"Kimdir ushbu voqeaning stsenariysini yozgan bo‘lsa, men ham shunday yozgan bo‘lardim" yoxud Arveladze ingliz futbolida bundan yaxshiroq debyutni orzu qilmasa ham bo‘laveradi

  • 31 yanvar, 2022, 17:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Siz-u, biz uchun qadrdon bo‘lib qolgan Shota Arveladzening faoliyatida yangi bosqich boshlanganini juda yaxshi bilasiz. U Angliya chempionshipida ishtirok etayotgan “Xall Siti” klubi ustoziga aylandi.

Tecno

“Paxtakor”dan so‘ng, ancha vaqt ko‘plab takliflarni nima uchun rad etib kelganini endi tushungandekmiz. “Xall Siti” rejasi avvaldan bor bo‘lib, murabbiy ham Sports.uz saytiga bergan intervyusida Angliyada ishlash o‘zining orzusi ekanini yashirmagandi. Nihoyat, Shota Yustinovichning orzusi ushaldi. U endi kuchli chempionatlardan birida!

Garchi bu Angliya premer-ligasi emas, chempionship bo‘lsa-da, ancha-muncha Evropadagi milliy birinchiliklarning darajasidan baland. Eng yoqimligi shundaki, Shota Yustinovich rasman bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyinoq chempionshipning navbatdagi turi doirasida “Suonsi Siti”ga qarshi debyutini o‘tkazib o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shunday ekan, “Paxtakor” jamoasining sobiq bosh murabbiyini ayni paytda kayfiyati chog‘. O‘z navbatida “Xall Siti” klubi rasmiy sayti yangi murabbiyning debyutidan so‘ng o‘ziga xos munosabat bildirgan va Arveladzening ham o‘yindan keyingi fikrlarini havola etgan.

arveladze5_2  

Jumladan, klub saytida shunday deyiladi: “Shota Arveladze qo‘l ostidagi “Xall Siti” jamoasi debyut uchrashuvida “Suonsi Siti”ni 2:0 hisobida engishi uchun har bir tepilgan to‘p g‘alaba uchun xizmat qildi.

2 ta gol dastlabki 17 daqiqada kiritildi. Tom Ivs va Kin Lyuis Potter tomonidan urilgan gollar va undan keyingi vaqt davomida g‘alabani ushlab tura olgani 48 yoshli mutaxassisni “Yo‘lbarslar” bosh murabbiyligidagi dastlabki uch ochkosini ta’minlab berdi. Gruziyalik mutaxassis ingliz futbolidagi bundan yaxshiroq debyutni orzu qilmasa ham bo‘laverardi. Chunki butun boshli “Xall Siti” stadioniga yig‘ilgan 13101 nafar muxlis Shota Arveladze nomini aytib kuylayotganini ko‘rishimiz mumkin edi”.

arveladze3_3

Shota Arveladze: “Agar kimdir ushbu voqeaning stsenariysini yozgan bo‘lsa, men ham xuddi shu stsenariyni amalga oshirdim. Yoki men ham shu tarzda yozgan bo‘lardim. Barchaga rahmat. Futbolchilarga, umuman klubga kimki, menga qisqa muddat ichida ushbu g‘alabaga erishishimizda yordam bergan bo‘lsa, hammaga minnatdorchilik bildiraman. Biz birinchi bo‘limda yaxshi ishladik. Raqibga imkon bermasligimiz kerak edi. Negaki, ular tezda o‘yin uslubini o‘zgartirib g‘alabaga intilishi mumkin edi. Aslida ham shunday bo‘ldi. Ular qo‘shimcha yarim himoyachilari bilan hujumni kuchaytirishga harakat qilishdi. Aynan yarim himoyachilarining soni jihatdan raqibda ustunlik bo‘ldi. Bu esa ularning maydon markazini egallashiga katta yordam berdi. Lekin raqibni himoya chizig‘ida juda yaxshi kutib olishga erishdik. Ammo o‘yinimizda hali rivojlanishi kerak bo‘lgan jihatlar juda ko‘p. Futbolchilarim ajoyib darajadagi xarakter va tartib-intizomni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi. Ayta olamanki, yigitlarimiz o‘yinni o‘zlari boshlay olgan tempda yakunlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Medium

Bu o‘yin menga juda yaxshi xissiyotlarni taqdim eta oladi. Chunki birinchi daqiqalardanoq men bergan taktik ko‘rsatmalar o‘zining natijasini berishni boshladi. Bundan albatta xursandman.

Ikkinchi taymda raqib bizning uslubimizga o‘ziga xos munosabat bildirib, qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishdi. Mana shunday paytlarda o‘z xarakteringizni ko‘rsata olishingiz va yaxshiroq himoyalanishingiz juda ham katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham futbolchilarim o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qola olishdi, deb hisoblayman. Bu esa kelgusi o‘yinlar oldidan ularga qo‘shimcha energiya bag‘ishlashi mumkin.

arveladze9_1

Men mazkur klubda ishlashni boshlaganimdan xursandman. Buni murabbiy sifatida tanishtirilishimdan oldin ham his qilayotgandim. Mana endi ushbu jamoaning bosh murabbiyi sifatida maydondagi tajribani o‘z boshimdan o‘tkazganimdan so‘ng buni yana ham chuqurroq his qila boshladim. Bu nihoyatda ajoyib hissiyot”, - dedi O‘zbekistonda ishlagan mutaxassis.

“Xall Siti” – “Suonsi Siti” o‘yinida muxlislar “Bizda Arveladze bor”, degan shiorni ko‘targan holatda butun boshli maydonni qaysidir ma’noda “portlatdi”, deyishimiz mumkin. Ya’ni, ular bundan juda ham xursandliklarini o‘yinda jamoalarini olg‘a boshlab ko‘rsata olishdi.

Medium (1)

Shota Arveladze: “Bu juda ham ajoyib edi. Ba’zilar ular Alan Makkregor nomini aytib kuylashdi, deb aytishdi. U juda ham yaxshi do‘st va u haqida aytilgan qo‘shiq bo‘lsa ham buni eshitishdan xursandman. Yana aytamanki, ushbu klubda debyut qilganimdan ilk daqiqalardan rohatlanishni boshladim va bu davom etadi, deb umid qilaman”, - deya so‘zini yakunladi, Yustinovich.   

Arveladze jamoasi keyingi turni yana o‘z maydonida 5 fevral kuni “Preston” klubiga qarshi o‘tkazadi. So‘ngra, 9 fevralda mehmonda “Derbi Kaunti” bilan kuch sinashadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
31/01/2022 22:10
Омад!