Maqsud Karimovning futboldagi xatosi va 11 yillik jamoasidan ketishi to‘g‘risida

  • 24 avgust, 2019, 15:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Qarshining «Nasaf» klubida barqaror va uzoq yil to‘p surgan kam sonli futbolchilardan biri – Maqsud Karimov bo‘ldi. 2008 yildan «Ajdarlar» a’zosiga aylangan futbolchi 2018 yilning oxiriga qadar faoliyat olib bordi. Aytish kerakki, shu vaqt davomida Karimov katta tajriba to‘pladi va o‘z mehnati orqali «Nasaf»ning etakchilaridan biriga aylandi. Sardorlik bog‘ichi ostida ham to‘p surdi. Bir so‘z bilan aytganda, xorazmlik futbolchining hayotida «Nasaf» jamoasi yorqin xotira bilan eslanadigan bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, Karimov «Nasaf» bilan xayrlashgach, ushbu mavsumni Navoiyning «Qizilqum» klubida boshladi. Lekin bungacha bir jamoada 11 yil o‘ynagan o‘yinchi faoliyatini o‘zgartirgach, yangi jamoa safida bor-yo‘g‘i yarim mavsum o‘ynadi xolos. Ayni paytda esa u pro-ligada «Xorazm» jamoasida faoliyat olib bormoqda. Katta tajribaga ega bo‘lgan 34 yoshli futbolchining hali bemalol Superligada bir maromda o‘ynashiga imkoniyati etardi. Biroq nima sababdan birdaniga quyi ligaga yo‘l olgani ko‘pchilik uchun ham tushunarsiz ko‘ringan bo‘lsa ajab emas. Shu bois Karimovning bir qator muhim masalalardagi fikrlarini tinglashga qiziqishimiz katta edi. Lekin undan o‘zimizni qiziqtirgan jabhalarda javoblarini eshitishimiz oson bo‘lmadi. Chunki Maqsud avvaliga biroz vaqt kerakligini, keyinroq gaplashsak maqsadga muvofiq bo‘lishini aytdi. Shundan so‘ng oradan ikki haftacha o‘tgach, yana Karimovga yuzlandik va bu safar u «Nasaf»dagi faoliyati haqida, birga ishlagan murabbiylar, Qarshidan keyingi hayoti kabi bir qator masalalarda o‘zining fikrlarini ochiq-oydin bayon etdi.

Tecno

«Nasaf»da 11 yil davomida futbolchining nima ushlab turgan?

Aslida bir jamoada uzoq yil to‘p surishning o‘zi bo‘lmaydi. Futbolchilar esa kerak bo‘lsa, yilda ikki marta jamoa almashtirishadi. Bunday paytda esa Maqsud Karimovning bir klubda 11 yil to‘p surishi katta gap. Qiziq, uni shuncha yil «Nasaf»da nima ushlab turgan? Futbolchi avvalo shu haqida fikr bildirdi.

- Avvalambor, «Nasaf» jamoasidagi professionallik, u erda yo‘lga qo‘yilgan shart-sharoitlar doimo meni qoniqtirib kelgan, - deya gap boshladi, Karimov. - Qolaversa, jamoaning ashaddiy muxlislari, futbolga bo‘lgan munosabat, e’tibor, rahbarlarning qiziqishi – bularning barchasi meni bir jamoada to‘p surishimga sababchi bo‘lgan. Natijada yildan-yilga «Nasaf»ga bo‘lgan muhabbatim oshib boravergan. Chunki klub muntazam ravishda xalqaro maydonlarda ishtirok etardi. Har doim o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yadi va sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi. Shu bilan birga Qarshida hamma vaqt o‘z ishining ustalari ishlashgan. Bunday muhitda esa men ham uzoq vaqt faoliyat olib borishni xohlaganman. Hattoki, shunday paytlar bo‘lardiki, Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarimizda stadion tashqarisida yana ko‘plab muxlislar qolib ketishardi. Boshqa viloyatlardan ham «Nasaf»ni qo‘llash uchun kelishardi. Jamoamizning muxlislari nihoyatda ko‘pligini biz futbolchilar har doim his qilib turardik.

maksud karimov6

Uning uchun yorqin va alamli o‘yinlar

Tabiiyki, uning Qarshidagi faoliyatida o‘ziga yarasha yoqimli va yoqimsiz o‘yinlar bo‘lgan va shuni inobatga olib, sobiq o‘yinchi ushbu masala bo‘yicha ham oldingi o‘yinlarni eslab o‘tdi.  

