Ro‘ziqul Berdiev: "Hujumchilarga e’tirozimiz bor"

  • 12 avgust, 11:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 18-turidagi markaziy uchrashuvlardan biri - “Neftchi” - “Nasaf” to‘qnashuvida maydon egalari 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada amaldagi chempioni joriy yilgi chempionatdagi dastlabki mag‘lubiyatini tan oldi. O‘yindan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Tecno

-”Neftchi” jamoasi qahramonlik ko‘rsatib, juda yaxshi, zich himoyalandi. Bizga hujumda sovuqqonlik, vaziyatlardan foydalana olmaslik etishmadi. Hozir baribir so‘raysizlar, o‘yin boshida “Neftchi” bir kishi kam bo‘lib qoldi. Ungacha ham biz tashabbusga ega edik. Undan keyin ham tashabbusga ega bo‘ldik. Faqat hujumda omadimiz kelmadi, qaerdadir sovuqqonlik etishmadi. Mag‘lubiyatga uchradik, bizni istagimiz va xohishimiz bu emasdi. Bugungi uchrashuvda g‘alaba qozonsak vazifamiz ancha engillashardi. Yigitlarga e’tiroz yo‘q. Faqat Zafarmurodni jarima maydoni ichida Odilov yiqitganida e’tiroz bildirdik. Albatta, hujumchilarga e’tirozimiz bor. Samarali o‘ynashlari kerak edi. Menimcha, shu sabablar bo‘ldi va mag‘lubiyatga uchradik.  

- “Nasaf” amaldagi chempion va oxirgi ikkita turda 5 ochko yo‘qotdi. Bunga munosabatingiz?

- Chempionatimiz shunaqa davom etyaptiki, har bir jamoa ochko yo‘qotyapti. Albatta, buni xohlamagan edigu, lekin muammolarimiz qaerda bo‘lyapti? “Andijon” ham zich himoyalanganida yorib o‘ta olmadik. “Neftchi” ham aytganimdek, zich himoyalandi va bunday paytda hujumda samarali harakat qilmayapmiz. Bu yoqimsiz holat. Shunga qaramasdan barchasi o‘z qo‘limizda, keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Mavsum hali davom etyapti. Menimcha, hali barcha jamoalarda ochko yo‘qotishlar bo‘ladi. Chunki bu narsalar amalda bo‘lib turibdi.

- “Nasaf” asosan qanotlardan hujum qildi. Bu narsa markazda o‘ynaydigan Akmal Mozgovoyning ketishi bilan bog‘liq bo‘ldimi?

- Akmalni ketishi tarixga aylanib bo‘ldi. Sardor bilan Murod Akmaldan yomon harakat qilmayapti. Faqat natija yaxshi bo‘lmaganda bu savollar tug‘ilaveradi. Kimdir qaysidir klubni tark etsa boshqasini ochilishiga sabab bo‘ladi. Menimcha, uchta o‘yin o‘tkazdi va Murod katta hajmdagi ishni olib boryapti. Sardorni bugungi o‘yini menga yana bir bor ishonch bag‘ishladi. Shuning uchun ichimizdagi imkoniyatdan foydalanib, yoshlar bilan to‘ldiramiz. Futbolchilar ketadi-keladi, bundan oldin ham ketishgan. Faqat vaziyatdan, imkoniyatingizdan naf chiqarishingiz kerak bo‘ladi.

- Shalani birinchi bo‘limda tushirmoqchi edingiz, ammo uni keyinroq tushirdingiz. Bu nima bilan bog‘liq?

- Hujumga yanada ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak edi. Uchta hujumchi bilan harakat qilishimiz kerak edi. Chunki bir kishi ko‘p edik. Bilaman, Yusuf qanchalik tayyor bo‘mlasa ham chap qanotda ham vinger sifatida o‘ynay olishi uchun biz uchta hujumchi bilan o‘ynashga harakat qildik.

- ”Neftchi”ni qaysi kuchli jihatlari e’tiboringizni tortdi?

- Bilasizlar, “Neftchi” ko‘proq himoyadan o‘yinni quradi. Bugun bir kishi kam bo‘lganidan keyin yanada zichroq himoyalandi. Hujumni deyarli ko‘p o‘ylamadi. Qarshi hujumda bitta .o‘yinchisini qoldirib harakat qildi. Bu narsa “Neftchi” jamoasiga natija berdi. Bu yil birinchi bo‘lib bizni mag‘lubiyatga uchratdi.

- Oybek Bozorovga Eron, Qatar, Portugaliya kabi chempionatlardan takliflar tushgan ekan. Bu qanchalik haqiqat?

-Yo‘q, klubimizga hech qanaqa taklif bo‘lmagan. Hozir ko‘p narsa saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda yozilaveradi, kimnidir qiziqtirish va jalb qilish uchun. Lekin bizga hech kim hech qanaqa taklif bildirgani yo‘q, Oybek ham bizga bu haqida gapirmadi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!