"Mash’al" "Jenoa" ustidan FIFAga yozdi! Klub etakchisi esa "Navbahor"ga transfer qilinyapti...

  • 1 fevral, 2021, 19:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muborakning “Mash’al” klubida ham ko‘pincha e’tiborni tortadigan yangiliklar chiqib turadi. Navbatdagisi ham bundan mustasno emas. Klub bosh direktori Ilhom Qurbonov sports.uz muxbiri bilan muloqot jarayonida barchasiga oydinlik kiritdi.

Tecno

- Jamoa etakchisi Rahim Davronovning “Mash’al”dan ketayotgani haqida eshitdim. Bu borada o‘zingiz vaziyatga oydinlik kiritsangiz.

- Uning ishi deyarli 80 foizga hal bo‘lib qoldi. Davronovni “Navbahor” jamoasiga transfer qilish arafasida turibmiz. Bu borada “Navbahor” bilan kelishyapmiz. Muzokaralar yakunlanib qoldi.

- Rahim Davronov jamoa sardori va etakchisi edi. Uning ketishi klub uchun katta yo‘qotish hisoblanmaydimi? O‘rnini qanday to‘ldirmoqchisizlar?

- O‘rnini to‘ldiradigan futbolchilarimiz bor. Uning ketayotgani yo‘qotish emas. Yashirmayman, Davronov yil boshidayoq transferga qo‘yilgandi.

- Sir bo‘lmasa, uning transfer narxini ayta olasizmi?

- Bugun-erta hammasi hal bo‘lganidan keyin ikki kunda sizga aniq raqamni aytaman.

- Sardor Abduraimovni xorijga ketishi haqida aytilayotgandi. Uning masalasi nima bo‘lyapti?

- Sardor Abduraimov ham, Humoyun Murtazoev ham jamoamizda qoladigan bo‘lib turibdi. Agar ularga juda ham qiziqarli takliflar tushsa, ko‘rib chiqamiz. Kimdir ijaraga olmoqchi bo‘lsa yoki shunga o‘xshash qiziqarsiz takliflar bo‘lsa, qarab ham o‘tirmaymiz.

- Davronovdan tashqari yana kimlarni transferi hal etilyapti?

- Ifeani, Abduraimov va Murtazoev transferi bo‘yicha bir qator muzokaralarni olib borgandik. Faqat qiziqarli transferlar bo‘lmagani uchun ko‘rib chiqmadik va o‘zimizda qolishyapti.

- Tarkib necha foizga aniqlashtirildi?

- Deyarli 90 foizga tarkibimiz aniq bo‘lib ulgurgan.

- Yangi bosh murabbiy Serxio Marinangelining klubda ish boshlaganiga bir oy bo‘ldi. U haqidagi dastlabki taassurotlar qanday?

- Hozir biror narsa deyish qiyin. U haqidagi taassurotlarimizni kuzda aytamiz. Hozircha esa jarayon davom etyapti. Biz endi uning boshchiligida ikkita nazorat o‘yinini o‘tkazdik.Ushbu uchrashuvlar orqali xulosa qilib bo‘lmaydi.

- Odatda, futbolchilar bilan shartnomalar bir yillik muddatga tuzilishiga ko‘nikib ketganmiz. Ayniqsa, legionerlar bilan asosan, bir mavsum uchun kelishiladi. Ammo “Mash’al” nigeriyaliklar bilan qanday qilib uch yillik bitim imzoladi?

- Bu borada muammo bo‘lgani yo‘q. Ularga uch yillik shartnomani taklif qildik va ko‘rib chiqishgach, rozi bo‘lishdi. Iqtidorli o‘yinchilar. Ularga bir necha yillik loyihamizga kiryapsizlar, agar keyin yaxshi takliflar bo‘lsa, sotib yuboramiz, deb aytganmiz. To‘g‘risi, ularni o‘tgan yilning avgust-sentyabr oylaridan kuzatishni boshlagandik. O‘shanda og‘zaki kelishgandik va shartnomani ham bir yillik emas, uch yillik muddaga tuzishimiz haqida ogohlantirgandik. Ular shu taklifimizga tayyor bo‘lib kelishgan. Baribir xorijdan kelgan o‘yinchiga bir yilda o‘zini to‘liq ko‘rsatishi qiyin bo‘ladi. Avval ular moslashuv jarayonini engib o‘tishi kerak. Legionerlarni besh oy davomida kuzatganimizda potentsiali borligi ko‘ringandi. Jamoamizni kuchaytirishga qodir.

- Klubning yangi mavsum uchun byudjeti tasdiqlandimi?

- Kutyapmiz. Ko‘rib chiqish uchun smetalarni taqdim qilganmiz. Yaqin orada hal bo‘lib qolsa kerak.

- O‘tgan yili “Mash’al”da moliyaviy muammolar ko‘zga tashlanib qolgandi. Bu yil esa, ispaniyalik murabbiy taklif qilindi. Qolaversa, legionerlar ham jalb etildi. Bular o‘z-o‘zidan ro‘y bermaydi, hammasi moliyaviy holatga borib taqaladi.

- Moliyaviy muammolar bor. Asta-sekin echim topilyapti. Biz hali o‘zimizni-o‘zimiz qoplash darajasiga chiqqanimiz yo‘q. Agar smetamizning 10-20 foizini o‘zimiz ishlab topsak ham katta ish qilgan bo‘lamiz. Lekin hali bu darajada rivojlanganimiz yo‘q.

- Lekin futbolchilarni transfer qilinishi yordam bersa kerak...

- Qaysidir muammolarimizni hal qilishda asqotadi.

- “Mash’al”da tarbiyalangan Shahzod Ubaydullaevning transferi bo‘yicha “Mash’al” o‘z ulushini oldimi?

- Ha, transfer summasidan ikki foiz ulush bizga tegishli. “Shaxtyor”ga ushbu masala bo‘yicha aloqaga chiqyapmiz. Faqat bu boradagi hujjatlarni tayyorlab, jo‘natishga biroz vaqt kerak. Ammo bu jarayon davom etyapti.

- Shuningdek, Eldor Shomurodov bo‘yicha ham transferdagi ulushinglarni qanday hal qilyapsizlar?

- “Jenoa”ni FIFAga yozdik. Avvaliga ular so‘ragan barcha hujjatlarni qilib berdik. Boshida “Jenoa” bilan aloqada bo‘lib turdik. Keyinchalik esa, bizning telefonlarimizga, xabarlarimizga javob bermay qo‘ydi, hayronman. Keyin “Rostov” bilan gaplashdik. Oradan biroz vaqt o‘tib, “Rostov” ham boshqacha gapirishni boshladi. Aytilgan muddatlar etib keldi va biz FIFAga murojaat qildik. Endi kutamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!