- Bunday o‘yinlar ko‘p bo‘lgan. Esimda qolganlari ham talaygina. Misol uchun finallarda yutganimiz, OFK Kubogiga ega chiqqanimiz, Superkubokni qo‘lga kiritgan uchrashuvlarimiz ko‘proq yodimda saqlanib qolgan. Bundan tashqari, «Bunyodkor», «Paxtakor», «Lokomotiv» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarimiz har doim juda qiziqarli va esda qolarli voqealarga boy bo‘lardi. Shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasida ham yaxshi o‘yinlar bo‘lardi. Stadion to‘la muxlislar qarshisida biz yanada o‘zgacha ishtiyoq va yuqori kayfiyat bilan o‘ynardik. Shuning uchun bunday onlar doim yoqimli ma’noda eslanadi. Alamli o‘yinlarga kelsak, har doim yutqazgan uchrashuvlarimiz yoqimsiz bo‘ladi. Shu sababli bu borada bittasini alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Lekin yutqazgan o‘yinlarimizdan keyin ikki-uch kungacha o‘zimizga kelishimiz qiyin bo‘lardi. Shunchaki, mag‘lubiyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak edi xolos. Adashmasam, 2012 yili chempionat tugashiga to‘rtta tur qolgandi. «Paxtakor» va «Lokomotiv» bilan esa o‘z uyimizda o‘ynashimiz kerak edi. Agar ushbu uchrashuvlarda g‘alaba qozonganimizda mamlakat chempioni bo‘lardik. Ammo biz o‘sha o‘yinlarni yutqazib qo‘ygandik. Bundan tashqari, yana chempionlikka yaqin kelgan paytlarimiz ham bo‘lgan. 2011 yili esa kumush medalni qo‘lga kiritgandik. O‘sha yili ham chempion bo‘lishimiz mumkin edi. Ammo bunday bo‘lmagan. Xullas, mening faoliyatimda chempionlik unvoni etishmayapti.

Maqsud Karimovning «Nasaf»ga kelib qolish tarixi

Aslida Karimovning «Nasaf»ga qanday kelib qolganini ko‘pchilik bilmasa ham kerak. Lekin bu o‘tishning amalga oshishiga kimdir sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

- Birinchi ligada Buxoroning «Vobkent» jamoasi bo‘lardi va men o‘sha erda o‘ynab yurgandim. Bizga Gennadiy Kochnev murabbiylik qilardi. Mavsum tugaganidan so‘ng Kochnev menga qo‘ng‘iroq qilib, seni «Nasaf»dan so‘rashyapti degan. Shundan so‘ng uydagilar bilan maslahatlashganimdan so‘ng «Nasaf»ga borishga rozi bo‘lganman. O‘sha paytda ko‘rikka borganman va uch kundan so‘ng shartnoma tuzganmiz. Natijada yildan-yilga o‘yinimizni yaxshilab borganmiz, - deya esladi, Karimov.

«Nasaf»da birga ishlagan murabbiylar haqida

Shuningdek, Maqsud Qarshidagi faoliyati mobaynida bir qancha murabbiylar bilan ishladi. Bu borada fikr bildirar ekan, shunday dedi:

