
“Leyptsig” - “Liverpul”: Klopp va Nagelsmann o‘zaro gaplashib oldi. Navbat futbolchilarga (prevyu)
UEFA Chempionlar Ligasi nimchorak finalida intrigasiz qarama-qarshiliklar mavjud emas. “Liverpul” - “Leyptsig” to‘qnashuvida nemischa joziba barq urib turibdi. UEFA rasmiy saytida va Evropada sportga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalarining deyarli barchasida Yurgen Klopp va Yulian Nagelsmanning videoqo‘ng‘iroq amalga oshirgani aks etgan videolar e’lon qilindi. Ikki kuchli murabbiyning o‘zaro o‘yin oldidan bu tahlid gaplashib olishi ushbu bahsga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib yubordi.
Ularni “Xoffenxaym” bog‘lab turadi. Klopp “Xoffenxaym”ni tark etib, “Borussiya” Dortmundga o‘tib ketgandan keyingina, jamoaga Nagelsmann kelib qo‘shilgan. Ammo Yurgen Yulianni “Liverpul” bilan UEFA Chempionlar Ligasi kvalifikatsiyasida mag‘lub etishga erishgan. Ular katta o‘yin oldidan samimiy suhbat qurib oldilar. Navbat jangga…
“Leyptsig”
Germaniya Bundesligasida “Bavariya”ning chempionligiga to‘siq bo‘la oluvchi yagona jamoa hozircha “Red Bull Leyptsig” bo‘lib turibdi. 21-tur yakunlariga ko‘ra, 44 ochko jamg‘argan “buqalar” 2-o‘rinda bormoqda. Myunxenliklar xuddi shuncha o‘yin o‘tkazib, ulardan 5 ochko oldinda ketmoqda.
Joriy mavsum “Leyptsig” uchun hal qiluvchi maqomda bo‘lishi katta ehtimol. Sababi, bundan so‘ng, jamoada qayta shakllanish jarayonlari boshlanib ketadi. Dayo Upamekano “Bavariya” bilan ko‘pyillik shartnoma borasida kelishib qo‘yilgani ma’lum qilindi. Buni har ikkala klub rasmiylari ham tasdiqladi. Yulian Nagelsmannga Evropaning bir qator top-klublaridan takliflar bor. Iqtidorlar oldi-sotdisidan pul ishlaydigan nemis klubi o‘z biznesining achchiq joyiga etib kelmoqda. Katta ehtimol bilan, birgalikda o‘tadigan so‘nggi mavsumni yuqori notada o‘tkazib olish ularning kelgusidagi faoliyati uchun haqiqiy motivatsiya bo‘lishi aniq.
UEFA Chempionlar Ligasida “o‘lim guruhi”dan chiqib kelinishi ham klubga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Balki shuning uchun ham, Anxelinoning shartnomasi “Manchester Siti”dan to‘liq sotib olingandir. Jamoadagi ambitsiyalar baribir yuqori ekanligini tayin. Aslida, so‘nggi 2 turdagi g‘alabalargacha, Nagelsmann shogirdlarining guruhdan chiqish masalasi ancha qiyin, deb baholanayotgandi. “Istanbul” Bashakshexir va “Manchester Yunayted”ga qarshi bellashuvlardagi dramatik g‘alabalar yakunda barchasini o‘zgartirib yubordi.
“Bavariya”ga transferi hal bo‘lib ulgurgan Upamekanoga mudofaa markazida sheriklik uchun Ibrahima Konate safga qaytdi. Jastin Klyuivert juma kungi o‘yinda zaxirada qoldirildi, to‘g‘rirog‘i, murabbiy uni asradi. Shunday ekan, bugun uni maydonda ko‘rishimiz ehtimoli yuqori. Emil Forsberg, Konrad Laymer, Benjamin Xenriks kabi etakchilar nimchorak finalning ilk qarama-qarshiligida jamoasiga yordam bera oladi. Shuningdek, bosh murabbiyda yanvar oyida leyptsigliklar tarkibiga kelib qo‘shilgan Dominik Soboslai varianti ham mavjud.
Taxminiy tarkib: Gulachi, Klostermann, Orban, Upamekano, Mukiele, Zabitser, Kampl, Anxelino, Nkunku, Olmo, Poulsen.
Ishtirok eta olmaydi: Laymer, Forsberg.
So‘roq ostida: Soboslai, Xenriks.
Diskvalifikatsiya xavfi borlar: Xenriks, Klyuivert, Konate, Zabitser.
“Liverpul”
Angliya Premer-ligasining amaldagi chempioni joriy mavsumda havas qilarli ahvolda emas. Jamoada bir kamchilik ikkinchisini etaklab kelmoqda. “Manchester Siti” va “Lester”ga qarshi bellashuvlar markaziy himoyadagi muammolarni yaqqol ochib tashladi. Virjil Van Deykning etakchilik qobiliyatiga shubha bildiruvchilar guruhi endi yo‘q, nazarimda. Jamoa muxlislariga umid bahsh etib, Bundesligadan olib kelingan O‘zan Kabak “tulkilar”ga qarshi o‘yinda juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Matematik hisob kitoblarga tayansak, “Lids”da ham chempionlik uchun imkoniyat mavjud. Ammo keling, vaziyatga real ko‘z bilan qaraymiz. Joriy mavsumda endi hech bir jamoa APL chempionligi uchun “Siti”ga raqobat uyushtira olmaydi. Najotni Chempionlar Ligasidan kutaverish kerakmikan?!
