
"Lokomotiv" xatolarimizni kechirmadi" yoxud "Olimpik" qiyin vaziyatda!
Pro liganing 16-turida turnir peshqadami "Lokomotiv" mezbon sifatida o‘tkazgan o‘yinda hamshahari - "Olimpik"ni 2:0 hisobida taslim etdi.
"Olimpik" hozirda turnir jadvalida 16 o‘yindan so‘ng bor yo‘g‘i 6 ochko jamg‘arib oxirgi - 6-pog‘onada bormoqda. Eng yaqin ta’qibchisidan 9 ochkoga ortad qolyapti. Ko‘rinib turibdiki, bu jamoa qiyin vaziyatga tushib qolgan.
"Olimpik" klubi bosh murabbiyi Artyom Petrosyan peshqadamga boy berilgan o‘yindan keyin savollarga javob qaytardi. Bu xususida klub matbuot xizmati ham ma’lum qildi.
"Yigitlar peshqadam jamoaga qarshi yomon o‘yin ko‘rsatishmadi. Afsuski bo‘limlar boshida oddiy vaziyatlarda gollar o‘tkazdik. "Lokomotiv" o‘zining yarimta imkoniyatidan ham foydalandi. Biz esa afsuski foydadanmadik.
O‘yin taqdirini kichik detallar hal qiladi. O‘yinda tajriba o‘z so‘zini aytdi. Yigitlarga e’tiroz yo‘q, ular borini berib o‘ynadi.
- Nima deb o‘ylaysiz, butun mavsum uchun 20 ta o‘yin kam emasmi?
- Juda kam. Butun boshli mavsum uchun 20 ta o‘yin kam. Bugun o‘ynadik. Keyingi o‘yinimiz 16 oktyabr kuni bo‘ladi. Yigitlarni tayyorlash jarayoni qiyin bo‘ladi.
Jamoamiz yosh, ular qancha ko‘p o‘ynashsa, shuncha yaxshi. Bu orqali yosh futbolchilar ko‘p tajriba olishadi. O‘yinlar kamligi o‘z navbatida murabbiylarga ham qiyinchilik tug‘diradi.
- Tajriba ustunlik qildimi?
- Ha. Yana bir bor aytaman - mayda detallar katta rol o‘ynadi. Oddiy vaziyatlarda, uzatmalar vaqtida xato qildik. "Lokomotiv" xatolarimizni kechirmadi. Jamoa oddiy uzatma orqali gol urib ketdi. Bu darajani bildirib turibdi. Jamoa bekorga liga peshqadami emas. Futbolchilar Superliga darajasida. Bizning yigitlar esa hali yosh.
- Yoshlarni o‘ynatish kerak deymiz. Lekin ular ko‘p yutqazishsa, sinib qolmaydimi?
- Bu erda murabbiyga ham ko‘p narsa bog‘liq. O‘yindan so‘ng ularni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Albatta ularni ko‘p tanqid qilib, xatolar uchun bosim o‘tkazaverilsa sinib qoladi. Sekin-sekin tajriba keladi. Buning uchun vaqt kerak.
Biz yigitlarni kelasi yil Superliga jamoalarida o‘yin o‘tkazishsa, xursand bo‘lamiz. Hozir turli yosh toifalarida 4 nafar futbolchimiz bor. Shu tomonlama biz xursandmiz.
Fikrlar