Bugun klasiko bor yoxud chempionlik taqdirini hal qiluvchi bahs haqida!

  • 13 sentabr, 12:13
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasida 21-tur bellashuvlari davom etmoqda. Hozirgacha 4 ta bahs o‘tkazib bo‘lindi. Bugun esa yana ikkita o‘yin rejadan o‘rin olgan. Birinchi bo‘lib, "Qo‘qon-1912" o‘z maydonida "Qizilqum"ni qabul qilsa, boshqa bir Farg‘ona klubi - "Neftchi" "Paxtakor"ga qarshi "olovli to‘qnashuv"da qatnashadi. Quyida shular haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

"Qo‘qon-1912" - "Qizilqum"

Qo‘qonliklar oxirgi bahslarda bir o‘ziga kelgandek edi. Biroq so‘nggi turda raqobatchisi "Buxoro"ga mag‘lub bo‘lishi yana ikkilanishlarga sabab bo‘ldi. Bahrom Haydarov shogirdlari jadvalda xavfli zonada joylashgan. Qo‘lga kiritiladigan uch ochko evaziga jamoa bir necha pog‘ona yuqorilashi ehtimoli yuqori. Shu sababdan "shunqorlar" uyida o‘tadigan uchrashuvda g‘alaba uchun borini beradi.

"Qizilqum"da ishlar ancha joyiga tushdi. Ko‘p ehtimol bunga murabbiy almashinuvi ham sabab bo‘lsa ajab emas. Klub Superligada 9 ta o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Akmal Rustamov jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanganidan buyon klub umumiy 10 ta uchrashuv o‘tkazdi. Faqatgina, O‘zbekiston kubogida "So‘g‘diyona" "Qizilqum"ni enga oldi, xolos. Qolgan bahslarda 6 tasida durang, 3 tasida esa g‘alaba qayd etildi. Aniqki, "konchilar" ham seriyani uzoqroq davom etishini istashadi. Har bir erishiladigan ochko ularni "pulka"dan yiroqlashishiga yordam beradi.

Imkoniyatlar 

"Qizilqum"ning oxirgi natijalari o‘yin iziga tushib olgani hisobiga seriya davom etsa kerak. Ammo, mezbon sifatida "Qo‘qon-1912"ning yutqazishga haqqi yo‘q. Shu boisdan imkoniyatlar foizlarda 51-49 "Qizilqum" foydasiga.

"Paxtakor" - "Neftchi" (O‘zbek Klassikosi)

Bu jamoalar jadvalda qanday o‘rinda borishidan qat’i nazar ularning o‘zaro bahsi O‘zbekistondagi eng muhim o‘yinlardan biri hisoblanadi. Aksiga olib, ikki klub ham hozirda chempionlik uchun kurashishga harakat qilmoqda. Bu faktor esa o‘yin darajasini yanada oshirishi aniq. "Paxtakor"dan terma jamoalar yig‘inida  umumiy 14 nafar futbolchi ishtirok etdi. Bu "sherlar" uchun foydaga ham, zararga ham ishlashi mumkin. Ya’ni, charchoq sabab  futbolchilarning jismoniyatida pasayish bo‘lishi mumkin. Yoki, qolgan ko‘p klublardan farqli ravishda "Paxtakor"da tonusdagi futbolchilar ko‘proqligi, sport forma saqlanib qolganligi asqotish ehtimoli ham bor. Buni zarar, yo foydaga yo‘naltira olish bosh murabbiy Kamoliddin Tojievga bog‘liq.

Qiziq bir fakt bor ekan, "Neftchi" bu mavsum Superligada mehmondagi bellashuvlarda hali mag‘lubiyatga uchramapti. Superligada "Neftchi" o‘zi atigi 2 marta yutqazdi. Lekin, aynan bittasi uyda "Paxtakor"dan ekanligi, yana 0-4 hisobida ekanligi farg‘onaliklarda revansh kayfiyatini oshiradi. "Neftchi"da ham terma jamoa yig‘iniga jalb qilinganlar bor. Ammo, "Paxtakor"dagidek butun bir tarkib emas.

Statistika

O‘yinlar: 61 ta
G‘alabalar: 29-22
Durang: 10 ta
To‘plar nisbati: 101-70
Yirik g‘alabalar: 6-0, 0-4.

Imkoniyatlar 

Xulosa o‘rnida, so‘nggi yillardagi eng muhim va eng intrigaga boy O‘zbek Klassikosini tomosha qilayotganimiz uchun jamoalarga rahmat aytishimiz kerak. Imkoniyatlarga kelsak mutlaq tenglik 50-50.

Yahyoxon G‘aniev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!