
"Metallurg" ikki nafar futbolchisi bilan xayrlashdi
“Metallurg” jamoasiga Jasur Abduraimov bosh murabbiy etib tayinlangach, tarkibni o‘zining futbolga qarashidan kelib chiqqan holda shakllantirmoqda. Avvalo u mahalliy o‘yinchilar uchun imkoniyatni oshirdi. Natijada legioner futbolchilarga e’tibor pasaydi.
Murabbiyning o‘zi ham bir necha bor matbuot anjumanlarida xorijlik o‘yinchilar mahalliy yigitlardan ustun ekanligini isbotlashlari kerakligi haqida aytib, bu borada ularning kuchli taraflarini ko‘rmayotgani xususida ta’kidlagandi.
Sports.uzga ma’lum bo‘lishicha, mavsum boshida klubga qo‘shilgan “Spartak”ning sobiq futbolchisi - rossiyalik himoyachi Evgeniy Makeev “Metallurg” bilan xayrlashdi. U bekobodliklar safida Superligada to‘rtta o‘yinda maydonga tushdi.
Bundan tashqari, sobiq bosh murabbiyning o‘g‘li Andrey Shipilov ham bekobodliklar safini tark etgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, “Metallurg” safida o‘tgan yildan beri to‘p surayotgan ukrainalik legioner Evgeniy Chumak o‘rinbosarlar jamoasiga o‘tkazildi. Katta ehtimol bilan ushbu legioner ham tez orada klubni tark etishi kutilyapti.
Fikrlar