
“Milliy xalq o‘yinlari — milliy g‘urur” tanloviga marhamat!
O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi mamlakatimizda milliy sport turlari va xalq o‘yinlari, etnosport turlarini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, bolalar-o‘smirlar hamda yoshlarni etnosport turlariga keng jalb qilish maqsadida “Milliy xalq o‘yinlari — milliy g‘urur” nomli maxsus roliklar tayyorlash va efirga uzatish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Manbaga ko‘ra, mazkur tanlovga taqdim etilayotgan ijodiy mahsulotlar – roliklarni tayyorlashda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish talab qilinadi:
- Tanlovga taqdim etilayotgan ijodiy mahsulotlarda avvalo xalqimiz orasida unutilib borayotgan milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini saqlab qolish hamda ularni yosh avlod orasida keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratish;
- Roliklarda milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda o‘zbek xalqiga xos qadriyat va urf-odatlarni targ‘ib qilish;
- Milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining aholi salomatligini mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatini ochib berish.
Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlarning vaqti 1-3 daqiqa oralig‘ida bo‘lishi, hajmi esa 100 megabaytdan oshmasligi talab qilinadi.
Shoshiling, tanlov 2022 yilning 1 noyabriga qadar davom etadi. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlarni info@minsport.uz elektron manziliga yuborasiz.
Eng yaxshi ijodiy mahsulotlar esa tanlov g‘olibi sifatida tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantiriladi hamda eng sevimli telekanallaringiz orqali efirga uzatiladi.
Fikrlar