
Kundan-kunga yosharib ketyapman - "Keksalik"ni tan olmayotgan hujumchimizning "Al-Hilol" darvozasiga tarixiy gol urishini kutganmidingiz?
AGMK klubi Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvda Osiyo grandi – “Al-Hilol”ga munosib o‘yin ko‘rsatganini ko‘rdik.
Mirjalol Qosimov aytganidek, uning jamoasi shunchaki qatnashish uchun kelmaganligini ko‘rsatyapti. Kechagi tarixiy o‘yindagi ilk tarixiy gol muallifi Zafar Polvonov bo‘lganini bilasiz.
Bugun ushbu hujumchi sports.uz muxbirining savollariga javob berdi.
- AGMK o‘zi uchun tarixiy o‘yinda ishtirok etdi va Osiyoning eng kuchli grandlaridan biri “Al-Hilol” bilan durang o‘ynadi. Avvalo, uchrashuv haqida so‘ramoqchiman. Taassurotlar qanday?
- Kirib kelgan Ramazon oyi bilan barcha musulmon xalqini tabriklayman. AGMK har doim o‘z oldiga katta maqsad qo‘yadi. Biz o‘sha maqsadimiz sari intilamiz. Albatta, murabbiy ko‘rsatmalari bilan ham ajralib turadi. O‘sha “Al-Garafa” bilan o‘yinda yutamiz, deb maqsad qilgandik. Oxirigacha kurashishga bel bog‘lagandik. Xudoga shukr, yakunda o‘ylagan niyatimizga erishdik. Mana, kecha “Al-Hilol”ga qarshi ham o‘ynadik. Biz bu raqibning kuchini, yaxshi shakllanganini va tajribali legionerlariga egaligini bilardik. Bunday jamoaga qarshi to‘p surish hamisha qiyinchilik tug‘diradi. Albatta, biz ham qarab turmadik. Oxirigacha kurashdik va shunga yarasha tayyorlangandik. Bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz. Hali yana “Al-Hilol” bilan to‘qnash kelamiz. Endi bu uchrashuvni esdan chiqarib, “Istiqlol” bilan bahsga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
- Siz tarixiy gol muallifi bo‘ldingiz. Chunki AGMKning OChLdagi ilk golini urdingiz. O‘sha vaziyatda darvozabon xato qilishini bilganmidingiz yoki kutilmagan sovg‘a bo‘ldimi?
- Tarixiyni golni urganimdan xursandman. Lekin hamma ham xato qiladi. Bunday xatodan hamma hujumchilar foydalanishi mumkin. Ammo bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi.
- Siz 36 yoshda OChLda “Al-Hilol” darvozasini ishg‘ol qildingiz. Qachonlardir faoliyatingizda shunday onlar bo‘lishini tasavvur qilganmidingiz?
- To‘g‘ri, men hozir 36 yoshdaman. Bilasizmi, 36 yoshdaligimni his qilmayapman. Hali ham 28 yoshdagidekman, kundan-kunga yosharib ketyapman. Bu yaxshi, albatta. Inson o‘zida rejimni qo‘llasa, sport formasini ushlab turadi. Yoshim joyda, o‘zimni yaxshi his qilyapman, xuddi yoshlardek.
- O‘yindan keyin Mirjalol Qosimov nima dedi? Masalan, uning ko‘rsatmalarini maydonda qanchalik bajardinglar?
- Birinchi bo‘limda biroz sust o‘yin ko‘rsatdik. Bundan albatta murabbiyning jaxli chiqadi. Murabbiyning ko‘rsatmalarini qaysi joydadir aniq ko‘rsata olmadik. Tanaffus chog‘ida Mirjalol Qo‘shoqovich bizga, bu erga, musobaqada shunchaki ishtirok etish uchun kelmadik dedi. Oldimizga qo‘yilgan vazifaga hammamiz erishishimiz shart deb ko‘rsatma berdi. Shundan keyin hammasi yaxshi o‘tdi. Kayfiyatimiz ham yaxshi, keyingi uchrashuvgacha kamchiliklarimiz ustida yanada ko‘proq ishlaymiz.
- O‘yinlar Ramazon oyida o‘tkazilyapti. Eshitishimcha, AGMKdagi futbolchilar ro‘za tutyapti. Bu o‘yin paytida sizlarga noqulaylik tug‘dirmayaptimi?
- Xudoga shukrki, hech qanday qiyinchiliklar ko‘rmayapman. Hammasi joyida. Chunki orada vaqt bor, tutayotgan ro‘zalarimiz xalaqit bermaydi.
- AGMK bu musobaqada nimaga qodir, deb o‘ylaysiz?
- Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoa nomigagina o‘ynab ketmaydi. Albatta, hammada maqsad bo‘ladi. Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Maqsadimiz oxirigacha kurashish. Hozircha barchasi joyida.
Fikrlar