Kichik afisha, ammo katta rezonans! Qaysi transfer nishonga tegishi mumkin? (TOP 7)

  • 11 fevral, 2024, 16:35
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Klublar ketma-ket katta transferlarni amalga oshirayotganidan xabaringiz bor. Saytimizda kuni kecha aynan shu voqealarga bag‘ishlangan eng katta transferlar "Top-7"ligi e’lon qilindi. Bugun hayp masalasida ko‘pchilikning e’tiboriga tushmagan, ammo amalda katta rezonans berishi mumkin bo‘lgan transferlar ettiligini ko‘rib chiqamiz. 

Tecno

Behruz Oblaqulov - "Neftchi".

Bexruz

Oblaqulov o‘tgan mavsum "U-19" chempionatini yondirib tashlab ko‘pchilikning e’tibor markaziga tushgan edi. "Mashal" tarbiyalanuvchisi yoshiga xos bo‘lmagan sovuqqonlikka ega. Hujumlarning final qismida aniq zarba berishi bilan murabbiylarni nazariga tushgan yigitni Farg‘onaning "Neftchi" klubi ilib ketdi. "U-19" chempionatida 29 gol kiritib yaqqol to‘purar bo‘lgan forvardga Vitaliy Levchenkoning shaxsan o‘zi ishonch bildirmoqda. U bilan "yo‘lbarslar" 3 yillik shartnoma imzoladi. Agar "Grigorich" yosh iqtidor egasiga o‘yin amaliyoti bersa, bu "Neftchi" uchun kelajakda katta zafarlar olib kelishi hech gap emas. Qisqasi, shu nomni eslab qoling.

Xislat Halilov - "Dinamo".

O‘zbek futbol ishqibozlariga "So‘g‘diyona"dagi o‘yinlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan jingalak soch yigit endilikda "Dinamo" sharafini himoya qiladi. Markazda to‘p tepishiga qaramay, erkinlikni va driblingni xush ko‘radigan Xislat so‘nggi 2 mavsumda kutilganidek progress namoyish etmadi. Aksincha, biroz ko‘rinmay qoldi. Aynan hozir futbol o‘ynashni xush ko‘radigan Vadim Abramov qo‘l ostiga borib qo‘shilgani uning karerasidagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Halilov ayni jismonan etilgan, katta o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatishi shart bo‘lgan yoshda. "Dinamo" tarkibida ortiqcha bosimsiz, erkin futbol o‘ynash orqali yarim himoyachi o‘zidan kutilayotgan darajani namoyish etadi, degan umiddamiz.

Ulug‘bek Hoshimov - "Surxon".

"Neftchi" bilan chempionatni 4-pog‘onada yakunlangan Ulug‘bek Hoshimov mavsum tugashidan avval "Surxon" bilan kelishib bo‘lgan edi. Hujumchi ko‘proq to‘pni nazorat qiladigan, hujumlar uyushtirishga ixtisoslashgan jamoada to‘p tepishni istadi. Natijada, Superligadagi eng tomoshabob futbol namoyish etayotgan "uchar tulporlar" safiga borib qo‘shildi. Jamoadoshlari va "Surxon"ning o‘yin falsafasidan kelib chiqsak, Ulug‘bekda straykerlik mahoratini namoyish etish uchun barcha imkoniyat mavjud. Aynan uning Silvanus Nimeli bilan hosil qiladigan tandemi amalda qanday ko‘rinish olishini bir tasavvur qilib ko‘ring!

Doniyor Abdumannopov - "Paxtakor".

Doniyor so‘nggi 2 mavsumda juda yuqori darajada o‘tkazdi, ammo unga stabillik etishmadi. "Bunyodkor"da ham, "Navbahor"da ham doim asosiy gollarni urganiga qaramay, ikki klubda ham muqim o‘rin egallay olgani yo‘q. Joriy mavsumda "Paxtakor" safida boshlaydigan vingerda o‘sha stabillikka erishish imkoni bor. Yoshlarga suyangan xolda, qayta shakllantirilishi kutilayotgan "sherlar" safida Doniyor jamoa motoriga, almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylanishi mumkin. Bu transfer afisha borasida bundan avvalgi maqoladagi yigitlarniki bilan tenglasha olmasada, foyda keltirishda hech biridan qolishmasligi turgan gap.

