
"Liverpul" "Manchester Siti"ning rejalarini buzmoqchi
"Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot o‘tgan haftada ta’tildan qaytib, 21 yoshli "Lion" hujumchisi Rayan Sherki bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Frantsiyaga uchib ketdi. Bu haqda The Athletic jurnalisti David Ornshteyn xabar bermoqda. Futbolchiga "Manchester Siti" ham katta qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, garchi "Liverpul" frantsuz futbolchisi bilan muzokaralar olib borayotgan bo‘lsa-da, klub uni asosiy transfer maqsadi sifatida ko‘rmayapti. "Qizillar" birinchi navbatda "Baer" yarim himoyachisi Florian Virtsni sotib olishni afzal ko‘rmoqda. Biroq, leverkuzenliklar APL chempionining ikkita taklifini rad etishdi. Shu sababli, "qizillar" germaniyalik futbolchi transferidan voz kechishlari mumkin.
Qayd etilishicha, "Lion" Sherkini 35 million evro evaziga sotishga tayyor.
O‘tgan mavsumda Sherki barcha musobaqalarda jami 44 ta o‘yinda ishtirok etdi, 12 ta gol urdi va 20 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor bahosi 45 million evroni tashkil etadi.
Fikrlar