
Millatlar Ligasi. Angliya va Belgiya ishtirokidagi uchrashuvlar uchun prevyu
Millatlar Ligasi A divizionining 2-guruhida amalda ko‘p narsa hal qilib bo‘lingan. Guruh g‘olibligi masalasi Bryusselda hal qilinadi. Favorit Belgiya pley-off masalasini hal qilish uchun Daniyaga mag‘lub bo‘lmasa bo‘lgani.
“Qizil iblislar”ga qarshi o‘zaro bellashuvda barchasini boy berib ulgurgan Angliya hali birorta ham ochko olmagan Islandiya bilan 90 daqiqa o‘tkazib qo‘yadi. Ushbu bahsda Garet Sautgeyt ancha tejamkor futbol ko‘rsatishi tabiiy.
Kecha yakuniga etgan boshqa guruhlardagi 6-tur uchrashuvlari ancha shiddatli va gollarga boy tarzda o‘tdi. Ochkolar hisobiga ko‘ra, ortda qolgan holda etib kelgan Ispaniya o‘z uyida peshqadam Germaniyaga javobsiz 6 ta gol kiritdi. Frantsiya guruh bosqichini mag‘lubiyatsiz va qariyb maksimal natija bilan yakunladi. O‘yinni shiddat bilan boshlagan Shvetsiya yakunda ketma-ket javob qaytara oldi. Portugaliya va Xorvatiya ishtirokidagi amalda hech narsani hal qilmaydigan to‘qnashuv haqiqiy dramaga aylanib ketdi.
Demakki, bugungi bellashuvlardan ham ochiq kurashlarga boy o‘yin kutishga haqlimiz.
Angliya - Islandiya
Angliya
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Garet Sautgeyt “tog‘liklar”ga qarshi bellashuvda etakchilarini asrashga urunishi aniq. Sababi, kuchsiz raqibga qarshi bu qadar intrigasiz o‘yinda futbolchilarning jarohat olishi hech kimga kerak emas.
Har qanday holatda ham inglizlarning 3-pog‘onani band etishi aniq bo‘lib ulgurgan.
Ammo biz ushbu bellashuvda bir qator yosh futbolchilarning porlashiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Islandiya so‘nggi paytarda ancha yopiq futbol namoyish etmoqda. Shu jihatdan, birinchi davradagi bahsda “uch sherlar”ga ancha qiyin bo‘lgandi.
“EVRO-2020” saralashida 8 ta o‘yinda 37 ta gol urgan Angliya Millatlar Ligasida o‘ziga o‘xshamadi.
Taxminiy tarkib: Xenderson, Uoker, Maguayr, Mings, Tripper, Rays, Uinks, Saka, Sancho, Keyn, Grilish.
Garet Sautgeyt: “Taxminimcha, Irlandiya va Belgiyaga qarshi bellashuvlarda bizni kuzatish ancha qiziq bo‘ldi. Hozirda jamoamiz murabbiylar shtabining e’tibori o‘z futbolimizni rivojlantirish va o‘yin tomonlama kuchayishga qaratilgan. Natija haqida esa keyinroq qayg‘uramiz. Bizning o‘z yo‘limiz bor. Har bir jamoada kuchli va kuchsiz jihatlar bo‘ladi. O‘z ustingizda ishlash orqali barchasini rivojlantirish mumkin. O‘ylashimcha, biz moslashuvchan ekanligimizni ko‘rsata oldik. Turli taktik uslublarda, pozitsiyalarimizni almashib harakat qila olishimiz mumkinligini isbot qildik. Martgacha biz barcha jihatdan tarkibimizni sinovdan o‘tkazib olishimiz muhim”.
Islandiya
4 yil avval qit’a birinchiligida barchamizni hayratda qoldirgan, “viking klab”ni butun futbol olamiga keng yoyilishiga sabab bo‘lgan va qaysidir ma’noda o‘z futbol brendiga ega jamoa sifatida yodimizda qolgan Islandiya joriy mavsum Millatlar Ligasi A divizionining eng muvaffaqiyatsiz jamoasi bo‘ldi. Haqiqatan ham, turnir avvalida to‘rtliklarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ehtimoliy autsayderlar ichida ular ham bor edi.
Bugungi Angliyaga qarshi kechadigan bahsda ular muxlislari hurmatidan ham hech bo‘lmasa, 1 ochko qo‘lga kiritishi talab etiladi. Ushbu holatda ularning B ligada faoliyat olib borishi ham qiyin kechishi mumkin.
Taxminiy tarkib: Runarsson, Ingason, Eyxolfsson, Arnason, Sevarsson, Sigurjonsson, Byarnason, Sigurdsson, Skulason, Bodvarsson, Gudmundson.
