
Maksim Shatskix Kannavaro haqida: "Jahon chempionatidagi natijalarga qarab xulosa chiqariladi"
Fabio Kannavaroning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishi ortidan juda ko‘plab fikrlar, izohlar bildirilmoqda.
Milliy terma jamoamizning sobiq yulduzi, taniqli hujumchi bo‘lgan va hozirda “Andijon” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan Maksim Shatskix milliy terma jamoamiz yangi ustozi haqidagi savollarga javob qaytardi.
- Milliy terma jamoamizga jahon futbolining sobiq yulduzi Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlandi. Ushbu o‘zgarishga munosabatingiz qanday? Sizningcha, bu to‘g‘rimi yoki...
- O‘zgarishlar nima sababdan bo‘lganini bilmadim. Men uni o‘yinchi sifatida kuzatganman, ko‘rganman. Lekin murabbiy sifatidagi faoliyatini kuzatmaganman. Uni qanday mutaxassis ekanini vaqt ko‘rsatadi. Milliy terma jamoamiz bilan jahon chempionatida yaxshi natijalar ko‘rsatsa shunga qarab xulosa chiqarish mumkin. Agar natijalar yaxshi chiqmasa, u holda bu qaror o‘zini oqlamagan bo‘lishi mumkin. Hozirdan biror fikr bildirish mushkul. Hali mundial boshlanmagan. Tayyorgarlik, o‘rtoqlik uchrashuvlariga qarab ham qandaydir fikr bildirish qiyin. Hammasi jahon chempionatidagi natijalarga qarab xulosa chiqariladi. Barchasini mundialda ko‘ramiz. Albatta, terma jamoamizni muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilab qolamiz.
- Kannavaro boshchiligida ilk o‘rtoqlik uchrashuvida Quvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etdik. Bu o‘yin borasida nima deya olasiz?
- Uchrashuvni to‘liq ko‘rmadim. 2:0 ga yutishgani - bu yaxshi. Milliy terma jamoamizni darajasi Quvaytnikidan yuqoriligi bilingan. Statistika bo‘yicha ham bizni ko‘rsatkichlarimiz yuqori bo‘ldi. Quvaytdan darajamiz baland va bitta uchrashuvga qarab xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
- Bungacha terma jamoamizni boshqarish uchun boshqa xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib borilgan. Sizningcha, bizga qanday murabbiy ma’qul?
- Kim ma’qul? Bu borada aniq gap aytish juda qiyin. Murabbiy uchun nima muhim? Natija! Bu eng asosiysi. O‘yin natijasiga qarab xulosa beriladi. Taktika qanaqa bo‘ladi, nechta gol urasan, nechta gol o‘tkazasan, bular hech kimga qiziq emas. Hamma uchun natija asosiysi. Natija bor - demak, oldinga qarab rivojlanayotganligini bilsa bo‘ladi. Natija bo‘lmasa, demak xulosa chiqarish mumkinki, ishlar yaxshi emas.
- Timur Kapadze hozircha Fabio Kannavaroga yordam beryapti. Yangi bosh murabbiy yonida albatta mahalliy mutaxassis bo‘lishi shart deb o‘ylaysizmi? Ya’ni, Kapadze murabbiylar shtabida bo‘lishi qanchalik muhim?!
- Balki kerakdir. U Kannavarodan ko‘p narsa o‘rganishi mumkin. Shu jihatlarni hisobga olish ham mumkin. Kelajakda yordam beradi. O‘ylaymanki, Fabio Kannavaro yomon mutaxassis emas. Bu davr mobaynida u bilan ishlash, yangiliklarni o‘rganish faqat foyda keltirishi mumkin. Yosh murabbiylar uchun bu kabi holatlar ijobiy natija keltirishi tabiiy.
Fikrlar