- Qarshidagi faoliyatim 2008 yildan boshlangandi. O‘sha paytda bosh murabbiy - Viktor Borisov edi. Lekin uni ikkita turdan keyinoq ishdan olib tashlashgandi. Vaholanki, biz dastlabki turda «Dinamo»ni yutgandik va ikkinchi turda Toshkentda «Lokomotiv» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab qaytgandik. Lekin Qarshiga qaytib kelganimizdan so‘ng Borisovni iste’foga chiqarishib, o‘rniga Edgar Gessni olib kelishdi. Lekin biz nima uchun murabbiyni almashtirishganini bilmasdik. Har holda mavsumni yomon natija bilan boshlamagandik. Gess «Nasaf»da o‘sha yili birinchi davra oxirigacha ishladi va  ikkinchi davradan Usmon Toshev bosh murabbiylik qila boshladi. Lekin u ham oxirigacha ishlamadi. U paytga kelib klubda rahbarlar o‘zgargandi va Bahrom Davlatov kelgandi. Tan olish kerak, jamoamizning holati unchalik yaxshi emasdi. Chempionat tugashiga to‘rtta tur qolganida biz 11- yoki 12-o‘rinda edik. So‘ng to‘rtta uchrashuvning uchtasida yutganmiz va mavsumni 9-o‘rinda tugatgandik, adashmasam. 2009 yildan esa klubda katta islohotlar va o‘zgarishlar boshlandi. Eski «Nasaf»dan tarkibda faqat besh nafar futbolchi qolgandik xolos. O‘shanda «Mash’al»dan 10-11 nafar o‘yinchi ko‘chib o‘tgan va legionerlar hisobiga jamoa tashkil etilgan va kuchaygandik. Viktor Kumikov 2010 yilgi mavsumgacha ishladi. Ikkinchi davra boshlangach, ikki tur o‘tgach, «Paxtakor»ga qarshi o‘yindan keyin uni ham iste’foga chiqarishdi va  ukrainalik Anatoliy Demyanenko olib kelindi. U Qarshida 2011 yilgi mavsum tugagunga qadar faoliyat olib bordi. Undan so‘ng Ro‘ziqul Berdiev bosh murabbiylik qila boshladi. O‘shanda Demyanenkoning tavsiyasiga ko‘ra Berdiev ushbu lavozimga tayinlangandi. Esimda, o‘sha paytda birinchi davradan so‘ng «Nasaf» yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgandi va 1-o‘rinda edik. 2011 yili OFK Kubogini yutganimiz bois kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etganmiz. Ammo jiddiy musobaqadagi tajribasizligimiz tufayli guruhda uchta o‘yinni yutqazib, bitta durang o‘ynagandik va ahvolimiz og‘ir edi. Rahbarlar esa bu natijadan qoniqishmagandi. Shuning uchun Ro‘ziqul Sa’dullaevichni ishdan olishdi va uni yordamchi murabbiylikka qaytarishdi. Usmon Toshev esa yana bosh murabbiy bo‘ldi. Lekin o‘sha yili mavsum tugamasdan turib yana Ro‘ziqul Sa’dullaevich o‘z joyiga qaytarildi. Mana, shundan beri Berdiev klubda faoliyat ko‘rsatib kelyapti. Uning boshchiligida «Nasaf» yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.

maksud karimov4

Kimdan nimani o‘rgangani haqida

Xo‘sh, shuncha mutaxassislar bilan ishlab kimdan nimalarni o‘rgandi? Mazkur masala yuzasidan fikr bildirganida bir qator murabbiylarni alohida tilga olib o‘tdi.

- Viktor Kumikovdan to‘g‘ri futbol o‘ynashni o‘rganganman. Edgar Yakovlevichdan ham o‘rgangan jihatlarimiz bo‘lgan. Demyanenko ham futbolchilarga yaxshi tushuncha bera olardi. Barcha ishlagan murabbiylarning bilimlari va ko‘rsatmalarini umumlashtirib, bizga soddaroq tarzda tushuntirib bergan murabbiy – bu Ro‘ziqul Berdiev bo‘ldi. Hozirgi kungacha u bilan gaplashib, bir qator masalalarda maslahatlashib turamiz.

«Nasaf»dan ketishining sababi

Ana endi, unga «Nasaf»dan nima sababdan ketgani bo‘yicha ham murojaat qildik. Chunki 11 yillik faoliyatini yana davom ettirishi ham mumkin edi. Lekin futbolchi hammasini shu erda tugatib qo‘ya qolishni ma’qul topdi va buning sababini quyidagicha izohladi.

