
Mourino Shomurodovni jahon chempionatida o‘ynagan futbolchiga almashtiradi
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino Qatardagi jahon chempionatida to‘p tepayotgan futbolchilar orasidan o‘ziga mosini topdi.
Portugaliyalik mutaxassis Serbiya terma jamoasi yarim himoyachisi Sasha Lukichni qo‘lga kiritmoqchi. Bu futbolchi “Torino” klubi sharafini himoya qiladi.
Lukich va Turin klubi rahbariyati o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Rimliklar vaziyatdan unumli foydalanib qolmoqchi.
Transfer bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, “Roma” Lukichni olish uchun “Torino”ga ikki nafar futbolchini taklif qilyapti.
Joze Mourino o‘yin amaliyotini bermayotgan Eldor Shomurodov Turinga yo‘l olishi mumkin. Rim klubi mutasaddilari Lukich transferida o‘zbekistonlik hujumchidan foydalanmoqchi.
Shomurodovning o‘zi ham "Torino"ga o‘tishga moyilligini bildirmoqda. Hamyurtimiz yaqinda "Kremoneze" chorlovini qabul qilmadi va faoliyatini jiddiyroq klubda davom ettirishini shu tariqa ko‘rsatib qo‘ydi.
Lukich bilan rokirovka qilinishi mumkin bo‘lgan yana bir o‘yinchi Marash Kubulladir. Albaniyalik markaziy himoyachi ham xuddi Shomurodov kabi etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti.
Sasha Lukichning o‘zi ham poytaxt klubiga ko‘chib o‘tishga moyillik bildirgan. Serbiya terma jamoasi jahon chempionatini tark etdi. Endi Lukich qishki transferlar vaqtida klubdagi faoliyatini rejalashtirishga vaqt ajratishi mumkin.
Fikrlar