
Mubin Ergashev "Istiqlol"ning vaqtincha bosh murabbiyi! Vitaliy Levchenko-chi?
Tojikistonlik mutaxassis Mubin Ergashev vaqtincha “Istiqlol” klubining vaqtichna bosh murabbiy vazifasiga tayinlandi. U ilgari ham ushbu klub tizimida ishlagan. “Pro” murabbiylik litsenziyasiga ega bo‘lgan Ergashev Osiyo Chempionlar ligasi 1\8 final doirasida Eronning “Persepolis” klubiga qarshi kechadigan o‘yinda “Istiqlol” bosh murabbiyi vazifasini bajaradi.
Eslatish kerakki, Mubin Asrorovich Saudiya Arabistonida tashkil etilgan Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasidagi uchrashuvlarda ham “Istiqlol” klubining vaqtincha bosh murabbiyi vazifasini bajargan, - deya klub matbuot xizmati xabar berdi.
Oqibatda, ko‘pchilikda amaldagi bosh murabbiy Vitaliy Levchenko qaerda, degan savol paydo bo‘ldi. Natijada Sports.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish uchun Levchenko bilan bog‘landi.
“Ha, buning uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Men Kievda UEFAning “Pro” toifasidagi murabbiylik litsenziyasini olish uchun o‘qiyotgandim. Shu bois Osiyo Chempionlar ligasida rasmiy ravishda bosh murabbiy vazifasini bajarish mumkin emas. Shuning uchun ham maxsus matbuot anjumani tashkil etildi. Kievda bo‘lgan paytda ham jamoadagi jarayonni nazorat qilib turdim. Shunday ekan, rasman bu ishdan chetlatilganim yo‘q. Ayni paytda Dushanbedaman va jamoani o‘zim boshqaryapman, o‘yinlarga tayyorlayapman hamda ularga o‘rgatyapman. Ishlar shunaqa, - dedi Vitaliy Grigorevich.
Eslatib o‘tamiz, 14 sentyabr kuni Dushanbeda Osiyo Chempionlar ligasi 1\8 final doirasida “Istiqlol” Eronning “Persepolis” klubini qabul qiladi.
Fikrlar