- Bilasizmi, klubdan ketishimda shaxsiy narsalar ko‘p edi. Buni yozasizmi-yo‘qmi, bilmadim, ammo doim haqiqatni aytaman. Qarshidagi 11 yillik faoliyatim juda yaxshi kechdi. Aslida klubdan ketayotganimda Ro‘ziqul Berdiev menga imkoniyat berib, boshqa lavozimda bo‘lsa ham qolishimni taklif qilgandi va hamma narsani o‘zimga qo‘yib bergandi. Biroq oilaviy sharoitim tufayli ketishga majbur bo‘ldim. Bilasiz, o‘zim xorazmlikman. Oldimda ikkita yo‘l turgandi: bola-chaqamni olib, farzdandlarimning maktab va bog‘chasini tugatib, Qarshiga butunlay ko‘chib ketishim kerak edi yoki bo‘lmasa qaytishim shart edi. Baribir bolalarning tarbiyasi ham men uchun kerak edi. Ota-onam va oilam bilan hammasini bafurja gaplashdik. Ochig‘i, shuncha yil Xorazmdan Qarshiga borib kelaverib ham yo‘ldan charchagandim. Yosh o‘tgan sari hammasi o‘z ta’sirini ko‘rsatar ekan.

«Qizilqum»ga ketishi va tark etishi

Yuqorida aytganimizdek, Maqsud Karimov 2019 yilgi mavsumni «Qizilqum»da boshlagandi, ammo u erni birinchi davradan keyinoq tark etishga qaror qildi. Albatta, buning sababini ham aytib o‘tdi.

- «Nasaf»dan ketganimdan so‘ng «Xorazm» jamoasida ish boshlamoqchi edim. Qo‘limdan kelganicha u erga yordam bermoqchi bo‘ldim va qaysidir ma’noda jamoada ish ham boshlangandi. Lekin keyin menga Superliganing bir qator klublaridan takliflar bo‘ldi. Ochig‘i, o‘sha paytda o‘ynaymi yoki yo‘qmi, deya faoliyatimni davom ettirish masalasida ikkilanib turgandim. Lekin oldimda 5-6 ta klubdan taklif tayyor turgandi. Qishda esa «Bunyodkor»da shug‘ullandim. Mavsum boshlanishiga yaqin esa «Qizilqum» jamoasiga o‘tib ketdim. Gapning ochig‘i, bu klubdagi natijalardan qoniqmadim. Balki salbiy natijalar menga qattiq ta’sir qilgan shekilli. Chunki men har doim yuqori o‘rinlar uchun kurashib kelgandim. «Qizilqum»da esa vaziyat boshqacha bo‘ldi. Shuning uchun u erda meni hech nima ushlab tura olmasdi. Oxirgi o‘rinlarda yurish men uchun noqulay bo‘ldi. Klub bosh murabbiyi Hamid aka Aktamov bilan o‘rtamizdagi iliq munosabatlarni saqlab qolgan holda do‘stona ravishda xayrlashdik. U kishi bilan hozirgacha gaplashib turamiz.

maqsud karimov2

Endi u «Xorazm»da!

Qiziq tomoni, u hozir pro-ligada «Xorazm» jamoasida faoliyat olib boryapti. Buni esa Karimov shunday tushuntirdi.

- Ha, ayni paytda men «Xorazm» jamoasidaman. Rahbarlar meni klubga yordam berish uchun chaqirishdi va u erda ishlashga o‘zimning ham xohishim yo‘q emasdi. Ikkinchi davradan bu erda ish boshladim. Hozircha meni futbolchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Lekin klubning tashkiliy ishlarida ham bosh-qosh bo‘lib yuribman. Balki yaqin orada meni jamoada biror-bir lavozimga tayinlashlari ham mumkin. Agar shunday bo‘lsa, balki futbolchilik faoliyatimni rasman yakunlarman. Hozircha esa ora-orada maydonga tushib yoshlarga maslahatlar berib o‘ynab turibman. Bungacha esa murabbiylik uchun o‘quv-kurslarini boshlab yuborganman. Yaqinda «S» litsenziyasini o‘qib tugatdim. Endi «B» uchun o‘qimoqchiman. Aytmoqchimanki, parallel ravishda murabbiylik o‘quv-kurslarini ham boshlab yuborganman.

Karimov nega yana Superligada qolmadi?

