
Mag‘lubiyatlar epidemiyasi! Abramov ham "haydalish kuyi"ni chaladimi yoxud "Dinamo"da murabbiylar almashinuvi qanchalik to‘g‘ri?
Superligada eng omadsiz jamoa qaysi? Bunga hamma turnir jadvalidan kelib chiqib Samarqandning “Dinamo” klubini tilga olishi tabiiy. Chindan ham vaziyat shunaqa. “Dinamo” jamoasining qayd etayotgan natijalari Superliga klublari orasida eng salbiy ko‘rinishda. Shuning uchun ham samarqandliklar oxirgi o‘ringa “mixlanib” qolgan.
O‘tgan yili pro ligada o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishib, nihoyat kuchlilar orasiga qaytgandi. Lekin bu jamoa hamon oldingi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmaganligi joriy mavsumda ko‘rinib qolyapti. Hammasi quruq og‘izda gapirilyapti, amalda esa hech nima yo‘q. Mavsum boshida “Dinamo” oldiga katta maqsadlar qo‘yayotgani, tarkib kuchaytirilayotgani haqida aytildi. Xo‘sh, aytilgan gaplar hozirga kelib o‘z isbotini topyaptimi? Yo‘q, albatta. Klub sal qolsa parokandalikka yuz tutayotgandek. Natijalariga qaraymiz: ortda qolgan 17 ta turda klub 1 g‘alaba, 4 durang va 12 mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati 15/32. Darvozasidan eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi. Bor-yo‘g‘i 7 ochko va oxirgi o‘rin “Dinamo”niki!
Klub rahbariyati chempionat boshidan buyon uchta murabbiyni o‘zgartirishga ulgurdi. Yodingizdan chiqmagan bo‘lsa, yil boshida serbiyalik Predrag Rogan bosh murabbiy etib tayinlandi. Transfer oynasi paytida qator o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Yangi legionerlar ham olib kelindi. Biroq unga etarlicha vaqt berilmadi. Bizningcha, hamma xato shundan boshlandi. Rogan jamoani may oyigacha boshqardi. 9-turda Bekobodda “Metallurg”ga imkoniyat boy berilgach, Predrag ketdi. Aniqrog‘i, unga javob berildi. Keyin Andrey Shipilov bosh murabbiy rolida ish boshladi. Unga qadar Andrey Sergeevich “Dinamo”da sport direktori edi. Shipilovning “Dinamo” boshqaruvidagi faoliyati omadli bo‘lmadi. 5 ta o‘yinda faqat 1 durang kuzatildi va qolgan 4 ta uchrashuvda imkoniyat boy berildi. Oqibatda Shipilov o‘zini bilib, iste’foga chiqishni ma’qul topdi. Oxirgi uch o‘yindan buyon Vadim Abramov “Dinamo”ga ustozlik qilyapti. Lekin vaziyat hamda natija o‘sha-o‘sha. Klub yutqazishda davom etyapti. E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Dinamo”ning natijalari asosan Rogan paytidagi ko‘rsatkichlar bilan bog‘liq. Yagona g‘alaba 5-turda Samarqandda “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritilgan bo‘lib, o‘sha bahsda mezbonlar 3:1 hisobida g‘olib chiqishgan. Bu ketishda o‘sha g‘alaba yagonaligicha qolib ketadi-yov?!
“Dinamo” 4 oydan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgani muxlislarni qattiq iztirobga solib kelyapti. Abramov jamoaga keliboq men sehrgar emasman deb aytib o‘tdi. Qo‘shimchasiga u Samarqand futbolini ko‘tarish uchun shunga yarasha mustahkam poydevor qo‘yish kerakligini aytib, bu borada muammolar borligini ham ta’kidlagandi. Rahbariyat nima qilayotganini o‘zi yaxshi tushunib turganmikin? Shipilov 5 ta o‘yinda 1 durang va 4 mag‘lubiyatga uchraganidan keyin ketdi. Vadim Abramov ham juda omadsiz boshladi: 3 ta o‘yin, 3 ta mag‘lubiyat. Xo‘sh, bu ketishda rahbariyat uni ham iste’foga chiqaradimi, shunda?! Keyin nima bo‘ladi? Avvalo, jamoa mutasaddilari ortga nazar tashlab, qilingan ishlarni yaxshilab tahlil qilsa maqsadga muvofiq. Bu ketishda “Dinamo” yana pro ligaga ravona bo‘ladi. Shundoq ham bu borada eng birinchi va munosib nomzod ham shu klub bo‘lib turibdi.
Yozgi transfer oynasi vaqtida tarkibga Marat Bikmaev, Erkin Boydullaev, Shoxruh Mahmudxojiev, Elguja Grigalashvili kabi tajribali futbolchilar qo‘shib olindi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, jamoada moliyaviy muammolar yo‘q. “Dinamo” shunday tasavvur uyg‘otyaptiki, klub ertasini o‘ylamasdan shu buguni bilan yashayotgandek. Aytmoqchimizki, “Dinamo”ning bunday ahvolga tushib qolishi faqatgina murabbiylar bilan yoki ularni xadeb almashtiraverish bilan bog‘liq emasligini vaqt ko‘rsatib qo‘ymoqda.
Futbolda birgina mag‘lubiyat qanchalik og‘ir va ruhiy zarba bo‘lishini futbolchilar yaxshi his qilishadi. Endi o‘ylang, 4 oydan buyon yutolmay kelayotgan “Dinamo” a’zolarining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin? Ruhiy muammolar albatta o‘z so‘zini aytmasdan qolmaydi. Vadim Abramov o‘zi yig‘magan tarkib bilan ishlashga majbur. Ularning orasida o‘zining uslubiga mos tushadigani va mos tushmaydiganlari bor. Bu holat natijalarda o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Bundan esa birinchi navbatda samarqandlik ishqibozlar jabr ko‘rmoqda. O‘z suyuklilarini bir necha yillik tanaffusdan keyin Superligaga qaytganidan boshi osmonga etgan muxlislarning hozirgi ahvolini tasavvur qilish qiyin emas. Roganni “haydash”dan avval barchasini etti o‘lchab bir kesib ko‘rish kerak edi. Bu qaror o‘zini oqlamaganini vaqt ham, natijalar ham ko‘rsatib qo‘ymoqda. Agar “Dinamo” hech bo‘lmaganda oxirgi o‘rinda emas, balki biroz bir-ikki pog‘ona yuqorida bo‘lganida ham vaziyatni tushunsa bo‘lardi, ammo klub yaqqol autsayder maqomida qolayotgani sababli mutasaddilar endi o‘zlarini qanday his qilishyapti ekan? Bu erda qilingan qarorlar o‘zini oqlamasdan xato ketidan xato bo‘lib chiqyapti. Agar “Dinamo” yana quyi ligaga tushib ketsa, bundan Abramov hech nima yutqazmaydi. U qiyin holatga tushib qolgan klubni qabul qilib oldi. Eplasa epladi, bo‘lmasa yo‘q. Chunki u jamoani bu ahvolga solib qo‘ygani yo‘q. Aslida vaziyatni shu darajaga keltirmaslik chorasini topish muhim edi. To‘g‘ri, oldinda yana o‘yinlar bor, biroq “Dinamo” yaqin ta’qibchisidan 6 ochkoga ortda qolyapti. Har o‘yindan keyin klub bir qadam orqaga qadam tashlayapti.
Fikrlar