
Millatlar Ligasi. Portugaliya hech qachon Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lmagan (prevyu)
Sobiq Yugoslaviya tarkibiy qismi hisoblangan Xorvatiya alohida davlat sifatida shakllangandan beri 5 marotaba Portugaliya bilan kuch sinashgan. Ularning naqd 4 tasida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, 1 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. 2019 yilda jamoalar o‘rtoqlik uchrashuvida 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishadi. O‘shanda Perishich tomonidan kiritilgan gol xorvatlar uchun o‘z tarixida birinchi bor Portugaliya darvozasining ishg‘ol qilinishi bo‘lgan edi.
Bugun ham Zlatko Dalich ixtiyorida eng kuchli futbolchilar to‘liq tarkibda mavjud emas. Portugaliyada ham so‘nggi xabarlarga qaraganda Ronaldu maydonga tushmaydi.
Portugaliya
Portugallarda yangi davr boshlanmoqda. Bunda Ronaldu ular tayanib qolgan yagona kuch emas. Yana avvalgidek ko‘plab etakchilar mavjud. Bugun Krishtianuning yo‘qligi Portugaliyaning favoritlik maqomiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Fernandu Santush esa terma jamoa tarixiga titullar bilan ham nomini o‘yib yozishda davom etmoqda. Millatlar Ligasining ilk mavsumidagi chempionlik unvoni ushbu jamoa uchun ancha katta ahamiyat kasb etardi.
Portugaliyaga qur’alar ancha omadsiz kelmoqda. “EVRO-2021” haqida gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Millatlar Ligasida ham Frantsiya va Xorvatiya joy olgan guruhga tushib qoldi. Kamiga Shvetsiya ham bor. Demakki, ushbu to‘rtlikdagi hech bir jamoaga oson bo‘lmasligi aniq.
Taxminiy tarkib: Patrisiu, Semedu, Fonte, Diash, Gerreyru, Nevesh, Fernandesh, Bernardu Silva, Gedesh, Felish, Andre Silva.
Xorvatiya
Zlatko Dalich ham o‘ziga yarasha katta obro‘ga ega mutaxassisga aylanib qoldi. Jahon chempionati finaliga nisbatan kamtarona tarkib bilan etib borishi katta natija edi. U o‘ziga yarasha yaxshi jamoa shakllantira olganini ham ta’kidlash zarur.
Jamoa tarkibidan ko‘rishimiz mumkinki, ushbu mavsumga ular jiddiy e’tibor qaratishgan. O‘tgan mavsumda ular guruhda qolib ketgan va Ispaniyadan sharmandali 0:6 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib olgan. Endi bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Taxminiy tarkib: Livakovich, Barishich, Yedvay, Lovren, Vrsalko, Kovachich, Brozovich, Pashalich, Perishich, Rebich, Kramarich.
Murabbiylar
Fernandu Santush: “Chorshanba kuni ertalab Ronalduning oyog‘i shishib ketganini ko‘rdim. Uni yakka tartibda shug‘ullanishga yubordik. Uning barmog‘i ari chaqqandek shishib ketgandi. Hozir ahvoli yaxshi. Ammo uning maydonga tushishiga shubham bor”.
Zlatko Dalich: “Bundan ham qiyin raqiblar bo‘lishi mumkinmi?! 3 kun ichida Evropa va jahon chempionlariga qarshi o‘ynaymiz. Biz Portugaliya va Frantsiyani hurmat qilamiz. Ammo tarkibimiz optimal holatda emas. Og‘ir mavsumdan so‘ng ular dam olishi kerak edi. Millatlar Ligasidagi natija biz uchun muhimligi aniq. Lekin futbolchilarning salomatligidan ham oldingi planga qo‘ya olmaymiz. Shuningdek, oldinda jahon chempionati saralashi va Evropa birinchiligi kutib turibdi”.
Xulosa o‘rnida
Santush nutqini Ronaldu mavzusi bilan yopdi. Boisi, ushbu terma jamoa haqida gap ketganda doimiy tarzda Ronaldu nomi qo‘shilib keladi. Psixologik tarzda jamoa to‘liq Krishtianuga bog‘lanib qolgan. Bu ularga muammolar tug‘dirishi ham mumkin. Tarkibda boshqa yulduzlar va etakchilar ham etarli. Ular o‘zlariga ishonchni shakllantirib olishmasa, kelgusida terma jamoada og‘ir avlodlar almashinuviga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Xorvatiya esa murabbiy aytganidek, optimal holatda emas. Uning ustiga, Ronaldu terma jamoada shunday o‘ringa egaki, o‘zi xohlagan paytda murabbiy ham maydonga tushishiga qarshilik ko‘rsata olmaydi.
Dalich esa qiyinchiliklarni yaxshi ko‘ruvchi kuchli taktik murabbiy. Mana uning mahoratini ko‘rishimiz uchun haqiqiy maydon. Favorit Portugaliyani o‘z mamlakati tarixida ilk marotaba engsa, unga olqishlarimiz!
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar