Legionerimiz premer-ligada o‘ynash uchun kurashmoqda!

  • 13 mart, 2021, 20:02
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Rossiya premer-ligasida hozircha bir nafar futbolchimiz qoldi. U ham bo‘lsa, Oston O‘runov. Oston chempionlik uchun kurashayotgan “Spartak”dan ligada jon saqlab qolishga harakat qilayotgan “Ufa”ga o‘tdi. Har holda mavsum oxirigacha o‘yin amaliyoti ta’minlandi.

Mavsumni premer-ligada “Rostov” tarkibida boshlagan Eldor Shomurodov “Jenoa”ga o‘tgan bo‘lsa, “Lokomotiv” bilan besh yillik shartnoma imzolagan Jasur Jaloliddinov ortga qaytib, “Andijon” futbolchisiga aylandi. Jasurning transferi bilan shug‘ullangan Yuriy Belousning Evropa futboli haqidagi ertaklari shu tariqa tugadi.

Rossiya chempionatining ikkinchi turniri – Milliy futbol ligasidagi legionerlarimizning o‘yini muxlisu mutaxassislarga manzur bo‘lmoqda. Ligada qolish uchun kurashayotgan “Tom” Vitaliy Denisovni o‘ziga sardor qilib oldi. Hozir tajribali himoyachimiz  jamoaning haqiqiy etakchisi hisoblanadi.

vitaliy-denisov_1061827

Maqolamiz Vagiz Galiulin sardorlik qilayotgan va Bobir Davlatov o‘ynayotgan “Nefteximik” haqida bo‘ladi. Bu klub rahbariyati keyingi paytda jamoani premer-ligada ko‘rmoqchi. 1991 yilda tuzilgan va o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ya olmagan bu jamoa “Rubin”ning farm-klubi ham bo‘lgan. Biroq, 2016 yilda mustaqil jamoaga aylangan “Nefteximik” bir yil Milliy futbol ligasida o‘ynaganidan keyin quyi ligaga tushib ketdi. Ikki yildan so‘ng, yana Milliy futbol ligasiga qaytgan jamoa 2019-2020 yilgi mavsumda beshinchi o‘rinni egallab, premer-ligaga chiqishiga ozgina omad etishmay qoldi. Jamoaning g‘alabalariga 21 ta uchrashuvda qatnashgan Vagiz Galiulin munosib hissa qo‘shdi.

Klub rahbariyati joriy mavsumda klub oldiga aynan eng yuqori liga yo‘llanmasi uchun kurashish vazifasini yuklagandi. Dastlabki turlarda jamoa buni uddalab kelayotgandi. Lekin “Nefteximik” futbolchilari noyabr oyida ketma-ket oltita uchrashuvda yutqazib, musobaqa jadvalida pastlab ketdi.

Natijada jamoani to‘rt yil boshqargan Yuliy Utkulbaev ishdan olindi. Bu mutaxassis qo‘l ostida jamoa 123 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib, shulardan 64 tasida g‘alaba qozondi va o‘tgan mavsum o‘zi uchun rekord bo‘lgan beshinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Klub prezidenti Timur Shigabuddinov “Nefteximik”ni o‘rtamiyona jamoalar qatoridan chiqarish uchun bosh murabbiylikka Moskvaning “Dinamo” klubini tark etgan Kirill Novikovni olib keldi. Bu mutaxassis qo‘l ostida “Neyteximik” uchta rasmiy uchrashuvda qatnashib, ularning barini g‘alaba bilan yakunladi va natijada jamoa premer-liga yo‘llanmasi uchun kurashga qaytdi. To‘g‘ri, nijnekamskliklar premer-ligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beradigan o‘rinlarga da’vogarlik qila olmaydi. Ular to‘rtinchi o‘rinni egallab, o‘tish turnirida qatnashish imkoniga ega xolos. Hozir ettinchi pog‘onada turgan “Nefteximik”ni to‘rtinchi o‘rindagi “Alaniya”dan olti ochko ajratib turibdi. 14 mart kuni bo‘ladigan navbatdagi turda bu jamoalar Vladikavkazda to‘qnashadi. Aynan mana shu bahs ko‘p masalaga oydinlik kiritadi.

“Nefteximik”ning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan eng kuchli futbolchilardan hisoblangan Vagiz Galiulinga bog‘liq. Jamoaning deyarli barcha hujumlari o‘zbekistonlik legioner ishtirokida tashkil qilinadi. Vagiz qanotdan jarima maydoni sari yorib kiradi va uyog‘iga zarba beradi yoki to‘pni aniq oshiradi. Galiulinni to‘xtatish qiyin. U yaxshi ochiladi va shu bilan birga bo‘sh turgan jamoadoshlarini tez topa oladi. Hamyurtimiz to‘pni o‘zida uzoq ushlab turmaydi va shu bois, ko‘pincha, unga qarshi raqib himoyachilaridan ikki nafari o‘ynaydi. Buning oqibatida jamoaning asosiy to‘purari Merabi Uridiyaga bo‘sh zona ochiladi va u Vagizdan qulay uzatilgan to‘pni qabul qilib oladi.

GOUOoyoM6AM

O‘zbekiston milliy terma jamoasidan taklif olgan Vagiz Galiulin Rossiya futbolida katta tajribaga ega. Hamyurtimiz katta g‘alabalar nashidasini totib ko‘rgan va buning qadrini biladi. Galiulin “Rubin” safida Rossiya chempioni, Hamdo‘stlik kubogi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, “Tosno” jamoasi bilan Rossiya kubogini qo‘lga kiritganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.

Joriy mavsumda “Nefteximik” jamoasi safida 24 ta uchrashuvda maydonga tushgan Galiulin raqiblar darvozasini to‘rt marotaba nishonga oldi. Yana bir yarim himoyachimiz Bobir Davlatov esa nijnekamskliklar safida 14 o‘yinda ishtirok etdi.

“Nefteximik” uchun o‘ta muhim bo‘lgan “Alaniya”ga qarshi uchrashuv 14 mart kuni Toshkent vaqti bilan 17:00da boshlanadi.

Legionerimiz g‘alabaga hissa qo‘shdi

Legionerimizning goli uchrashuvda burilish yasadi

Legionerimiz Rossiyada gol urdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!