
"Lokomotiv"ga qarshi jangovar o‘yin ko‘rsatamiz" - "Turon" Superligaga chiqa olmasa, Baxtiyor Ashurmatov ketadimi? Murabbiy qanday javob berdi?
“Turon” klubi pro liganing oxirgi turida Superliga chiqib ulgurgan “Andijon”ni qabul qilib yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo “Turon” pley-offga qolib ketdi. Chunki “Buxoro” Urganchda “Xorazm” bilan durang o‘ynagani uchun 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Turon” endi 25 noyabr kuni o‘z maydonida pley-off doirasida Superliga vakili “Lokomotiv” bilan o‘ynadi. “Turon” ustozi Baxtiyor Ashurmatov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Avvalo, “Andijon” bilan “Buxoro” jamoasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan tabriklayman. Afsuski, biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kirita olmadik. Lekin Xudodan “Andijon” bilan “Buxoro”ning yo‘lini bizga ham berishini so‘rab qolamiz. Buning uchun oxirigacha kurashamiz. 25 noyabr kuni bizni final o‘yini kutib turibdi, desak bo‘ladi. Raqib jiddiy. Ammo yigitlarimiz oxirgi uchrashuvlarda jangovarlik va jismoniy tomondan yaxshi holatda, ko‘z tegmasin. Qiziqarli uchrashuv bo‘ladi va unda g‘alaba qozonish uchun bor kuchimiz bilan o‘ynaymiz. Bugungi uchrashuvga to‘xtalsak, “Andijon” o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadiga erishib bo‘lgandi. Tarkibida ayrim o‘yinchilari yo‘q edi. Shunga qaramasdan jamoamiz katta hajmdagi ishni bajardi. Haqqoniy g‘alabani qo‘lga kiritdik. To‘g‘ri, bu g‘alaba “Buxoro”ning “Xorazm” bilan durang o‘ynagani uchun bizga biroz tatimay turgan bo‘lishi mumkin. Lekin shunaqangi harakat qilsak, futbolchilardan umidimiz va ishonchimiz bor. Oxirgi paytlarda ular yo‘qotilgan ishonchni o‘zlariga qaytarishdi. Muxlislarning ham ishonchi ortdi. Mavsumning oxirgi o‘yinida ham ishqibozlarimiz bizni qo‘llab-quvvatlab turishadi. Ularni xursand qilish uchun harakat qilamiz. Uchrashuvdagi ustunlik asosan biz tomonda bo‘ldi. “Andijon” himoyaviy o‘yin namoyish qildi. Raqib safidagi bo‘ydor futbolchilari – Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Goron Milochko, Shahboz Erkinov kabi o‘yinchilari bo‘lmaganligi sababli o‘zlarining ustun tomonlaridan mahrum bo‘lishdi. “Andijon” asosan standartlarga, kuchga tayangan futbol namoyish qiladi. Shuning uchun bugun nisbatan boshqacharoq futbol namoyish qilishga majbur bo‘lishdi. Bu esa bizga ustunlik berdi.
- O‘tish o‘yinidagi raqib – “Lokomotiv”ning o‘yinini o‘rganib boryapsizmi? Jamoaning shunday taktikada o‘ynashiga imkoniyati etadimi?
- Qiziq savol. “Lokomotiv” tarkibida yaxshi saviyadagi futbolchilar bor. Yuqori pressinga asoslangan futbol o‘ynasak va raqibni darvozamizdan uzoqroqda to‘xtatishga harakat qilsak, ular individual kuchli futbolchilari hisobiga bunday ta’qibdan chiqib ketishlari va darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar yaratilishi mumkin. Hali bu o‘yinga yana biroz vaqtimiz bor, yana o‘ylab ko‘ramiz. “Lokomotiv”ning o‘yinlarini ko‘rganman. Baribir chempionatimizdagi oxirgi uchrashuvga umid qilib turgandik. Mana, endi “Lokomotiv” bilan bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz. Hujumkor yoki himoyaviy futbol ko‘rsatishimizni o‘yinga yaqin hal qilamiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham bitta narsani aniq aytishim mumkinki, jangovor futbol ko‘rsatamiz.
- O‘yindan oldnin “Andijon” tarkibida jiddiy yo‘qotishlar bor edi. Deyarli asosiy tarkibning yarmidan ko‘pi o‘ynay olmadi. Hujumchi Bogdan Milich esa himoyada o‘ynadi. Raqib safidagi bunday o‘zgarishlar siz uchun syurpriz bo‘lmadimi?
- Yo‘q, syurpriz bo‘lmadi. Bubanya uyga ketganini, Mamatkazinda 4 ta sariq kartochka borligini bilardik. G‘ulomov uchrashuvdan oldin nima sababdan asosiy tarkibdan chetga chiqib qolganini bilmadim. Erkinovda jarohat bor edi. Xullas, raqib haqidagi axborotlar bizda bor edi. Raqibning o‘yini syurpriz bo‘lgani yo‘q. O‘ylaymanki, Viktor Balyutovich himoyadagi muammolar sababli Milichni himoyaga qo‘ydi. Bu qaysidir ma’noda bizga yangilik bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin Milichni himoyada o‘ynagani bizni himoyachilarga nisbatan osonroq bo‘ldi. Chunki u hujumda o‘ynasa Zafar Polvonov bilan havodagi yakka kurashlarda ko‘p ustunlikka ega bo‘lishi mumkin edi. Natijada himoyachilarimizga muammo tug‘dirardi. Bugungi uchrashuvda baribir Bogdanning himoyachi emasligi qaysidir vaziyatlarda bilinib turdi. Biz nima bo‘lganda ham “Buxoro” qanday o‘ynashidan qat’iy nazar o‘z o‘yinimizda yutishimiz kerak edi. Jamoamizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga chiqish nasib qilmagan ekan. Hali umidni yo‘qotmaymiz. Baribir pley-off orqali bo‘lsa ham Superligaga chiqish vazifasini bajaramiz, deb umid qilaman.
- “Turon”dagi keyingi taqdiringiz jamoani Superligaga chiqish-chiqmasligiga bog‘liqmi? Yoki qanday natija bo‘lmasin kelasi yili ham klubda ishlaysizmi?
- Buni mavsum tugaganidan keyin rahbarlar bilan gaplashib, bir to‘xtamga kelamiz. Hozir aniq fikr bildira olmayman. Firku-hayolimiz Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Baribir bu futbolchilarni ko‘pini va jamoani ham yaxshi bilardim. Yigitlarni yaqindan o‘rganib chiqsangiz asta-sekin o‘zgarish bo‘ladi. Futbolchilarni imkoniyatlarini o‘rganib chiqqunimizga ham ma’lum vaqt ketib qoldi. Endi o‘yinchilarimizning imkoniyatlarini yaxshilab bilib oldik. O‘ylaymanki, oxirgi uchrashuvlarda bu o‘z samarasini beryapti. O‘z ishimizni munosib bajarishimiz kerak. Muxlislarimiz va rahbarlarning ishonchini oqlash uchun vijdonan ishlashimiz kerak. Qolganini rahbarlar hal qilishadi. Ayni paytdagi e’tiborimiz “Lokomotiv” bilan o‘yinga qaratilgan.
Fikrlar