Karpin Shomurodovni nega “qiyshiqoyoq” degan edi?

  • 6 noyabr, 2020, 09:55
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiya premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin yozgi transferlar vaqtida “Jenoa”ga o‘tib ketgan Eldor Shomurodovni sog‘inayotgan ko‘rinadi. Chunki, Eldorning “Rostov”dan ketganiga bir oydan oshgan bo‘lsa-da, rostovliklar ustozi u haqida ko‘p gapiryapti.

Tecno

Ta’kidlash joizki, “Rostov” transferlar mavsumi davrida asosiy futbolchilarini boshqa jamoalarga transfer qilish orqali Rossiya jamoalari orasida eng ko‘p daromad ko‘rgan klubga aylandi. Rostovliklarning transfer siyosati o‘zini oqlagani ko‘plab mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Chunki, asosiy futbolchilaridan ayrilganiga qaramay, Valeriy Karpin jamoasi hamon yuqori o‘rinlar va Evropaning mintaqaviy musobaqalari yo‘llanmalari uchun kurashni davom ettirmoqda.   

Transfermarkt portali ma’lumotiga qaraganda, rostovliklarning eng qimmat transferi “Jenoa”ning Eldor Shomurodov uchun to‘lagan 7,5 million evro miqdordagi mablag‘i bo‘ldi. Shuningdek, bu jamoa Aleksey Ionovni 3,5, Evgeniy Chernovni 3, Baxtiyor Zaynutdinovni 2, Aleksandr Zuevni 1,5 million va yana bir qancha o‘yinchini bir necha yuz mingga sotib yubordi. Olib kelingan va sotib yuborilgan futbolchilar savdosidagi balans 10,14 million evroni tashkil qildi.

15218327

Eldor Shomurodov faoliyatida murabbiy sifatida muhim rol o‘ynagan Valeriy Karpin ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lgan masalaga kuni kecha oydinlik kiritdi. Gap shundaki, o‘zbekistonlik hujumchi “Jenoa”ga o‘tganidan keyin ustozi Valeriy Karpinga minnatdorlik bildirib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirgan edi. Karpin Eldorga “Arzimaydi, qiyshiqoyoq”, deb javob qaytargandi.

Rossiyalik mutaxassisning bu javobi ancha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto Shomurodovdan intervyu olgan jurnalistlar ham undan Karpinning bu javobini qanday qabulganini so‘radi.

- Hammasi joyida. Uning gaplari hazilligini tushundim. Mashg‘ulotlarda bunaqasi ko‘p bo‘ladi. Karpin bilan doim munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan. Ketishimdan oldin Valeriy Georgich “Sen qiyshiqoyoqni buncha pulga kim oladi?”, deb kulardi, - degan edi jurnalistlar savoliga javoban Eldor Shomurodov.

v-dzhenoa-podtverdili-predstojaschij-transfer-eldora-shomurodova_16014769751877415246_2

Endi vaziyat borasida Valeriy Karpin o‘z izohini berdi.

- Eldor bizning safimizda bo‘lganida doimo uni “qiyshiqoyoq”,  deb chaqirardim. Shunga nima bo‘pti?  Bu bizning o‘zaro munosabatimiz va hazillarimiz. Bundan tashqari, uning oyoqlariga bir qarang, haqiqatan ham ular qiyshiq. Men buni osmondan olib, to‘qimaganman. Nega bunaqa ekanini bilmayman. Balki bu Eldorning O‘zbekistonda otni ko‘p mingani bilan bog‘liqdir. Oyoqlarining shakli xuddi chavandozlarnikiga  o‘xshaydi, - deydi Valeriy Karpin.

Bundan tashqari, “Rostov” bosh murabbiyi jamoaga yangi kelgan futbolchilar haqida gapirar ekan, ularni Shomurodov bilan solishtirib bo‘lmasligini ta’kidladi.

- Pontus Almkvistni Shomurodovning darajasiga etishiga hali juda erta. Uning mashg‘ulotlarga kirishganiga ko‘p bo‘lmadi.  Pontusni Eldor bilan solishtirmoqchi bo‘lsangiz, qishki yig‘inlardan keyin taqqoslab ko‘rish kerak, - degan edi Karpin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!