Guruh bosqichi davomida “Liverpul”ga “Atalanta”, “Ayaks” va “Midtyullann” raqiblik qilganidan xabardorsiz. Yurgen Klopp shogirdlari ushbu bosqichni ishonchli tarzda o‘tkazdi, deb ayta olmaymiz. Bergamoliklar bilan guruh g‘olibligi uchun kurash so‘nggi turlargacha davom etdi. EChLda “Liverpul”ning haloskori bo‘lgan Diogu Jota bugun jamoaga yordam bera olmasligini inobatga olsak, klub muxlislarini xavotirga soladigan jihatlar rostdan ham ko‘pligi namoyon bo‘ladi.
“Lester”ga qarshi o‘yin tsenariysi o‘zgarib ketishiga uchrashuvning 17-daqiqasida Jeyms Milner jarohat olib, maydonni erta tark etgani sabab bo‘ldi. Yangi xarid qilingan Ben Devis bilan birga Divok Origi va Kellexer ham safdan chiqqan. Quvonchli xabarlar ham bor: Nabi Keyta uzoq muddatli jarohatdan forig‘ bo‘lib, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgan. Ha, Germaniyadagi o‘yinda uni maydonda ko‘rishimiz ehtimoli juda kam. Biroq, yarim himoya vakilining tarkibga qaytayotganining o‘ziyoq klub muxlislari uchun quvonchli xabar. Fabinoning ahvoli biroz yaxshilangach, Klopp uni maydonga tushirishga qaror qilgandi. Ammo mana endi muhim to‘qnashuv oldidan yana braziliyalik yarim himoyachi safdan chiqqan. Van Deyk, Jo Gomez, Joel Matip va Diogu Jotaning lazaretda ekanidan xabardorsiz. Tyago Alkantara esa vanihoyat, jamoaga yordam berishga shay.
Taxminiy tarkib: Alisson, Arnold, Kabak, Xenderson, Robertson, Tyago, Veynaldum, Jons, Saloh, Firmino, Mane.
Ishtirok eta olmaydi: Milner, Matip, Keyta, Jota, Gomez, Van Deyk.
So‘roq ostida: Fabino, Kellexer, Devis, Origi.
Diskvalifikatsiya xavfi borlar: Milner, Veynaldum.
Murabbiylar
Yulian Nagelsmann: “Biz yaxshi seriya qayd etmoqdamiz. So‘nggi 4 ta uchrashuvimizning barchasida g‘alaba qozondik. Agar bugun “Liverpul”ning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, ular so‘zsiz favorit. Ammo biz ham Evropaning grand klublarini enga olishimizni isbotlab ulgurganmiz. Emil Forsberg bilan tavakkal qilishni istamayman. U butkul sog‘ayib ulgurmadi.
Bilamizki, “Liverpul” dunyo darajasidagi top-klub. Premer-ligadagi omadsizliklar Chempionlar Ligasiga ta’sir ko‘rsatishiga ishonmayman. Aksincha, chempionlik uchun kurashdan deyarli chiqib ulgurgan klub bor kuchini ushbu musobaqaga qaratish ehtimoli yuqori".
Yurgen Klopp: “Biz pozitiv jihatlarni ko‘ra bilishimiz zarur. “Siti” va “Lester”ga qarshi o‘yinlarga nazar tashlasangiz, biz 7 ta gol o‘tkazib yuboradigan darajada yomon o‘ynamadik. Barcha gollar individual xatolar ortidan keldi. Biz yigitlar bilan bu borada gaplashib oldik. Bu shunchaki o‘zaro tushunmovchilik natijasi, xolos.
Siz bizni mavsum davomida diqqat bilan kuzatib borgan bo‘lsangiz, turli xil vaziyatlarga duch kelganimizning guvohi bo‘lasiz. Ha, yomon o‘ynagan bahslarimiz bo‘ldi, ammo chiroyli g‘alabalarimizni ham unutmaslik lozim”.
Xulosa o‘rnida
Ushbu uchrashuvda imkoniyatlarni mutlaq teng, deb ayta olamiz. Ha, “Liverpul” o‘z hujumining rang-barangligi bilan g‘alabani ilib ketishi mumkin. Ammo Nagelsmann o‘ta tartibli futbolni ilgari suradi. Kloppni anchadan buyon “Lester”ga qarshi o‘yindagi kabi futbolchilarga ochiq e’tiroz bildirganini ko‘rmagandik. Biroq, baribir mersisaydliklar ushbu juftlikda favoritligicha qolmoqda. Ushbu qarama-qarshilikning dastlabki o‘yinidan yirik hisob kutish biroz mushkul. Sababi, mutaxassislar ikkinchi o‘yinda vaziyatni o‘zgartirishga ishongan holda, futbolchilarini to‘liqligicha oldinga borishdan tiyishi mumkin.
Biz shunchaki taxmin qilish va mavjud vaziyatdan kelib chiqib, fikr bildirishga qodirmiz. Barchasini futbolchilar maydonda hal qiladi. Bizni katta to‘qnashuv kutmoqda!
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar