"Mash’al" xorijlik va mahalliy mutaxassislar bilan muzokaralarga kirishyapti, Vaniev esa...

  • 23 oktabr, 2020, 18:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mash’al” klubi qatorasiga oltita o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Kecha o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ga yutqazib qo‘yganidan keyin muborakliklar ustozi Dilyaver Vaniev iste’foga chiqishga tayyorligi haqida aytdi.

Tecno

Shundan keyin “Mash’al”ga boshqa mutaxassis kelishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Ammo klub hali Vanievning iste’foga chiqqanini tasdiqlagani yo‘q. Klub rahbari Ilhom Qurbonov esa sports.uz uchun mazkur masala bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, vaziyatga oydinlik kiritdi.

Vaniev masalasi haqida

-  Dilyaver Vanievga ikki kunga dam berdik. Shundan so‘ng, u bilan yana bir bor hammasini bafurja gaplashib olamiz va ishini davom ettiraveradi. Biz murabbiyga yana imkoniyat beramiz. Balki yangi murabbiy kelgunga qadar o‘z vazifasida ishlab turaveradi. Hozircha vaziyat shunday.

kurbonov2

Yangi murabbiy kelishi mumkinmi?

-  Yangi murabbiy qachon keladi? Buni ko‘ramiz, kim keladi, qachon keladi, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Shunchaki, jamoamiz biroz tushkunlikka tushib qolgan. O‘yin bo‘yicha hali hech kimga yutqazganimiz yo‘q. Murabbiyning ishi qanday baholanadi? Agar o‘yin bo‘yicha yutqazsa, buning ichida hujum bo‘lmasa, imkoniyatlar yaratilmasa va yaxshi o‘yin bo‘lmasa, bu murabbiyning aybi bo‘ladi. Lekin vaziyatlar yaratilayotgan va jamoaning o‘yin sur’ati bo‘lsa, bu boshqa gap. Faqat jamoalarda omadsizlik paytlar bo‘lib turadi. Bu normal holat. Shuning uchun aytmoqchimanki, murabbiylar shtabini yomon ishlayapti deb o‘ylamayman. Shunchaki, qaerdadir omadimiz kelmayapti. Lekin o‘sha omadni topishga, kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilamiz. Qani, Vaniev ikki kun dam olib kelsin-chi, keyin o‘zi bilan gaplashib, yana ishni boshlaymiz.

mash’al_4

“Mash’al”da qanday muammolar bor?

-  Muammolar hamma klubda bor. Buni bahona qilib bo‘lmaydi. Biz hamisha ishlayapmiz, harakat qilyapmiz. Balki qaerdadir kichik muammolar salbiy ta’sir o‘tkazayotgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin hozir aytganimdek, bular hech qanaqa bahona o‘rnida o‘tmaydi. Hamma shunday holatda. Biz hech nimaga qaramasdan tanlagan yo‘limizda ishlashda davom etaveramiz.

Vanievga bildirilayotgan ishonch to‘g‘risida

-  Rosti, biz hali hech kim bilan muzokara olib borganimiz yo‘q. Vaniev ishini davom ettiradi. O‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega, har bir klubda ham pasayishlar bo‘lib turadi. Uning o‘rniga boshqasini qidirayotganimiz yo‘q. Faqat bu yil yangi tarkib tuzildi. O‘tgan yilgi tarkibdan 3-4 futbolchi qolgan. Birdaniga yangi o‘yinchilarning maydonga tushib natija ko‘rsatishi qiyin. Agar asosan tajribali o‘yinchilarni olib kelganimizda, to‘g‘ri unda qandaydir natija kutsak bo‘lardi. Bu yilgi tarkibimizdagi 80 foiz o‘yinchilarimiz esa Superligada birinchi marta o‘ynashyapti. Ularga ham ozgina vaqt kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, deylik jamoa noto‘g‘ri ishlayotgan bo‘lsa, birorta o‘yinchi o‘zbek futboliga kerak bo‘lmasligi lozim. Lekin bizning o‘yinchilarimizga talab bor-ku, demak, to‘g‘ri yo‘lda ishlayapmiz. Agar biz rozi bo‘ladigan bo‘lsak, ertagayoq jamoamizdagi yarmidan ko‘p o‘yinchilarni olib ketishga tayyor, boshqa jamoalar. Garchi Superligada o‘ynashmagan bo‘lsa ham takliflar bor. Futbolchilarimizning saviyasi o‘sib boryapti, ular kerak.

vaniev_1

Hech bo‘lmaganda murabbiylar shtabiga yangi mutaxassis olib kelinadimi?

-  Bunday istagimiz bor, yo‘q emas. Tan olaman, bu niyatimiz bor. Hozir shu masala bo‘yicha o‘ylayapmiz. Yordamchi yoki maslahatchi murabbiy lavozimi uchun muzokaralar endi boshlanyapti. Nomzodlar bilan bir-ikki marta telefonlashdik. Faqat ularning kimligi hozircha sir. Nomzodlar o‘zimizdan ham, xorijdan ham bor. Jamoaga yangilik olib kira oladigan murabbiy xohlayapmiz. Lekin hoircha bu loyihamiz endi boshlanyapti. Bunga biroz vaqt kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!