Millatlar Ligasi. Belgiya qariyb yarim asrdan beri Daniyani enga olmaydi (prevyu)

  • 5 sentabr, 2020, 20:05
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Millatlar Ligasini kechagi kun bahslari birmuncha tund atmosferada o‘tdi. Asosiy figuralarsiz kechgan Gollandiya - Polsha uchrashuvida bir qo‘l barmoqlari bilan sanash mumkin bo‘lgan vaziyatlar yaratildi. Italiya - Bosniya va Gertsegovina bellashuvi ham parallel o‘yindan u qadar farq qilmadi. Tushunamiz, og‘ir yildan so‘ng, dam olishsiz yangi mavsum boshlanib ketmoqda. Kimgadir hordiq chiqarish o‘ta zarur bo‘lgani yoki faoliyatidagi muhim o‘zgarishlar arafasida turgani uchun yig‘inga kelmaslikka ruxsat berildi. Ammo bunday futbolchilarning ko‘pligi Millatlar Ligasi bahslari sifatiga ta’sir o‘tkazmoqda. Yana bir tarafdan, endi jamoalar ushbu musobaqaga yanada jiddiy e’tibor qaratmoqdalar. Turnirga nisbatan munosabat dastlabkisidan farq qilmoqda. Aks holda, Polsha butun uchrashuvni himoyada o‘tkazmagan bo‘lardi. Jamoalarda eksperimentlar ham ancha kam ishlatilmoqda. Bunda murabbiylar o‘rtasidagi taktik kurash birinchi o‘ringa chiqadi.
Bugun-chi?! Bugun ikki turfa jamoa kurashiga guvoh bo‘lamiz. Biri Evropa futbolining yoshi ulug‘ ixlosmandlari uchun aslida kattaroq nomni anglatadi. Biri esa yosh muxlislar nazdida so‘zsiz favorit. Darhaqiqat, hozir Belgiyada “oltin avlod” shakllanib qoldi. Har bir chiziqda Evropa grand klublari vakillarini uchratish mumkin. Daniya esa doim “ko‘hna qit’a”ning o‘rtamiyonadan yuqoriroq darajadagi terma jamoasi bo‘lib kelgan. Bugungi qaydnomaga qarab, teng o‘yin guvohi bo‘lishimizga ishonch paydo bo‘lmoqda.

Tecno

birinchi
Daniya

Millatlar Ligasi har ikki jamoa uchun o‘ziga xos repetitsiya vazifasini o‘taydi. Ikki marta ushbu musobaqada to‘qnash kelgach ikki davlat vakillarining yo‘llari “EVRO-2021” guruh bosqichida kesishadi. Bugun Kasper Xyulmand ixtiyorida terma jamoaning optimal tarkibi bor. Raqiblarda bir nechta etakchilar tashrif buyurmaganini inobatga olsak skandinaviyaliklarning imkoniyatlari tenglashadi.
Taxminiy tarkib: Shmeyxel, Yorgensen, Vestergor, Kristensen, Ker, Dileyni, Eriksen, Vass, Breytueyt, Falk, Poulsen.

daniya
Belgiya

“Qizil iblislar” so‘nggi bor 2018 yilda mag‘lubiyatga uchragandi. O‘shanda Shveytsariya ularni 2:5 hisobida enggan. Buni qarangki, ushbu bahs aynan Millatlar Ligasida o‘tkazilgan. Daniya bilan o‘zaro o‘yinlar statistikasi ham yaxshi emas. Shu paytgacha 13 ta uchrashuvda Daniyaga qarshi saf tortgan belgiyaliklar ularning 4 tasida g‘alaba qozongan, 6 ta o‘yin daniyaliklar foydasiga hal bo‘lgan. Yana 3 ta uchrashuvda jamoalar durangga imzo chekkan.
E’tiborlisi, Belgiya Daniyani so‘nggi bor 1971 yilda enggan. 49 yillik noxush an’anani yakunlash uchun ham bugun ularga g‘alaba zarur.
Taxminiy tarkib: Minole, Mene, Alderveyreld, Vertongen, Kastan, Vitsel, Tilemens, Karrasko, Eden Azar, Mertens, Lukaku.

belgiya

Murabbiylar

Kasper Xyulman: “Biz juda qiyin raqib qarshisida turibmiz. Belgiya bu ulkan saviyali futbolchilarga boy bo‘lgan jamoa. Ularda taktik jihatdan ham ancha kuchli o‘yin mavjud. Ammo biz ham etarlicha kuchlimiz. Bu mening murabbiylikdagi ilk haftam. Men ushbu hafta davomidagina futbolchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazdim. Biroq ulardagi salohiyatni ilg‘ab olish uchun shuning o‘zi ham etarli bo‘ldi. Meni ranjitayotgan birgina narsa bu stadionning bo‘shligi. Muxlislarning yo‘qligi yaxshi bo‘lmayapti. Shunday bo‘lsa ham, biz tayyormiz va uchrashuv boshlanishini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz”.

Xyulman

Roberto Martines: “Kompani darajasidagi futbolchilarning o‘rnini bir yoki ikki marta yig‘in o‘tkazish orqali to‘ldirib bo‘lmaydi. Uning ketish qarori biz tayyor turishimiz kerak bo‘lgan narsa edi. Terma jamoa ma’muriyati nomidan unga faqat omad tilaymiz. Afsuski, futbolchilar qancha kuchli bo‘lmasin, ularni 100 yil olib qolishning iloji yo‘q. Bu hayot”.

Roberto Martines
Xulosa o‘rnida

Angliya va Islandiya nomi ko‘pchilikka qiziqarliroq bahsdek tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo Islandiyaliklar qaydnomasida ko‘plab etakchilar yo‘qligiga e’tibor bersak, inglizlar yaqqol favoritga aylanib qoladi.

last
Biz muhokama qilgan qarama-qarshilikda esa nisbatan teng tarkibga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Jamoalarda printsipiallik ham bor. Belgiya uchun bu kabi tarkib bilan 49 yillik salbiy natijaga barham berish dolzarb masala bo‘lishi zarur. Bugungi o‘yinda qaysidir jamoaning kichik hisobdagi g‘alabasini ko‘rsak kerak. Belgiya g‘alabaga asosiy da’vogar!

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!