Baribir uning tajribasi katta edi va bemalol yana Superliga klublarida barqaror to‘p surishga qurbi etardi…

- Superligada o‘ynash niyatim bor edi va hammasini chiroyli tarzda tugatib qo‘ymoqchi edim, - deya gapini davom ettirdi, Karimov. - Aslini olganda esa «Nasaf»dan ketganimdan so‘ng boshqa jamoada o‘ynash niyatim yo‘q edi. Qarshidan ketgan chog‘imda barcha to‘plagan tajribalarimni «Xorazm» jamoasida qaysi lavozimda bo‘lsa ham sarflash haqida o‘ylagandim. O‘zim tug‘ilib o‘sgan shahrim uchun yordam berish niyatida edim. Ammo qishda Erkin Boydullaev va Artur Gevorkyan «Qizilqum»ga kel, birga o‘ynaymiz deb aytishgani uchun u erga ketgandim. Lekin «Bunyodkor»da men bilan hammasi joyida edi. Vadim Abramov bilan kelishgandik, ishlar bir maromda edi. Biroq klubda hali yillik smeta tasdiqlanmagandi, vaholanki, «Bunyodkor» uchun borimni berib o‘ynamoqchi edim. «Nasaf»ga esa qayta olmasdim. Ishonasizmi, Ro‘ziqul aka Berdiev meni oxirgi daqiqalargacha kutgandi. Gapning ochig‘i, u yog‘iga men uchun chalkash holatlar bo‘lib ketdi. O‘zimga hozir ham ko‘pchilik nega Superligadan ketganimni, yana bemalol o‘ynashga imkoniyatingiz etardi-ku, deb aytishadi. To‘g‘risi, pro-ligada o‘ynab yurish men uchun yaxshi narsa emas. Albatta, hamma har xil hayolga borishi mumkin. Lekin vaziyat turlicha bo‘lib qolishi ham mumkin.

Maqsud Karimov qanday xatosini tan oldi?

Inson borki xato qiladi. Shu jumladan maqolamiz qahramonining ta’kidlashicha ayrim xatolarga yo‘l qo‘yganini tan oldi. Quyida shu haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

-  Yashirmayman, boshidanoq men xato qildim. Garchi futbolda shuncha tajribaga ega bo‘lsam-da, xatoga yo‘l qo‘ydim. Birinchi xatoim shunda bo‘ldiki, faoliyatimni «Nasaf»da tugatdimmi, endi boshqa futbolga qaytmasligim kerak edi. Ikkinchisi, xo‘p mayli yana o‘ynash ishtiyoqi tufayli futbolga qaytdimmi, unda «Bunyodkor»dan ketmasligim kerak edi. Lekin o‘sha paytda boya aytganimdek, jamoadagi vaziyat og‘ir bo‘lib turgandi. Mavhumlik bo‘lib turgandi.  Shunga qaramay, «Bunyodkor»dagilar bilan barchasini kelishib qo‘ygandik. Ammo hammasi xatolik bilan o‘zgarib ketdi. Bir tomondan do‘stlarim chaqirdi va moliyaviy tomondan yaxshi taklif bo‘lgandi. O‘sha vaziyatda mening boshim aylandi. Biroq hamma ham xato qiladi.

Futboldan boshqa ish haqida

Maqsud Karimov futboldan boshqa ish bilan ham shug‘ullanadimi? Ushbu qiziqtirgan masala bo‘yicha shunday dedi:

- Ko‘pchilik men haqimda fikr bildirar ekan, senda murabbiylik qobilyati bor deb gapirishadi. Balki rostdan shundaydir, lekin hali o‘zim bilmayman. Har qanday ish bilan shug‘ullansam ham faqat sidqidildan bajarishga odatlanganman, chunki tarbiyam shunaqa. Qaysi yo‘nalishda ishlasam ham barchasini to‘g‘ri tizimda olib ketishim mumkin. Ammo endi boshqa xato qilmasdan iloji boricha to‘g‘ri yo‘ldan ketishim kerak. Lekin hozirgi holat o‘zimga yoqmayapti. Tezroq aniq bir ish bilan shug‘ullanishim kerak.

Karimovning armoni

Muloqotimiz yakunida futboldagi armoni sifatida chempionlikka erisha olmaganini aytdi.

- Chempionlik men uchun armonga aylandi. Balki murabbiylikda bu istagimga erisharman. Hammasiga vaqt oliy hakam.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Dima Muratov
25/08/2019 19:00
Xali xam Nasaf ga qaytish imkoni bor ekan, xammasini qayta boshlash kerak.
Murod Panjiev
24/08/2019 22:17
Мен Максуд Каримовни яхши танийман сенга илтимос кел сурхонга сени жуда хурмат киламиз