Erik Xamren: “Biz allaqachon B ligaga tushib ketdik, ammo siz doim nimadir uchun harakat qilib, maydonga tushasiz. Siz o‘z g‘ururingiz, o‘zingiz va jamoangiz uchun g‘alaba qozonishga harakat qilasiz. Milliy terma jamoa safida o‘ynar ekansiz, o‘z millatingiz uchun chin dildan harakat qilasiz va bu doim ham muhim hisoblanadi. Biz har doim ochkolar qo‘lga kiritish uchun o‘z imkoniyatlarimiz darajasida harakat qilamiz. Ochkoga hech qanday ehtiyoj bo‘lmasa ham, ushbu o‘yin har doimgidek ishtiyoq bilan harakat qilishga arziydi. Terma jamoamiz tarkibidagi ba’zi futbolchilar so‘nggi, ba’zilari esa ilk o‘yinida maydonga tushadi”.
Belgiya - Daniya
Belgiya
Roberto Martines qo‘l ostida Belgiya ancha yaxshi jamoaga aylanib bormoqda. Mag‘lubiyatga uchragan bellashuvlarini ham kuzatib chiqsak, “qizil iblislar”da potentsial borligiga guvoh bo‘lamiz. Angliyaga qarshi ikkinchi bellashuvni ham qanday yutgani ma’lum. Birinchi taymning avvalgi 20 daqiqasini ular misli ko‘rilmagan ulkan bosim bilan o‘tkazishdi. Ha, bu tavakkal oldinga tashlanish edi. 20 daqiqa ichidagi shturm naf keltirmagan taqdirda, jamoa himoyasi yaxshigina xavf ostida qolib ketardi. O‘yindagi ustunlik ularga ruhiy tomondan ham dominantlik maqomini taqdim etib, inglizlarga hech qanday imkoniyat bermadi.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Alderveyreld, Denayer, Boyata, Mene, Vitsel, Tilemans, Torgan, De Bryuyne, Mertens, Lukaku.
Roberto Martines: “Ularga qarshi birinchi davra bellashuvi ancha qiziqarli kechgandi. Ularda kuchli futbolchilar va jipslashgan jamoa bor. Ular bir-birini juda yaxshi tushunadi va murabbiy yangi g‘oyalarga to‘la. Bu hamma narsaga tayyor bo‘lgan kuchli jamoa. 5 ta o‘yinda 4 ta g‘alabaga erishdik. Jamoamning kayfiyati juda ajoyib. Ha, qiyin o‘yin bo‘lishi aniq, ammo yilni yaxshi kayfiyatda yakunlashni istaymiz. Futbolchilarim ertangi bahsning ahamiyatini to‘liq anglab turishibdi”.
Daniya
Kopengagenda kechgan bellashuvda uchrashuv natijasi uning kartinasiga mos bo‘lmagan ko‘rinish kasb etdi. Tezkor gol o‘tkazib yuborgan Xyulmann shogirdlari keyingi bir soat davomida tinimsiz oldinga tashlanishga majbur etildi. Bu ularning charchab qolishiga sabab bo‘ldi va to‘qnashuv yakuni arafasida ikkinchi gol ham qabul qilib olindi. Shunga qaramay, o‘zaro o‘yinlarda 6 ta g‘alaba qozongan holda skandinaviyaliklar raqiblaridan bitta ko‘p muvaffaqiyatga erishib turibdi (3 ta durang).
Bugun daniyaliklar sensatsiya qayd etib, pley-offga yo‘l olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Taxminiy tarkib: Lossl, Pedersen, Kristensen, Ker, Vass, Xyoyberg, Dileyni, Breytueyt, Eriksen, Poulsen, Dolberg.
Kasper Xyulmann: “Biz, shubhasiz, g‘alaba uchun o‘ynaymiz va ushbu missiyani bajarish uchun borimizni beramiz. Belgiya - sifatli jamoa. Ularda uzoq paytlardan buyon birga harakat qilib kelayotgan futbolchilardan iborat jamoa mavjud. Bu biz uchun haqiqiy imtihon bo‘ladi. Belgiyani mag‘lub etish Evropaning har qanday jamoasi uchun murakkab. Standart vaziyatlar paytida yaxshiroq o‘ynashimiz va erta gol o‘tkazib yubormasligimiz barchasidan muhim: bu ishimizni og‘irlashtirishi tayin. Raqib nima qilayotganini biladi, ammo birinchi qarama-qarshilikda foydalanishimiz mumkin bo‘lgan vaziyatlar bor edi”.
Xulosa o‘rnida
Angliya terma jamoasining Islandiyadan mag‘lub bo‘lish ehtimoli ancha kam. Sababi, mehmonlar hech bo‘lmaganda, bir ochko jamg‘arish maqsadida oldinga tashlanadi va nisbatan tajribaliroq Sautgeyt jamoasi ularni bir nechta gollar bilan jazolashi mumkin.
Daniya esa ancha ehtiyotkor futbol namoyish etishga harakat qiladi. Ushbu bahsda ikkita stsenariy kuzatilishi mumkin: yoki yopiq bellashuvda minimal hisobdagi g‘alaba, yoki belgiyaliklarning yirik muvaffaqiyati.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, oldinda bizni qiziqarli bellashuvlar kutib turibdi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar