Stadiondagi muhit o‘yinga mos tarzda “yondi”. “Andijon” fan-klubi yuqori darajadagi faolligini namoyish qildi va jamoani qo‘llab-quvvatladi. Bu ham albatta jamoa a’zolariga qo‘shimcha motivatsiya bag‘ishlab turdi.
“Andijon” bu yil “Navbahor”ga qarshi jami to‘rt marta maydonga tushdi. 2 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat kuzatildi. “Burgutlar” bungacha birinchi davrada va Kubok finalida raqib darvozasiga 3 ta gol urgandi va bu o‘yinda ham ular yana 3 ta gol urishdi. Umumiy hisobda “Andijon” to‘rtta uchrashuvda 10 ta gol urdi va 7 ta to‘p olib chiqdi.
“Navbahor” – “Andijon” – 3:3 (0:1).
30 noyabr. Namangan. “Markaziy” stadion. 7500 tomoshabin.
Hakamlar: Doston Mirzaraimov, Ruslan Serazetdinov, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov
Zaxira hakami: Mumtoz Toshmurodov
Nazoratchi: Baxtiyor Namozov
Komissar: Oybek Yunusov
“Navbahor”: Eldor Suyunov, Saidazamat Mirsaidov, Filip Ivanovich (Ruslan Jiyanov, 57), Farruh Sayfiev (Komil Tojiddinov, 46), Azim Ahmedov, Siyavash Haqnazari, Odil Hamrobekov, Yovan Jokich, Jamshid Boltaboev, Jamshid Iskanderov, Giorgi Nikabadze (Navro‘z Iminjonov, 46).
“Andijon”: Eldor Adhamov, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov (Farhod Sohibjonov, 66), Sardor Azimov (Ilhom Alijonov, 46), Levan Arveladze, Muhammadkarim Toirov (Farhod Bekmuratov, 66), Damir Temirov, Bektemir Abdumannonov (Abinur Nurimbet, 90+4), Rustam Turdimurodov (Shaxrom Samiev, 80).
Gollar: Sardor Azimov, 45+1 – 0:1. Jamshid Iskanderov, 53-pen. – 1:1. Yovan Jokich, 58 – 2:1. Rustam Turdimurodov, 60 – 2:2. Islom Mamatkazin, 71 – 2:3. Ruslan Jiyanov, 90+7 – 3:3.
Ogohlantirishlar: Azim Ahmedov, 14. Filip Ivanovich, 41. Odil Hamrobekov, 90+1 – Damir Temirov, 73. Rustam Turdimurodov, 80.
Fikrlar