
MMA bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Xabaringiz bor, ertaga Nukus shahrida ilk bora aralash jang san’atlarining havaskor yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur turnir Markaziy Osiyo aralash jang san’atlari Konfederatsiyasi (CAMMAC) hamda O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi hamkorligida takshil etilmoqda.
Mazkur chempionat avvalida Xalqaro MMA federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti Sherzod Toshmatov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi va ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan yo‘llangan savollarga javob qaytardi.
- Mazkur tashkil qilinayotgan Markaziy Osiyo chempionati g‘oliblarini navbatdagi bosqichi qanday musobaqalar bo‘ladi?
- K. Braun: Albatta, ushbu turnirda g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi. Biroq, ular uchun jahon chempionatiga chiqish imtiyozi bo‘ladi, degani emas. Jahon chempionatiga har bir mamlakat o‘zining kuchli vakillari bilan tashrif buyuradi.
- Jahonda baribir MMAning professional yo‘nalishiga qiziqish yuqori, havaskor yo‘nalishni ham ushbu darajaga chiqarishning imkoni bormi? Ehtimol, buning uchun IMMAF ning (Xalqaro MMA federatsiyasi) o‘ziga xos rejalari mavjuddir?
- K. Braun: Birinchi navbatda ushbu yo‘nalishning nufuzini oshirish lozim. Shuningdek, insonlarga bu yo‘nalishda mavjud qoidalar borligini va u qadar xavfli sport turi emasligini singdirishimiz lozim. Umuman olganda amalga oshirsa, bo‘ladigan ishlar va bu birdaniga ro‘y bermaydi. Misol uchun AIBA ni olaylik, ularda ham pasayish va ko‘tarilish vaqtlari bo‘lib turadi. Jahonda ro‘y bergan ba’zi muammolar tufayli, bizda ham to‘xtalishlar bo‘ldi. Shu holatdan kelib chiqqan holda baho bermasligingizni so‘ragan bo‘lardim. Bu vaqtinchalik holat edi va biz yana o‘z harakatlarimizni boshladik.
- Professional yo‘nalish bu o‘ziga xos biznes desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Shu nuqtai nazardan, hozirda promoushenlarning (UFC, “Bellator”, “One Championship”) nufuzi juda yuqori bo‘lib ketdi. Xalqaro MMA tashkilotlari (federatsiya, assotsiatsiya) esa biroz soyada qolayotgandek, balki ularga nisbatan ta’sir kuchini oshirish kerakdir?
- K.Braun: Promoushenlarning faoliyatiga aralasha olmaymiz. Albatta, biz birinchi navbatda barcha mamlakatlar bilan aloqani yaxshi yo‘lga qo‘yishimiz lozim bo‘ladi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan yaxshi munosabatni o‘rnatdik va endi yurtingizda bo‘lib o‘tadigan MMA kechalarini muntazam kuzatib boramiz va hamkorlikda ishlaymiz.
- Navbatdagi CAMMAC doirasidagi turnir qachon va qaerda bo‘ladi?
- Sh. Toshmatov: Biz har qanday turnirni o‘tkazishdan xursandmiz. Buning uchun barcha sharoitlar bor. Shuningdek, jahon chempionatini ham Toshkentda “Xumo” arenada o‘tkazish niyatimiz bor.
- Biror bir sport turini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish yo‘lida mashhur sportchilar ishtirokida master-klass, seminar va o‘ziga xos shoularni tashkil qilish ham qisman o‘z foydasini beradi. O‘zbekiston MMA terma jamoasining murabbiyi braziliyalik ekanligini inobatga olgan holda, ehtimol braziliyalik UFC yulduzlari Anderson Silva, Antonio Silva, Joze Aldo kabilarni taklif qilib, shunday tadbirlar o‘tkazish niyatinglar bordir?
- Sh. Toshmatov: Albatta, bunday tadbirlar ham o‘z samarasini beradi. Biz klublar ishtirokidagi “7 Fighting Serius” turnirini o‘tkazamiz. O‘zbekistondagi 23 ta klub g‘oliblik uchun o‘zaro bahs yuritadi. Xuddi, boksda WSB turnirida “Uzbek Tigres” nomini tanlab va ushbu jamoani ishtirokini yo‘lga qo‘yganimizdan keyin ular qanchalik mashhurlikka erishganlaridan xabaringlar bor. Aynan klublar o‘rtasidagi turnir ham o‘z natijasini beradi. Shuningdek, U1 turnirlarini ham o‘tkazamiz va ularga mashhur yulduzlarni ham taklif etamiz. Aynan ular ishtirokida master-kalss va turli seminarlar o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz.
- MMAni Olimpiada dasturidan o‘rin olishi haqida xabarlar ham paydo bo‘lgandi. Bu borada qanday fikrlarni bildira olasiz?
- K. Braun: Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Tomas Bax bilan yaxshi aloqadamiz. Bizning bosqichma-bosqich amalga oshiradigan ishlarimiz mavjud. O‘ylaymanki, vaqti kelib, MMA ham Olimpiada dasturidan o‘rin olishi mumkin. Biz hozir yoshlarimizga yo‘l ochib bermoqdamiz.
Fikrlar