
"Men uchun syurpriz bo‘ldi, 50 foiz qisqartirilgan maoshga o‘ynamoqchi emasdim" yoxud "So‘g‘diyona" Artyom Filiposyanni qanday ko‘ndirdi?
Uch yil mobaynida Tailand chempionatida to‘p surgan hamyurtimiz Artyom Filiposyan nihoyat O‘zbekiston Superligasiga qaytdi.
Yaqinda Sports.uz orqali uning “So‘g‘diyona” klubi bilan shartnoma imzolagani to‘g‘risida xabar bergandik. Endi esa Filiposyan yangi klubga o‘tgani munosabati bilan o‘z fikrlarini bildirdi.
“So‘g‘diyona”ning oldiga maksimal vazifalar qo‘yilyapti”
- Avvalambor, yangi 2022 yil barcha yurtdoshlarimiz uchun omadli bo‘lsin. “So‘g‘diyona” klubiga o‘tishimga kelsak, jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev menga qo‘ng‘iroq qildi va seni jamoamizda ko‘rishni juda xohlayapmiz dedi va katta qiziqish bildirdi. Yangi mavsumda “So‘g‘diyona”ning oldiga maksimal vazifalar qo‘yilyapti. Faqat sovrinli o‘rinlar uchun kurashish va O‘zbekiston Kubogida finalgacha borish maqsadi bor. Klubning vazifalari menga ham yoqdi. Natijada “So‘g‘diyona”dan tushgan taklifni bemalol qabul qildim. Baqoev bilan “Buxoro”da ham birga ishlaganmiz, bir-birimizni yaxshi bilamiz. Shuning uchun ikkilanmasdan “So‘g‘diyona” klubiga o‘tdim.
“Bunyodkor” bilan kelisha olmadik”
- Ha, “Bunyodkor” bilan mashg‘ulotlarda qatnashib turgandim. Rostini aytsam, bu klub bilan kelisha olmadik. Jamoa yig‘inida yugurib turganim uchun murabbiylar va futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. “Bunyodkor” klubiga omad tilab qolaman.
“Ashurmatovga minnatdorchilik bildiraman”
- Menga “Qo‘qon-1912”dan ham taklif bo‘ldi. Jamoa ustozi Baxtiyor Ashurmatov bilan gaplashdik. U kishi bilan uchrashdik. To‘g‘risi, jizzaxliklarning taklifi menga har tomonlama ma’qul keldi. Baxtiyor aka bilan ko‘rishganimizda hammasiga oydinlik kiritib oldik hamda vaziyatni tushuntirdim. Bir-birimizga omad tiladik. Shu o‘rinda Ashurmatovga minnatdorchilik bildirib qolaman. Uni o‘z akamdek ko‘raman. Ilgari doim o‘yinlarini kuzatganman va qiziqardim. Baxtiyor akadan “Buxoro”da o‘ynaganimda ham ko‘p narsa o‘rganganman. Ashurmatov bilan yaxshi munosabatda xayrlashdik. Yangi mavsumda “Qo‘qon-1912” va Baxtiyor Ashurmatovga omad tilayman.
“Shu yo‘lda davom etsak, o‘zbek futboli yanada rivojlanadi”
- Men ketganimdan beri O‘zbekiston chempionati yaxshi darajada o‘sdi. Ko‘p masalalarda qattiqqo‘llik qilinyapti. VAR tizimi joriy qilindi. Qiziqarli o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. “So‘g‘diyona”ning ikkinchi o‘rinni olishini hech kim kutmagandi. Sovrinli o‘rinlar va ligada qolish uchun jamoalar oxirigacha kurashdilar. O‘zbekiston chempionatida uch yil bo‘lmadim, ammo kuzatganlarim menda katta taassurot qoldirdi. Xuddi shu yo‘lda davom etsak, klublar o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yishda davom etishsa, o‘zbek futboli kelajakda yanada yuksaladi.
“So‘g‘diyona” yaxshi mehnat qildi”
- Rostini aytsam, o‘tgan yili “So‘g‘diyona”ning 2-o‘rinni qo‘lga kiritishini oldindan hech kim bilmasdi. Men uchun syurpriz bo‘ldi. Bu jamoaning o‘yinini ko‘p ko‘rdim va bu pog‘onaga haqli edi, deb o‘ylayman. Jamoa yaxshi o‘ynadi va yaxshi mehnat qildi. Ulug‘bek Baqoevning qanday murabbiyligini bilaman.
“Men ham o‘z hissamni qo‘shmoqchiman”
- Oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi. Har yili jamoalar o‘zgaradi, tarkiblar kuchayadi. Shuni bilamanki, shartnomaga qo‘l qo‘yishimdan avval barcha maqsadlarini aytishdi. Klub sovrinli o‘rinlar uchun kurashishida va O‘zbekiston Kubogi finaligacha borishida o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
“Meni iliq kutib olishgani uchun rahmat”
- Bu klubda meni yaxshi kutib olishdi. “So‘g‘diyona”dagi bir qator futbolchilar bilan oldin terma jamoada va boshqa klublarda birga o‘ynaganman. Baqoev bilan ham birga ishlaganimni va bir-birimizni yaxshi bilishimizni yuqorida aytib o‘tdim. Meni iliq qarshi olishgani uchun jamoadagilarga rahmat aytaman.
“Medallarga juda chanqoqman”
- Shu paytgacha qaysi klublarda to‘p surgan bo‘lsam faqat sovrinli o‘rinlar uchun kurashganmiz. Men shunga o‘rganganman va medallarga juda chanqoqman. Jarohatlar xalaqit qilmasa, Xudo kuch-quvvat berib tursa, yana maksimal natijalarni egallashga harakat qilamiz.
“Baqoev murabbiy sifatida ancha o‘sdi”
- Baqoevni O‘zbekistonda hamma biladi. Uni o‘z printsipi bor. Bu orqali futbolchilarni ruhlantira oladi. U bilan terma jamoada ham birga o‘ynaganman. Keyinchalik “Buxoro” klubida ham ishladik. Shuni aniq aytishim mumkinki, Ulug‘bek Baqoev murabbiy sifatida oldingi yillarga nisbatan ancha o‘sdi.
“FIFA 40 kun muxlat bergan”
- Tailanddagi klubim bilan kelishuvga erisha olmadik. Sababi, ular oylik maoshimni 50 foizga qisqartirishmoqchi edi. Men bunga rozi bo‘lmadim. Professionallik nuqtai-nazarida men u erda mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda oxirigacha ishladim. Birinchi davra tugagach, FIFAga yozishga qaror qildim. Endi uning qarorini 25 yanvargacha kutishimiz kerak. Negaki, FIFA klubga 40 kun muxlat bergan. Keyin shunga qarab ish qilinadi. Men tomonimdan hammasi to‘g‘ri bajarildi. Ha, klubim meni yana qoldirmoqchi edi, biroq 50 foizga qisqartirilgan maoshga o‘ynamoqchi emasdim. FIFAga ishonyapmiz.
Fikrlar