Islom Qobilov - "So‘g‘diyona".

isa

Yaqindagina O‘zbekiston milliy terma jamoasi mudofaa chizig‘ida asosiy tarkibda harakat qilgan Islom Qobilov o‘tgan mavsumni Pro ligada o‘tkazdi. "Lokomotiv"ni elitaga qaytargach, himoyachi Ivan Boshkovichning taklifini qabul qildi va "So‘g‘diyona"ga ko‘chib o‘tdi. Biroz muxlislar e’tiboridan chetda qolganiga qaramay, Qobilov hali o‘zining pik formasidan tushgani yo‘q. Endigina 26 yoshni qarshilagan futbolchi uchun "So‘g‘diyona" terma jamoa darajasiga qaytish uchun yaxshi chorlov. Superligada "bo‘rilar" bilan munosib ishtirok unga yana yopilgan eshiklarni qayta ochishi mumkin.

Muxammadali G‘iyosov - "Qizilqum".

g‘iyosov

Universal hujumchi o‘tgan mavsumni ikkinchi davrasini "Qizilqum" safida o‘tkazdi va chinakam furor ko‘tardi. Unga etti bor raqib darvozasini ishg‘ol qilishi uchun 9 ta 90 daqiqalik kifoya qildi. 2002 yilda tavallud topgan forvard yangi mavsumni ham "oltin izlovchilar" safida o‘tkazadi. Bu safar unda yangi jamoaga moslashib olish uchun etarlicha vaqt bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, Olimpiya terma jamoasi tarkibida Olimpiyada yo‘llanma beruvchi Osiyo chempionatida ishtirok etishga haqli ekanligini isbotlashi kerak. Bu chinakamiga hujumchi uchun yangi chorlov degani! Ayni damda, markaziy hujumchiga muhtojlik sezayotgan o‘zbek futboli uchun yangi kadrlar hozir har qachongidan ko‘proq kerak.

Aziz Xolmurodov - OKMK.

f3

"Nasaf" klubining afsonaviy hujumchisi - Zafar Xolmurodovning o‘g‘li Aziz Xolmurodov yangi mavsumda OKMK sharafini himoya qiladi. "Ajdarlar" tarbiyalanuvchisi o‘tgan mavsumda asosiy tarkib bilan shug‘ullandi va bir necha bor maydonda ko‘rinish berdi. Keyin, "Turon"ga ijara asosida yo‘l oldi. Xolmurodovlarning kichigida katta potensial bor ekanligi haqida bir nechta futbol mutaxassisi fikr bildirgani bejiz emas. Yaxshi texnika, yo‘lga qo‘yilgan so‘nggi zarba va maydonni ko‘ra olish qobiliyati. Umuman olganda iqtidorli futbolchi, biroq professional futbolda bu kamlik qiladi. Umid qilamiz-ki, boshlanayotgan "sezon"da yoshartirishga e’tibor qaratgan OKMK Aziz uchun etarlicha o‘yin amaliyoti beradi. Qolgani yosh futbolchining o‘zida qolgan gap.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Ro‘yxat muallifning subektiv fikri asosida tuzilgan bo‘lib, siz ham o‘z versiyangizni kommentda yozib qoldirishingiz mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Норов Абдужалил
11/02/2024 16:46
Нефтчига утган хужумчи Бехруз ва Насафга утган Да Силва ишончни оклайди деб уйлайман.
Искандар Нарзикулов
12/02/2024 16:51
Хислатдан умидимиз катта ДИНАМОда узингни бир курсат йигитлар бу йил ДИНАМО тарихига йангилик кртинглар